O‘zbekiston | 21:24 / 02.10.2023
8711
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyevning Qatarga davlat tashrifi yakunlandi 

O‘zbekiston rahbari Toshkentga jo‘nab ketdi. 

Prezident Shavkat Mirziyoyev Qatarga davlat tashrifini yakunladi. 

Shayx Hamad nomidagi xalqaro aeroportda oliy martabali mehmonni Qatar tashqi ishlar davlat vaziri Muhammad bin Abdulaziz al-Hulayfiy va boshqa rasmiy shaxslar kuzatib qo‘ydi. Davlat rahbari Toshkentga jo‘nab ketdi. 

Shavkat Mirziyoyev Dohada amir shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy bilan muzokara o‘tkazdi. Unda ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikni yanada yuqori, strategik sheriklik darajasiga olib chiqishga qat’iy intilish bildirildi. 

Muzokaralar yakunida hujjatlar to‘plami imzolandi. 

Shuningdek, prezident «EKSPO Doha - 2023» butunjahon ko‘rgazmasining ochilishida ishtirok etdi. 

Tantanali tadbirda Qatar amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy, BAA prezidenti shayx Muhammad bin Zayd Ol Nahayon, Iroq, Yaman va qator boshqa mamlakatlarning davlat va hukumat rahbarlari qatnashdi. 

Ko‘rgazma «Yashil sahro, yanada yaxshi atrof-muhit» shiori ostida o‘tkazilmoqda va kelgusi yil mart oyiga qadar davom etadi. 

Forum ishtirokchilari atrof-muhitni muhofaza qilish, ekotizimlarni rivojlantirish, «aqlli» qishloq xo‘jaligini joriy qilish, yangi turdagi ekinlarni yetishtirish, innovatsion bog‘lar yaratish va boshqa yo‘nalishlardagi ilg‘or texnologiyalar yutuqlar bilan tanishdi. 

Ko‘rgazma doirasida tashkil etilgan O‘zbekiston milliy pavilyonida intensiv dehqonchilik va chorvachilik, ekologik menejment sohalaridagi eng yangi texnologiyalar, mamlakatimiz bog‘dorchilik va oziq-ovqat tarmoqlari taqdimotlari namoyish etilgan.

Tashrif chog‘ida davlat rahbari Qatarning yirik investorlari bilan qator uchrashuvlar ham o‘tkazdi.

Mavzuga oid