Jahon | 15:01 / 04.10.2023
8362
3 daqiqa o‘qiladi

Kimyo bo‘yicha Nobel mukofoti kvant nuqtalarini o‘rgangan amerikalik olimlarga berildi

Kimyo bo‘yicha 2023 yilgi Nobel mukofoti kvant nuqtalari bo‘yicha tadqiqotlari uchun uch amerikalik olimga berildi. Ulardan birining asli kelib chiqishi Rossiyadan.

Foto: Twitter / NobelPrize

2023 yil uchun kimyo bo‘yicha Nobel mukofoti AQShdan uch nafar olimga beriladi – Mungi Bavendi, Luic Bryus va asli kelib chiqishi rossiyalik Aleksey Yekimov. Mukofot ularga kvant nuqtalarini kashf etgani va sintez qilgani uchun topshiriladi - «bu zarralar shunchalik kichikki, o‘lchamlari ularning xususiyatlarini belgilaydi» Nobel qo‘mitasi o‘z qarorini 4 oktyabr, chorshanba kuni e’lon qildi.

Laureatlar haqidagi ma’lumot sizib chiqishi

Bir kun avval, g‘oliblar e’lon qilinishidan oldin, Shvetsiyaning yirik ommaviy axborot vositalari Fanlar akademiyasi tomonidan yuborilgan elektron pochta xabarlarini e’lon qildi. Biroq, bundan ko‘p o‘tmay, Nobel qo‘mitasi vakillari Reuters va SVT telekanaliga bu xato ekanini hamda kimyo bo‘yicha bu yilgi mukofot bo‘yicha qaror hali qabul qilinmaganini aytdi. 

1901 yildan beri kimyo bo‘yicha Nobel mukofoti 115 marta berilgan, uni 190 kishi qabul qilib olgan.

2022 yilda amerikaliklar Karolin Bertotssi va Barri Sharpless, shuningdek, daniyalik Morten Meldal molekulalarni yaratish vositalarini ishlab chiqqani uchun kimyo bo‘yicha Nobel mukofoti laureatlari bo‘ldi. Mukofot ularga «klik-kimyo va bioortogonal kimyo usullarini rivojlantirish uchun» berildi. 

2021 yil uchun kimyo bo‘yicha Nobel mukofoti g‘oliblari germaniyalik Benyamin List va Britaniyada tug‘ilgan amerikalik olim Devid Makmillan bo‘ldi. Ular ushbu mukofotga assimetrik organokatalizni rivojlantirgani uchun sazovor bo‘ldi. 

2023 yil uchun tibbiyot va fizika bo‘yicha Nobel mukofoti laureatlari 

Bir kun avval, 3 oktyabr, seshanba kuni fizika bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindorlari nomi e’lon qilindi. Ular Ohayo universitetidan (AQSh) Per Agostini, Maks Plank instituti va Myunxendagi Lyudvig Maksimilyan universitetidan Ferens Kraus (Germaniya) hamda Lund universitetidan (Shvetsiya) Ann L'Ule bo‘ldi.

Nobel haftaligining birinchi kuni, 2 oktyabrda tibbiyot bo‘yicha mukofot laureatlari e’lon qilindi. Mukofot Pensilvaniya universitetidan (AQSh) Dryu Vaysman va Katalin Karikoga topshirildi, ularning ishlari koronavirusga qarshi mRNK vaksinalarini yaratishga asos bo‘lgan. 

Mavzuga oid