O‘zbekiston | 15:34
623
1 daqiqa o‘qiladi

Misr O‘zbekistonda qurilayotgan kimyo klasteri loyihasida ishtirok etmoqchi

Misrlik investor, Bell Energy kompaniyasi direktorlar kengashi raisi Haysam Husayn O‘zbekistonda energetika sohasidagi istiqbolli loyihalarga investitsiya kiritish istagini ma’lum qildi.

Foto: "Dunyo" AA

Mazkur yo‘nalishdagi hamkorlik ko‘lamini yanada kengaytirish maqsadida O‘zbekistonning Qohiradagi elchixonasi tomonidan misrlik investor va Buxoro viloyati Buxoro tumani hokimi Anvar Ochilov, viloyat investitsiya boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Muhammadjon Rayxonov, Buxoro tumanidagi Petrochem Sepehr MChJ direktori o‘rinbosari To‘lqin Xudoyqulov ishtirokida videokonferensiya shaklida uchrashuv tashkil etildi.

Unda Buxoro tumanida tashkil etilayotgan kimyo klasteri loyihasida Bell Energy kompaniyasining investor-sherik sifatida ishtiroki muhokama qilindi.

Tuman hokimi Anvar Ochilov loyiha haqida batafsil to‘xtaldi. Klasterda ishlab chiqariladigan asosiy mahsulotlar Yevropa davlatlariga eksport qilinishi ta’kidladi.

Haysam Husayn ushbu loyihani amalga oshirishda qatnashishdan manfaatdorligini bildirdi.

Tomonlar loyiha haqidagi batafsil ma’lumotlarni almashish va misrlik sarmoyador bilan navbatdagi onlayn muzokaralarni o‘tkazishga kelishib oldilar.

Mavzuga oid