Jahon | 08:56 / 04.10.2023
5872
3 daqiqa o‘qiladi

Yevrokengash rahbari: Ukraina 2030 yilgacha YeIga a’zo bo‘lishi mumkin

Ukraina va boshqa nomzod davlatlar islohotlarni amalga oshirib, korrupsiyani yengsa, Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘la oladi, deydi Sharl Mishel.

Foto: Reuters

Ukraina 2030 yilgacha Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lishi mumkin, dedi Yevropa kengashi raisi Sharl Mishel Germaniyaning Der Spiegel haftalik nashriga 3 oktyabr, seshanba kuni bergan intervyusida. Shu bilan birga, u «agar ikkala tomon ham uy vazifasini bajarsa» bunday ssenariy bo‘lishi mumkinligini ta’kidladi. «Ukraina va boshqa a’zolikka nomzodlar islohotlarni amalga oshirishi, korrupsiyaga qarshi kurashishi va qonuniy shartlarni bajarishi kerak», - deya tushuntirdi u. 

Mishelning aytishicha, Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar birgalikda nimaga erishmoqchi ekani, ustuvorliklari qayerda va nimaga pul sarflashni xohlashi haqida «aniq tushunchaga ega bo‘lishi kerak». Shu bilan birga, Yevropa Ittifoqi qaror qabul qilish jarayonini tezlashtirishi kerak, deb hisoblaydi Mishel. 

Mishel Yevropa Ittifoqining geosiyosiy ta’siri haqida 

«Boy va xavfsiz Ukraina - manfaatlarimizga mos, - dedi siyosatchi keyinroq intervyuda. - Rossiyaga qarshilik ko‘rsatganidan beri shu narsa ma’lum bo‘ldiki, Ukrainaning o‘rni Yevropa Ittifoqida. Shu bilan birga, qachonlardir emas, balki yaqin vaqt ichida. Shu tariqa, Yevropa Ittifoqi geosiyosiy nuqtai nazardan kerakli ishlarga qodir ekanini ko‘rsatadi».

Mishelning so‘zlariga ko‘ra, «butun dunyo va Vladimir Putin ham» Yevropa Ittifoqining Ukrainaga bostirib kirishi uchun Rossiyaga qarshi qattiq sanksiyalarni qanchalik tez kelishib olganidan hayratda qolgan. «Ukrainaga birinchi bo‘lib qurol yetkazib berishimizni hech kim kutmagan bo‘lsa kerak», - deya qo‘shimcha qildi u. 

Shu bilan birga, Yevropa kengashi rahbari «geosiyosiy ta’sir har doim ham faqat harbiy kuch bilan o‘lchanmasligini» ta’kidladi. «Birlashgan Millatlar Tashkilotida men Yevropa Ittifoqini qoidalarga asoslangan, ko‘p tomonlama dunyo tartibini himoya qilishda yetakchi o‘rinni egallashi tarafdoriman. Agar biz bu rolni o‘ynamasak, boshqalar bizning qadriyatlarimiz va qoidalarimizsiz dunyo tartibini yaratadi. Agar bu sodir bo‘lsa, biz hamma narsani yo‘qotishimiz mumkin».

Yevropa kengashiga rahbarlik qilgan davridagi eng jiddiy muvaffaqiyatsizlik nima, degan savolga Mishel shunday javob berdi: «Biz Rossiyaning Ukrainaga hujum qilishini to‘xtata olmadik. Buning oqibatlari dahshatli». 

Mavzuga oid