Jamiyat | 12:54 / 05.10.2023
23260
4 daqiqa o‘qiladi

Orol fojiasi haqida chiqish va Maykl Jyeksonning afsonaviy qo‘shig‘i bilan. Samarqand ekoforumi yakunlandi

Samarqand shahrida 1 oktyabr kuni boshlangan Markaziy Osiyo ekofaollari ishtirokidagi ekologik forum yakunlandi. Yopilish marosimi Samarqand sayyohlik markazidagi Samarkand Regency mehmonxonasida o‘tkazilib, unda O‘zbekiston birinchi xonimi Ziroatxon Mirziyoyeva hamda Shahnoza Mirziyoyeva ishtirok etdi.

Foto: Zamin fondi

Yopilish marosimida so‘zga chiqqan Ziroat Mirziyoyeva barcha ishtirokchilarga rahmat aytib, mintaqadagi ekologik vaziyatga barcha mas’ul ekanini ta’kidladi.

Marosimda asosiy urg‘u kutilganidek ekologiya mavzusiga qaratildi. Badiiy qismda Orol fojiasi haqida mulohazaga undovchi ajoyib sahna ko‘rinishiga uyg‘unlashgan videorolik e’lon qilindi. Sahna ko‘rinishi boshida suvga to‘lgan dengiz tasvirlari, oxirida esa dengizning qaqragan sahroga aylangani ko‘rsatildi. Sahna ko‘rinishini nutqiy nuqsoni bo‘lgan yosh yigit-qizlar maromiga yetkazib ijro etishdi. Tomoshabinlar esa ularni maxsus jyestlar bilan qo‘llab-quvvatladi.

Jurnalist, ekofaol Nikita Makarenko va Jyenisbek Piyazov ishtirokidagi navbatdagi chiqish ham Orol mavzusiga bag‘ishlandi. Klipda Orol to‘ldi va qo‘shiqdan so‘ng yosh qizaloq Orol fojiasi haqida so‘zlagan ta’sirli monologida dengiz to‘lgani ijodkorlarning orzusi ekani aytildi. «Orol to‘ladimi? Buni sayyoramiz biladi», deb tugatildi monolog.

Keyinchalik O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston va Tojikiston yoshlari o‘z mamlakatlarida iqlim o‘zgarishlariga qarshi kurash doirasida nima ishlar qilinayotganini taqdimot qilib berishdi. Ayniqsa o‘zbekistonlik va qozog‘istonlik yoshlarning chiqishlari mehmonlarda yaxshi taassurot qoldirdi.

Barcha davlat vakillari chiqishidan avval Kamoliddin O‘rinboyev dirijyorligidagi orkestr o‘sha millatning mashhur musiqalarini chalib turdi. Ekranda esa davlat bayrog‘i va o‘sha mamlakatning mashhur ekomanzillari ko‘rsatildi. Shuningdek, mintaqa davlatlari milliy qo‘shiqlari jonli ijroda kuylandi. Masalan, O‘zbekiston ekofaollari taqdimotga chiqishidan avval orkestr o‘ziga xos terma musiqa chaldi.

Ekoforum yopilish marosimida uch kun davomida guruhlarga bo‘linib, mintaqa ekohayotini yaxshilash bo‘yicha o‘z g‘oyalarini muhokama qilgan ishtirokchilar oxirgi kunda martabali mehmonlar, YUNISEF rahbariyati vakillari, ekoekspertlar qarshisida saralab olingan yakuniy takliflarini bildirishdi.

Ishtirokchilar uch kunlik muhokamalardan keyin quyidagi takliflarni ilgari surishdi:

  • davlatlar ekoloyihalarni moliyalashtiruvchi fond tashkil qilishi kerak;
  • Markaziy Osiyodagi biznes ekologik talablarga muvofiq ishlashi shart;
  • mintaqa yoshlari ekologiya bo‘yicha qonunchilik ishlab chiqishda va mavjud qonunlarga tuzatish kiritishda qatnashishi kerak. Ularning ovozlari inobatga olinishi, ekologiya vazirliklari qoshida yoshlar qo‘mitasi tashkil qilinishi, ekoqonunlar yoshlar ishtirokisiz chiqarilmasligi lozim;
  • yoshlarga ekologiya mavzusida fikr almashish uchun platforma kerak;
  • yoshlarning volontyor ekani o‘qishga kirayotganda inobatga olinishi kerak;
  • bolalar bog‘chalarida yashil burchaklar tashkil etib, bolalar ekoxabardorligini oshirish uchun bu mavzudagi multfilmlarni ko‘paytirish kerak;

Yuqori saviyada tashkil etilgan yopilish marosimining badiiy qismi afsonaviy amerikalik san’atkor Maykl Jyeksonning Earth Song (Sayyora nolasi) qo‘shig‘i bilan yakunlandi.

Mavzuga oid