Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Germaniyadagi Alisher Usmonov bilan bog‘liq obektlarda yangi tintuvlar o‘tkazildi – OAV
Tintuvda bir nechta qimmatbaho avtomobillar olib qo‘yilgani aytilmoqda. Tadbirkorning advokatlari tintuv o‘tkazilgan mulklar unga tegishli emasligini ta’kidlamoqda.
Germaniya politsiyasi va bojxonasi 6 oktyabr kuni rossiyalik milliarder Alisher Usmonovga tegishli mulklarda yangi tintuvlar o‘tkazdi. Bu haqda Reuters xabar berdi.
Germaniya bojxonasining «Matryoshka» (Matrjoschka) nomli maxsus tergov komissiyasining xabar berishicha, tergov harakatlari Myunxen va Tegernze shaharlarida bo‘lib o‘tgan. Bild gazetasining yozishicha, Alisher Usmonov to‘xtagan Rottax-Egern shahridagi villada o‘tkazilgan tintuvlar natijasida bir nechta qimmatbaho mashinalar olib qo‘yilgan.

Tadbirkor matbuot xizmati xabariga ko‘ra, tintuv o‘tkazilgan mulklar Usmonovga tegishli emas. U «bir paytlar o‘zi asos solgan» trest mulki ustidan nazorat qilish huquqiga ega emas va «trestga tegishli mulk bilan hozir nima bo‘layotganini bilolmaydi», dedi Usmonov vakili.
«O‘tkazilgan tintuv qo‘rqitish va siyosiy ta’qibning navbatdagi epizodiga o‘xshaydi», dedi Usmonov matbuot xizmati. Shuningdek, ular nemis bojxona maxsus komissiyasining «Matryoshka» deb nomlanishida tadbirkorning «millatiga ishora» borligini ko‘rishgan.

Alisher Usmonov 2022 yil kuzida Bremen portida Dilbar yaxtasida tintuv o‘tkazilgani sababli Germaniya Federal Konstitutsiyaviy sudiga da’vo arizasi bilan murojaat qilgan edi. Yaxtadagi tintuv milliarderning «uy-joy daxlsizligi» huquqini buzadi va «inson qadr-qimmatiga tajovuz hisoblanadi», deyilgan da’vo arizasida.
Germaniya Federal jinoyat politsiya boshqarmasi (BKA) o‘tgan aprel oyida Dilbar yaxtasi Usmonovning singlisi deb aytilgan Gulbahor Ismoilovaga tegishli ekanini ma’lum qilgan edi.
Shuningdek, o‘tgan yil kuzida nemis politsiyasi Usmonovga tegishli deb hisoblangan villada tintuv o‘tkazdi. Reuters ular sanksiyalardan bo‘yin tovlash, shuningdek, pul yuvish ishi bilan bog‘liqligini yozdi. Frankfurt prokuraturasining ta’kidlashicha, ismi oshkor etilmagan rossiyalik tadbirkor 2017-2022 yillar oralig‘ida millionlab yevroga teng bo‘lgan bir qancha operatsiyalarda pul kelib chiqishini yashirish uchun «kompaniyalar va korporatsiyalarning keng va murakkab tarmog‘idan» foydalangan.

May oyida Frankfurt sudi Usmonov bilan bog‘liq obektlarda tintuv o‘tkazilishini noqonuniy deb topdi. Avgust oyida Hamburg sudi ham Avstriyaning Kurier gazetasi bilan kelishmovchilikda Usmonovni haq deb topdi. Nashr o‘z maqolasida milliarder Putinning «sevimli oligarxi» obro‘siga ega ekanini ta’kidlagan. Sud bu da’voni asossiz va Usmonovning huquqlari buzilgan deb hisobladi.
Sentyabr oyida Frankfurt-Mayn hududiy sudi tuman sudining Usmonov manfaatlarini himoya qiluvchi Myunxen advokatlik idorasida tintuv o‘tkazish haqidagi qarorini bekor qilgani ma’lum bo‘ldi. Sud xulosasiga ko‘ra, prokurorlarning jinoyat sodir etilgani haqidagi dastlabki gumonlari uchun asos yo‘q va ularning dalillari «noaniq» va «asossiz». Usmonovning vakili Hududiy sud qarorini milliarderga nisbatan «qonun ustuvorligi va adolatni tiklashdagi yana bir muhim qadam» deb atadi.
Usmonov 2022 yil fevralida, Rossiyaning Ukrainaga bosqini boshlangach, Yevropa Ittifoqi sanksiyalari ostida qolgan edi. Yevropa Ittifoqi o‘z izohida Usmonovni «Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan ayniqsa yaqin aloqaga ega bo‘lgan oligarx» deb atadi. Usmonov buni rad etadi va Yevropa umumiy yurisdiksiya sudida sanksiyalarni bekor qilishni talab etmoqda.
Mavzuga oid
13:11 / 28.05.2025
NYT: Rossiya Zaporijjya AESni o‘z energotizimiga ulashni rejalashtirmoqda
10:23 / 28.05.2025
Davlat departamenti spikeri: Rossiya Trampning so‘zlarini jiddiy qabul qilishi kerak
09:03 / 28.05.2025
WSJ: Tramp Rossiyaga qarshi sanksiyalarni kuchaytirish haqida o‘ylayapti
21:34 / 27.05.2025