Foto: Xarkiv oblastidagi raketa zarbasi, 50 dan ortiq kishi halok bo‘lgan
Xarkiv oblastining Kupyansk rayonida oziq-ovqat do‘koni va kafega raketa zarbasi kelib tushishi oqibatida kamida 52 kishi halok bo‘lib, 28 kishi yaralangan, yana uch kishi bedarak yo‘qolgan deb hisoblanmoqda. Rasmiylarga ko‘ra, bu Xarkiv oblastida Rossiya bosqini boshlanganidan buyon eng ko‘p kishi o‘limiga sabab bo‘lgan zarba bo‘ldi.
Ukraina IIV dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, zarba «Iskander» raketa kompleksi bilan berilgani haqida xabar berdi.
Ukraina bosh prokuraturasiga ko‘ra, portlash 5 oktyabr kuni mahalliy vaqt bilan soat 13:25 da Groza qishlog‘ida ro‘y bergan, bu yerda 300 ga yaqin kishi yashab kelgan.
«Fuqarolik obektiga — qishloqdagi kafe-do‘konga zarba qayd etildi», — deyilgan idora xabarida.
Ukraina ichki ishlar vaziri Igor Klimenkoning xabar berishicha, zarba berilgan vaqtda kafedagi odamlar pominka (ma’raka) marosimida qatnashayotgan bo‘lgan.
«Bu yerda qishloqda vafot etganlardan birining pominkasi o‘tkazilayotgan bo‘lgan. Qishloqda jami 300 kishi yashagan, har bir uydan kamida bir kishi pominkada bo‘lgan», — degan Klimenko ukrain telemarafoni efirida.
Uning so‘zlariga ko‘ra, portlash oqibatida kafe va uning yaqinidagi do‘kon butkul vayron bo‘lgan.
Qurbonlar orasida - sakkiz yoshli bola ham bor, yana bir bola tan jarohati olgan.
Xarkiv oblasti ma’muriyati rahbari Oleg Sinegubovning so‘zlariga ko‘ra, qurbonlarning barchasi Groza qishlog‘ida yashab kelgan aholi vakillari edi.
Xarkiv oblastida 6-8 oktyabr qurbonlar xotirasiga motam kunlari deb e’lon qilingan.
Rossiya tomoni zarba yuzasidan izoh bermagan.
Ukraina prezidenti ofisi rahbari Mixaylo Podolyak qishloqqa hujum hech qanday harbiy mantiqqa to‘g‘ri kelmasligini bildirgan.
Hozirda Ispaniyada Yevropa yetakchilari bilan uchrashuvda bo‘lib turgan Volodimir Zelenskiyning o‘zi telegram kanalida zarba haqida birinchilardan bo‘lib xabar berdi.
«Yaqinlari va do‘stlarini yo‘qotgan barchaga hamdardlik bildiraman! Yaralanganlarga yordam ko‘rsatiladi», — deya yozgan u.
«Rossiyani haligacha qo‘llab-quvvatlayotgan har bir kishi yovuzlikni qo‘llab-quvvatlamoqda. Bu va shunga o‘xshash teraktlar Rossiyaga faqat bir narsa uchun kerak: o‘zining genotsidli tajovuzkorligini butun dunyo uchun yangi normaga aylantirish uchun. Va men hayotni himoya qilishda bizni qo‘llayotgan har bir yetakchi, har bir xalqqa minnatdorchilik bildiraman!» — degan yana Zelenskiy.
U Yevropa yetakchilari bilan Ukrainaning havo hujumidan mudofaa tizimini kuchaytirish masalasini muhokama qilayotganini bildirgan.
Xarkiv oblasti harbiy ma’muriyati vakili Yelena Shapovalning ta’kidlashicha, payshanba kungi raketa zarbasi Xarkiv oblastida Rossiya bosqini boshlanganidan buyon qurbonlar soni ko‘pligi bo‘yicha eng yirigi bo‘ldi.
Urush boshlanganidan buyon ko‘plab qurbonlarga sabab bo‘lgan ko‘plab yirik zarbalar berilgan, quyida ularning ayrimlari keltiriladi:
- 2022 yil martida qamaldagi Mariupolda drama teatri binosi bombardimon qilinadi, bu yerda tinch aholi vakillari yashiringandi. Qurbonlar soni bo‘yicha rasmiy ma’lumotlar yo‘q, ammo BBC nashri manbalaridan biri bu yerda halok bo‘lganlar soni 300 kishiga yetishi mumkinligini aytgan, boshqa manbalar qurbonlar soni 600 nafar atrofida bo‘lganini xabar qilgan.
- 2022 yil iyulida Vinnitsaga hujum oqibatida kamida 23 kishi halok bo‘lgan, shundan uch nafari bolalar edi.
- 2023 yil yanvarida Dniprodagi turar joy binosiga rossiyaliklar raketasi kelib tushishi oqibatida 40 kishi halok bo‘lgandi.
Mavzuga oid
14:17
Vengriya Ukraina bilan chegarada HMM tizimlarini o‘rnatish niyatida
09:12
Britaniya Ukrainadagi vaziyat keskinlashganini ma’lum qildi
22:23 / 21.11.2024
Rossiya «Rubej»ni ishga soldi. Bu raketa yadroviy kallakni ham olib ucha oladi
21:52 / 21.11.2024