Jahon | 09:40 / 07.10.2023
7493
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh ikki nafar rossiyalik diplomatni chiqarib yuboryapti

Foto: AP

Rossiyaning AQShdagi elchixonasi ikki xodimi persona non grata deb e’lon qilindi. Bu sentabr oyida ikki amerikalik diplomatni chiqarib yuborgan Rossiyaning xuddi shunday harakatiga javobdir.

AQSh Davlat departamenti Rossiyaning shu kabi harakatlariga javoban Rossiya elchixonasi ikki xodimi mamlakatdan chiqarib yuborilishini e’lon qildi. «Davlat departamenti Rossiya hukumatining diplomatlarimizni ta’qib qilish bilan tavsiflangan xatti-harakatlariga toqat qilmaydi», deyiladi AQSh tashqi siyosat idorasi 6 oktyabr, juma kuni e’lon qilgan bayonotda.

Bu bilan Vashington Moskvaga «Moskvadagi elchixona xodimlariga nisbatan nomaqbul xatti-harakatlar oqibatlarga olib kelishi haqida aniq signal yubormoqda», deyiladi press-relizda. Mamlakatdan chiqarib yuboriladigan Rossiya elchixonasi xodimlarining ism-shariflari va lavozimlari oshkor etilmagan.

AQSh diplomatlarini chiqarib yuborish va Robert Shonovga qarshi ish

14 sentabr kuni Rossiya Tashqi ishlar vazirligi AQShning Moskvadagi elchixonasi birinchi va ikkinchi kotiblari Jyeffri Sillin va Devid Bernstaynni persona non grata deb e’lon qildi. Ularning ismlari «FSB» tomonidan Amerikaning Vladivostokdagi bosh konsulligi sobiq xodimi Robert Shonovga qo‘yilgan ayblovlarda ko‘rsatilgan, uning hibsga olingani may oyida ma’lum bo‘lgandi. «FSB» ma’lumotlariga ko‘ra, Shonov Qo‘shma Shtatlar elchixonasi xodimlarining ko‘rsatmalariga binoan urush, safarbarlik va norozilik harakatlari haqida ma’lumot to‘plagan. Maxsus xizmat ayblanuvchining aybiga iqror bo‘lgan videoni e’lon qildi.

Shonov Rossiya Jinoyat kodeksining 275.1-moddasi («Xorijiy davlat bilan maxfiy hamkorlik») bo‘yicha sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin. U Jinoyat kodeksiga Rossiyaning Ukrainada keng ko‘lamli harbiy harakatlari boshlanganidan keyin qo‘shilgan. Davlat departamenti avvalroq Shonovga qo‘yilgan ayblovlarni asossiz deb atagandi.

Mavzuga oid