Iqtisodiyot | 18:58 / 07.10.2023
28988
9 daqiqa o‘qiladi

Jazolangan bank, RFdan gaz importi, tok uchun tabaqaviy tariflar - “Iqtisodiy taymlayn”

Shubhali tarzda xususiylashtirilgan bank xususiylashtirish shartlaridan birini bajarmadi. O‘zbekiston ilk marta milliy valutada “yashil” yevrobond chiqardi. Rossiyadan gaz importiga rasman start berildi. Uyida haddan ortiq ko‘p elektr toki ishlatganlar yuqoriroq tarifda to‘lay boshlaydi. Yakunlanayotgan haftaning iqtisodiy yangiliklari – “Iqtisodiy taymlayn”da.

O‘zbekiston Rossiyadan gaz importini boshlayapti

7 oktyabr kuni O‘zbekiston, Qozog‘iston va Rossiya prezidentlari shu munosabat bilan Moskvada tashkil etilgan tadbirda yangi yo‘nalishdagi gaz oqimiga tantanali ravishda start berdi.

Gaz uzatish O‘rta Osiyo – Markaz magistral quvurlari tarmog‘i orqali teskari tartibda yo‘lga qo‘yilmoqda. Bu tarmoq orqali keladigan Rossiya gazining bir qismi Qozog‘istonning Shimoliy hududlariga, asosiy qismi esa O‘zbekistonga yo‘naltiriladi.

“UzGasTrade” va “Gazprom eksport” o‘rtasidagi tijoriy shartnoma 2 yil muddatga tuzilgan bo‘lib, uning doirasida kuniga 9 mln kubmetr, yiliga qariyb 2 milliard 800 million kubmetr tabiiy gaz xarid qilinishi kelishilgan. Rossiya prezidenti Vladimir Putin bu miqdor oshirilishi mumkinligini aytdi.

Ko‘p tok ishlatadigan ko‘p to‘laydi

1 noyabrdan boshlab, xonadonlarning oylik energiya iste’moli 1000 kilovatt soatdan oshgan taqdirda, bu miqdordan ortiq hajmdagi energiya uchun 2 barobardan 4 barobargacha oshirilgan tariflarda hisob-kitob qilinadi. Bu tartib respublikadagi 7,6 million xonadonning qariyb 150 mingtasiga – aksar holatlarda o‘ziga to‘q yoki badavlat aholi qatlamiga ta’sir qiladi, shu orqali mazkur toifaning davlat budjetidan arzon energiya uchun istagancha miqdorda subsidiya olish imkoniyati yo‘qoladi.

Ma’lum bo‘lishicha, bu tartib 2023 yil 15 iyuldagi hukumat qarori bilan joriy etilgan. Unga ko‘ra, 2023 yil 1 noyabrdan e’tiboran, elektr energiyasining quvvati o‘rtacha oylik iste’mol miqdoridan oshib ketgan xonadonlarga:

  • 1001 kilovatt soatdan 5000 kilovatt soatgacha iste’mol uchun belgilangan tarifga nisbatan 2 barobar;
  • 5001 kilovatt soatdan 10 000 kilovatt soatgacha iste’mol uchun belgilangan tarifga nisbatan 3 barobar;
  • 10 000 kilovatt soatdan yuqori iste’mol uchun belgilangan tarifga nisbatan 4 barobar o‘suvchi koeffitsiyent qo‘llanadi.

Eslatib o‘tamiz, hozirda maishiy iste’molchilar uchun elektr energiyasi bazaviy tarifi 1 kWh uchun 295 so‘mni tashkil etadi.

Energetika vazirligi bayonotiga ko‘ra, mazkur o‘suvchan koeffitsiyent aholi iste’molchilarining 98 foiziga ta’sir qilmaydi. Chunki mamlakatdagi 7 million 589 mingdan ziyod abonentning faqat 146 mingdan ortig‘i 1000 kWhdan ko‘p elektr energiyasi yoqadi. Ularning 10 ming nafarigina oyiga 5 ming kWhdan oshiq, 4 mingdan ortiq xonadon esa oyiga 10 ming kWhdan ziyod elektr energiyasi iste’mol qiladi. Yangi tartib bilan badavlat qatlamning xarajatlarini davlat tomonidan subsidiyalash keskin qisqaradi.

Energetika bozori regulyatori tashkil etilmoqda

28 sentabr kungi farmonga asosan, Energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish agentligi faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Agentlik faqat elektr energiyasi bozori bo‘yicha vakolatli organga aylanadi, ya’ni uning faoliyati tabiiy gaz sohasiga taalluqli bo‘lmaydi. Regulyator faoliyati davomida Vazirlar Mahkamasiga hisobdor bo‘lishi belgilandi.

Energoregulyator zimmasiga elektr energiyasining raqobatga asoslangan ulgurji va chakana bozorlarini bosqichma-bosqich tashkil etish, elektr energiyasi bozorida raqobatni qo‘llab-quvvatlash, bozor ishtirokchilari uchun teng huquqlilik va shaffoflikni ta’minlovchi qonun-qoidalarga rioya etilishi uchun davlat nazoratini o‘rnatish, bozor ishtirokchilarini litsenziyalash va boshqa vazifalar yuklatildi.

2026 yildan boshlab elektr energiyasini uzatish va taqsimlash uchun tegishli tariflarni Energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish agentligi belgilaydi.

Shuningdek, farmon bilan, “O‘zenergosotish” AJ tashkil etilyapti. 2024 yil 1 iyundan boshlab, “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJning elektr energiyasini markazlashgan tartibda sotib olish va sotish funksiyasi “O‘zenergosotish” kompaniyasiga o‘tkaziladi.

Sentyabrda inflatsiya 1,24 foizni tashkil etdi

O‘zbekiston Statistika agentligi 2023 yilning sentabr oyida 1,24 foizlik inflatsiyani qayd etdi. Bu so‘nggi uch yil ichida ushbu oydagi eng yuqori ko‘rsatkich va 2023 yil boshidan buyon eng katta o‘sishdir.

Rasmiylarga ko‘ra, o‘tgan oyda oziq-ovqat mahsulotlari o‘rtacha 1,8 foizga, nooziq-ovqat mahsulotlari 1 foizga, xizmatlar 0,6 foizga qimmatlashgan.

Sentyabrda o‘tgan oydagi kabi respublikaning barcha hududlarida benzin narxlari oshgan. Bu yoqilg‘i turida inflatsiya mamlakat bo‘yicha o‘rtacha 2,3 foizni tashkil etgan.

O‘tgan oyga nisbatan bug‘doy uni narxi 15,7 foizga ko‘tarilgan, ammo bu mahsulotning yillik inflatsiyasi unchalik yuqori bo‘lmagan – 4,1 foiz.

Statistika organining qayd etishicha, so‘nggi 12 oylik davrdagi inflatsiya 9,19 foizga tezlashgan. Yil davomida oziq-ovqat mahsulotlari o‘rtacha 11 foizga, nooziq-ovqat mahsulotlari 7,6 foizga, xizmatlar 8,2 foizga qimmatlashgan.

Markaziy bank AVO bank'ni jazoladi

Markaziy bank sobiq O‘zagroeksportbank, hozirgi AVO bank’ka ustav kapitaliga oid talabni bajarmagani uchun kreditlash va boshqa xarajatlarni moliyalashtirish hamda depozit operatsiyalarini amalga oshirishni taqiqladi.

2023 yil 1 sentabrdan e’tiboran bank ustav kapitalining eng kam miqdori 200 mlrd so‘m bo‘lishi kerakligi belgilangan. Lekin AVO bank ustav kapitali 105 mlrd so‘mni tashkil etib, belgilangan miqdorga yetmagan. Eslatib o‘tamiz, bu bank shu yil boshida xususiylashtirilgan, bu jarayon shaffof tarzda ro‘y berganiga doir qator savollar ochiq qolgan edi.

Ayni paytda AVO bank banklarning ustav kapitali bo‘yicha yangi talabni bajarmagan yagona bank ekani aniq emas. Norasmiy manbalar bunday banklar soni 5 ta ekanini aytmoqda. Markaziy bank bunga aniqlik kiritishi mumkin bo‘lgan, tijorat banklari faoliyatining asosiy ko‘rsatkichlariga doir doimiy hisobotini noodatiy tarzda avgust oyi uchun taqdim etmadi.

O‘zbekiston “yashil” suveren xalqaro obligatsiyalarni chiqardi

O‘zbekiston ilk bor 4,25 trln so‘m miqdoridagi “yashil” suveren xalqaro obligatsiyalarni London fond birjasida joylashtirdi. Iqtisodiyot va moliya vazirligi xabariga ko‘ra, so‘mda chiqarilgan suveren xalqaro obligatsiyalar MDH davlatlari ichida ilk “yashil” suveren obligatsiyalar hisoblanadi.

“Yashil” obligatsiyalar bo‘yicha kelib tushadigan mablag‘lar suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish, temiryo‘l va metro transportini rivojlantirish, sanitar tozalash ishlarini tashkil etish va aholi punktlarida tozalikni ta’minlash, shamol eroziyasiga va suv xo‘jaligi obektlarining qum bosishiga qarshi ihota daraxtzorlari barpo etish kabi “yashil” loyihalarni moliyalashtirish uchun yo‘naltiriladi.

Milliy valutadagi “yashil” obligatsiyalarga bo‘lgan talabning yuqoriligi 3 yillik so‘mdagi obligatsiyalarning foiz stavkalarini kutilgan 18 foizdan 16,25 foizga tushirishga muvaffaq bo‘lingan.

Bundan tashqari, hukumat 660 mln dollar miqdoridagi 5 yillik xalqaro obligatsiyalarning navbatdagi transhini ham London birjasiga joylashtirdi. Bu yevrobond bo‘yicha stavka 8,125 foizni tashkil etgan.

Suveren obligatsiya chiqarish – davlatning xalqaro investorlardan qarz olishi demakdir. Obligatsiyani sotib olgan investorlarga yillik foiz to‘lovi to‘lab boriladi, asosiy qarz esa belgilangan muddat oxirida qaytariladi.

Jahon banki O‘zbekistonda iqtisodiy o‘sish prognozini yaxshiladi

Muassasa ekspertlari O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti o‘sishini joriy yilda taxminan 5,5 foiz, kelasi yilda esa 5,6 foiz bo‘lishini prognoz qilmoqda.

Jahon banki hisobotiga ko‘ra, O‘zbekiston hukumatining ijtimoiy himoya dasturlari kengayganiga qaramay, pul o‘tkazmalari va shaxsiy iste’mol o‘sishining sekinlashishi kambag‘allikni kamaytirishda kutilayotgan yutuqlarni cheklashi mumkin. 2023 yilda kambag‘allik darajasi birozgina pasayib, 13,9 foizga tushishi kutilyapti.

Xalqaro iqtisodchilar jahonda oltin, tabiiy gaz va mis narxlarining yuqoriligi, shuningdek, tarkibiy o‘zgarishlar natijasida iqtisodiyot tarmoqlarida ishlab chiqarishning ko‘payishini O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun potensial ijobiy tendensiyalar sifatida qayd etgan.

Madina Ochilova tayyorladi.
Operator va montajchi – Asror Almurodov.

Mavzuga oid