Jahon | 09:56 / 08.10.2023
33647
15 daqiqa o‘qiladi

«Kalininlar ishi» – SSSRda urush faxriylarini o‘ldirib, ordenlarni olib ketib sotgan er-xotin qanday ushlangandi?

1980-yillar boshida SSSRning turli hududlarida jinoiy guruh urush faxriylarini o‘ldirib, ularning qimmatbaho orden va medallarni olib keta boshlaydi. Ko‘p o‘tmay guruhning ikki a’zosi, er-xotin ushlanadi. Boshqalarni topishning iloji bo‘lmaydi. Sud erkakka o‘lim, ayolga 15 yil qamoq jazosi tayinlaydi.

Fotokollaj: Kun.uz

Bugun SSSR davri haqida gap ketganda ayrim yurtdoshlarimiz «jinoyatchilik yo‘q edi, odamlar farovon yashardi» deyishadi. Odamlarning qanchalik «farovon» yashagani bu alohida mavzu. SSSRda jinoyatchilik yo‘q edi degan gap yolg‘on.

Zo‘ravonlik ustiga qurilgan bu davlatda har yili ko‘plab jinoyatlar sodir etilardi. Biroq bu haqda odamlarga bildirilmas, ular ommadan yashirilardi.

Chingiz Aytmatovning 1980-yil o‘rtalarida chop etilgan «Qiyomat» romanini eslaylik. Roman qahramoni Avdiy Kalistarov viloyatdagi bosh gazetada muxbir bo‘lib ishlaydi va Qozog‘iston cho‘llarida o‘sib turgan yovvoyi nasha SSSRning turli hududlariga qanday tarqatilayotgani haqida maqola qilmoqchi bo‘ladi.

Avdiyni Qozog‘istonga yuborgan gazeta bosh muharriri yigit maqolani yozib borganidan so‘ng uni chop etishni xohlamaydi. Chunki o‘sha paytlarda SSSRda giyohvandlik avj olayotgani va yoshlar orasida bu zahri qotilni iste’mol qiluvchilar ko‘payib borayotgani zo‘r berib yashirilardi.

Odamlarga «SSSRda odamlar baxtli va farovon yashayapti, giyohvandlik, jinoyatchilik umuman yo‘q deb uqtirilardi. Aslida esa giyohvandlik ham bor edi, jinoyatchilik ham.

Masalan, 1980-yillar boshida jinoiy guruh ko‘plab urush faxriylarini o‘ldirib, qimmatbaho orden va medallarini olib ketganda bu ish ham boshqa jinoyatlar kabi ommadan yashiriladi.

Sovet davrida ommadan yashirilgan juda ko‘p voqea va hodisalar zulm saltanati – SSSR parchalanib ketgandan so‘ng oshkor bo‘ldi. Jumladan, urush faxriylarining o‘ldirib ketilishi ham.

Qotillik haqida xabar

1983 yilda SSSRdagi markaziy gazetalardan bir nechtasi Smolensk viloyati Ugran tumani Baskakov qishlog‘ida sodir bo‘lgan jinoyat haqida yozib chiqadi. Ma’lum bo‘lishicha, noma’lum shaxslar ikki nafar urush faxriysini o‘ldirib, ularning barcha orden va medallarini olib ketishgan.

Ko‘p o‘tmay Moskvada yashovchi Sovet ittifoqi qahramoni, vitse-admiral Georgiy Xolostyakov va uning rafiqasi ham o‘ldirib ketiladi. Shundan so‘ng aholi orasida vahima tarqaladi.

Urush faxriylarining o‘ldirilishi hatto xorijda ham ovoza bo‘ladi va AQShda chop etiladigan Los-Anjyeles Tayms gazetasida «SSSRda Brejnevning do‘stlarini o‘ldirishni boshlashdi» degan xabar beriladi.

Amerikaliklarning bunday sarlavha qo‘yishiga ham qisman asos bor edi. 1982 yil 10 noyabr kuni Leonid Brejnev vafot etgach uning o‘rniga SSSR rahbari bo‘lgan sobiq KGB rahbari Yuriy Andropov mamlakat bo‘ylab juda katta tozalash o‘tkazadi.

U Brejnevga yaqin bo‘lgan ko‘plab insonlarni ishdan oladi. Ularning aksariyati qamaladi. Jumladan, Brejnev bilan bolalikdan do‘st bo‘lgan SSSR ichki ishlar vaziri Nikolay Shchyolokov ham Andropovning nishoniga aylanadi.

Andropov SSSR taxtiga o‘tirgandan bir oy o‘tib, eng birinchi Shchyolokovni ishdan bo‘shatadi. Keyinchalik sobiq vazir barcha unvonlardan va davlat mukofotlardan mahrum qilinadi. So‘ng unga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atiladi.

Bundan tashqari, Brejnev o‘lgandan so‘ng u bilan yaqin bo‘lgan Rashidovning ham boshida qora bulutlar aylana boshlaydi. Andropov nima qilib bo‘lsa ham Rashidovdan qasos olishni istardi. Biroq uni ishdan bo‘shatishga va jazolashga ulgurishmaydi, O‘zbekiston rahbari vafot etadi.

Vitse-admiral va rafiqasining o‘ldirilishi

1983 yil 22 iyul kuni Moskva shahrida joylashgan militsiya bo‘limidagi telefon jiringlaydi. Bir qiz keksa yoshdagi bobosi va buvisini noma’lum shaxslar o‘ldirib ketganini aytadi.

Hodisa joyiga darhol tezkor guruh yetib boradi. Marhumlarning shaxsiga aniqlik kiritilganda ular mashhur vitse-admiral Georgiy Xolostyakov va uning xotini ekani ma’lum bo‘ladi.

Jinoyat sodir bo‘lganda admiralning 20 yoshli nabirasi qo‘shni xonada uxlayotgan bo‘lgan va u hech narsani sezmagan. O‘rnidan turganda bobosi va buvisining jasadiga ko‘zi tushadi va darhol militsiyaga qo‘ng‘iroq qiladi. Admiral o‘ldirilganda 81 yoshda edi.

Xolostyakov mamlakatda juda taniqli shaxs edi. U nemislarga qarshi urushda Qora dengiz floti rahbarlaridan biri bo‘lgan. Urushdan so‘ng ancha yillar SSSR harbiy-dengiz flotida yuqori lavozimda xizmat qilgandi.

Georgiy Xolostyakov va uning xotini 
Foto: yaplakal.com

Admiral va uning xotinini o‘ldirib ketishgani haqida Ichki ishlar vazirligi va Mudofaa vazirligi rahbarlari xabar topgach ishni ochish uchun Moskva shahar IIB jinoyat qidiruv boshqarmasidan eng tajribali xodimlar jalb etiladi.

Admiral yashagan tumanda 51 ta militsiya bo‘limi bo‘lib, barcha oyoqqa turg‘iziladi va qotilni qidirish boshlab yuboriladi.

Avvaliga admiral shaxsiy xusumat tufayli o‘ldirilgan degan taxmin ham bildiriladi. Biroq 81 yoshli keksa kishi hech kim bilan yomon munosabatda bo‘lmagani oydinlashgach bu taxmin yo‘qqa chiqadi.

Xodimlar bilan suhbatda admiralning nabirasi Natasha Moskva davlat universiteti talabalari haqida gapirib qoladi. Admiral bir necha bor MDU talabalari o‘zidan intervyu berishni so‘rashgani haqida gapirgan ekan.

Talabalar admiralga ikkinchi jahon urushi haqidagi ocherklardan kitob qilishmoqchi ekanini, shunga material to‘plab yurishganini aytishgan. Biroq MDU rahbariyati ikkinchi jahon urushi haqida hech qanday kitob tayyorlanmayotganini ma’lum qiladi.

JQB xodimlari jinoyatchilar admiralning kvartirasiga bemalol kira olgan va u Georgiy Xolostyakov bilan avvaldan tanish bo‘lgan degan taxminga kelishadi.

Kvartirani ko‘zdan kechirish chog‘ida xodimlar urush faxriysining bir nechta orden va medallari va qimmatbaho buyumlar yo‘qligini aniqlashadi. Ularni jinoyatchilar olib ketgandi.

Hammasi ravshan edi, qotillar Georgiy Xolostyakov o‘ziga to‘q yashaganini va unda ko‘plab orden va medallar borligini bilishgan. Admiralni aynan ularni olib ketish uchun o‘ldirishgan.

Jinoyatchilar admiralning uyidan Oltin Yulduz, uchta Lenin, uchta Qizil Bayroq, Suvorov, ikkita Ushakov, Qizil yulduz ordenlarini, shuningdek, Xolostyakovga berilgan Yugoslaviya, Bolgariya, Britaniya, Chexoslovakiya, Ruminiya, Vengriya va boshqa xorijiy davlatlarning oliy mukofotlari hisoblangan ordenlarni olib ketgandi.

O‘sha paytda SSSRda qimmatbaho va tarixiy buyumlar savdosi avj olgan qora bozor shakllanib bo‘lgan. Unday narsalarning xaridori asosan xorijliklar edi. Jumladan, admiralning uyidan olib ketilgan orden va medallarni salmoqli pulga sotish mumkin edi.

Shundan so‘ng xodimlar ichki ishlar vazirligi orqali barcha respublikalardan ma’lumot olishadi. Shunda so‘nggi ikki yilda Rossiya, Ukraina, Moldaviya va Latviyada ellikka yaqin urush faxriylari o‘ldirib ketilgani aniqlanadi.

Jinoyatlarning birontasi ochilmagan va qotillar ushlanmagan edi. Ulardagi tafsilotlarga ko‘ra, urush faxriylariga o‘zini MDU talabalari deb tanishtirgan bir qiz va yigit yoki ikki nafar talaba, boshqasida o‘zlarini jurnalistlar deb tanishtirgan ikki yigit intervyu so‘rab murojaat qilgan. Ko‘p o‘tmay faxriylar o‘ldirilib, ularning orden va medallari olib ketilgan.

Shundan so‘ng Ichki ishlar vazirligi barcha urush faxriylari bir necha kishidan iborat guruh tomonidan o‘ldirilgan degan xulosaga keladi va butun ittifoq bo‘ylab qidiruv e’lon qiladi.

Qotillarning qo‘lga olinishi

Joylarda militsiya xodimlari turli shaharlarda qimmatbaho eski buyumlar bilan ishlovchi olibsotarlar va kolleksionerlarni tekshira boshlashadi.

Suhbatlardan birida moskvalik olibsotarlardan biri Ivanovo shahrida yashovchi Gena ismli yigit o‘ziga bir qancha ordenlarni sotib ketganini aytib qoladi.

Tezkor guruh darhol Ivanovoga boradi va Genani qo‘lga oladi. U 26 yoshli Gennadiy Kalinin bo‘lib chiqadi. Kalinin haqida ma’lumot to‘plashganda bu yigit bir necha marta o‘g‘irlik va firibgarlik uchun jazolangani aniqlanadi.

Kalinin ilk o‘g‘rilikni 1980 yilda, 23 yoshida boshlagandi. O‘shanda u urush faxriylaridan birining ordenini o‘g‘irlaydi va 200 rublga sotadi. Keyinroq o‘g‘irlagan Oltin Yulduz ordenini 1000 rublga sotadi.

Ko‘p o‘tmay Kalinin Odessaga «gastrol»ga borganida Inna Gavrilova ism-sharifli qiz bilan tanishadi va unga uylanadi. Shundan so‘ng er-xotin talonchilikni birga qila boshlashadi.

Urush faxriylari yoqimtoy qiz va yigitdan shubhalanishmas va ularni uylariga kirgizishardi. Er-xotin vaziyatga qarashar, agar orden va medallarni o‘g‘irlab chiqib ketishning iloji bo‘lmagan vaziyatlarda urush faxriylarini o‘ldirishardi.

Tergovda aniqlanishicha Kalinin va uning xotini SSSR bo‘ylab quloch yoygan juda katta jinoiy guruh tarkibida ishlashgan. Guruhda hammaning o‘z ishi bo‘lgan.

Orden va medallar uchun urush faxriylarni o‘ldirish bilan shug‘ullangan er-xotin Kalininlar

Kalinin xotini bilan, yana 5-6 nafar yigitlar orden hamda medallarni o‘g‘irlab aytilgan odamga yetkazishadi va undan o‘z ulushlarini olishadi. Boshqalar esa orden va medallarga xaridor izlab topish, ularni aylanma yo‘llar bilan yashirincha xorijga chiqarish kabi ishlar bilan shug‘ullanishgan.

Guruh a’zolari o‘z «qurbon»larini turli shahar va qishloqlarda jamoat joylariga ilib qo‘yilgan fotosuratlar orqali topishgan. (Sovet davrida sotsialistik mehnat ilg‘orlari, urush faxriylari va boshqa qahramonlarning surati ostiga ism-shariflari yozilgan holda har qadamda ilib qo‘yilardi).

Fotosuratlarda urush faxriylari parad kiyimida barcha orden va medallarni taqqan holda bo‘lardi. Jinoyatchilar shunga qarab odam tanlashardi va keyin «o‘lja»ning manzilini aniqlab, oldiga borishardi.

Er-xotin ba’zida o‘g‘irlangan orden va medallarni jinoiy guruh a’zosiga topshirmay o‘zlari sotishgan. Admiralning orden va medallarini ham o‘zlari sotishadi. Oxir-oqibat bu ish ularning fosh bo‘lishiga sabab bo‘ladi.

Gennadiydan so‘ng ko‘p o‘tmay Inna ham qo‘lga olinadi. Ular ushlangandan so‘ng guruhning qolgan a’zolari nom-nishonsiz g‘oyib bo‘lishadi.

Tergov va sud

Tergov davomida Gennadiy Kalinin jinoiy to‘da safiga 1980 yil qo‘shilganini, ko‘p o‘tmay bu ishga hali voyaga yetmagan Innani ham tortganini aytadi. Keyinroq yigit qizga uylanadi va Inna uning familiyasiga o‘tadi.

Ma’lum bo‘lishicha er-xotin Kalininlar o‘zaro topishgandan so‘ng «orden ovi» uchun SSSRning 19 ta shahrida bo‘lishgan, uch yil davomida 39 ta jinoyat sodir etishgan.

Ular o‘zlarini MDU talabalari deb tanishtirishgan va shu yo‘l bilan urush faxriylari yashayotgan uylarga kirib borishgan. Agar urush faxriysi yolg‘iz yashayotgan bo‘lsa, undan ichish uchun suv so‘rashgan.

Faxriy suvga chiqqan paytda kiyimlardan ordenlarni yulib olib, tezda qochib qolishgan. Mabodo urush faxriylari yolg‘iz bo‘lishmasa ordenlarni olish uchun ularni o‘ldirishgacha borishgan.

Er-xotin o‘z faoliyati davomida ellikdan ortiq Lenin, oltita Sovet ittifoqi qahramoniga beriladigan oltin yulduz ordenlari, yettita Sotsialistik mehnat qahramoniga beriladigan oltin medal va yana ko‘plab orden va medallarni o‘g‘irlashgani aniqlanadi.

Er-xotin orden o‘g‘irlab berishgani uchun jinoiy to‘dadan 40 ming rubl ishlashgan. Admiral Georgiy Xolostyakovning o‘ldirilishi ularning oxirgi ishi edi.

Tergov jarayonida Kalinin admiralni qanday o‘ldirganini aytib beradi. Ma’lum bo‘lishicha u Tolstyakovning uyiga uch marta borgan. Birinchisida o‘zi borgan va tafsilotlarni eshitgan.

Ertasi kuni xotini Inna bilan borgan va uni hamkurs deb tanishtirgan. O‘sha kuni admiralning oldiga kimdir kelib qoladi va operatsiya yana amalga oshmaydi.

Uchinchi urinishda er-xotin ikkalasi ertalab admiralning uyiga borishadi, mezbon hayron qolganda talabalarni kartoshka terimiga olib chiqishayotgani uchun vaqtli kelganlarini aytishadi.

Suhbat paytida Kalinin ichishga suv so‘raydi. Admiralning xotini oshxonaga chiqqanda Inna unga ergashadi. Shu tariqa Kalinin admiralni mehmonxonada, Inna uning xotinini oshxonada o‘ldiradi. So‘ng orden va medallarni olib chiqib ketishadi.

Tergov bir yarim yil davom etadi va er-xotin Kalininlar ishlagan jinoiy guruh a’zolaridan boshqa hech kimni tutishning iloji bo‘lmaydi. 1984 yilda o‘tkazilgan sud majlisida Kalininga o‘lim jazosi, xotini Innaga 15 yil qamoq jazosi beriladi.

Ko‘p o‘tmay hukm ijro etiladi va Kalinin otib tashlanadi. Xotini Innaning taqdiri esa noma’lumligicha qoladi.

O‘sha paytda «Kalininlar ishi» deb atalgan mazkur jinoyat ishi ommadan yashirilgan. Odamlar uning tafsilotlari haqida SSSR parchalanib ketgandan so‘ng xabar topishadi.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid