Sport | 13:55 / 08.10.2023
33825
18 daqiqa o‘qiladi

«MYu»da fantastik kambek va darvozabonga aylangan Jiru. Kun o‘yinlari yakunlari

Bellinghem «Real»dagi faoliyatini Ronaldudan kuchliroq boshladi. Shanba oqshomida Yevropa chempionatlarida ro‘y bergan asosiy voqealar, o‘yinlardagi gollar va turnir jadvallaridagi vaziyat.

Angliya: Ten Hagni kutilmagan qahramonlar qutqardi, «Tottenhem» birinchi o‘rinda

Foto: MATTHEW ASHTON/GETTY IMAGES

«Luton» – «Tottenhem» 0:1
Gol:
0:1 – 52 van de Ven.
Luton – Kaminski, Berk, Loker (Barkli, 81), Andersen (Menji, 59), Dauti, Raddok-Mpanzu (Chong, 67), Nakamba, Braun (Berri, 66), Morris, Adebayo (Vudrou, 67), Ogbene.
Tottenhem – Vikario, Porro, Romero, van de Ven, Udodji (Devis, 82), Meddison (Skipp, 76), Bissuma, Kulusevski (Velis, 90), Sarr, Son Xin Min (Emerson, 76), Risharlison (Heyberg, 46).
Ogohlantirishlar: Loker (19), Morris (34), Bissuma (38), Heyberg (68).
Chetlatish: Bissuma (45).

Kunning birinchi o‘yini natijasini oldindan taxmin qilish mumkin edi. «Arsenal» va «Manchester Siti» o‘rtasidagi yakshanba kungi to‘qnashuvga qadar birinchi o‘ringa chiqib olish imkoniga ega bo‘lgan «Tottenhem» autsayderga qarshi o‘yinni raqib darvozasi atrofida o‘tkazdi. Birinchi bo‘limda «Luton»ning ochiqchasiga omadi keldi — «shporlar» vaziyatlaridan foydalana olganida hisob o‘yin startidayoq yirik ko‘rinish olgan bo‘lardi.

Ammo darhol hisobni ocha olmagan mehmonlar tanaffusgacha ham buni uddalay olishmadi, shu bilan birga gol ham o‘tkazib yuborildi, faqat ofsayd tufayli gol hisoblanmadi. Birinchi bo‘limga qo‘shib berilgan daqiqalarda esa Bissumaga simulsiya ishlatgani uchun ikkinchi sariq kartochka ko‘rsatildi. Ammo «Tottenhem» bir kishi kam holatda ham o‘z golini ura oldi, Meddisonning o‘ng qanotdan uyushtirgan reydi himoyachi van de Venning goli bilan yakunlandi. Keyin esa hisobdagi ustunlikni saqlab qolish uchun qahramonlarcha himoyalanishga to‘g‘ri keldi.

Natijada — jamoa kutilganidek birinchi o‘ringa chiqdi. Angelos Posteko‘g‘li boshqaruvidagi jamoa mavsumni mag‘lubiyatsiz davom ettirmoqda. Startdagi sakkiz o‘yinda qo‘lga kiritilgan 20 ochko — «shporlar»ning 1961 yildan buyon eng yaxshi natijasi. Agar o‘shanda uch ochkolik tizim amal qilganida, «Tottenhem» maksimal 24 ochko to‘plagan bo‘lardi.

«Manchester Yunayted» – «Brentford» 2:1
Gollar:
0:1 – 26 Yyensen, 1:1 – 90+3 Maktominey, 2:1 – 90+7 Maktominey.
Manchester Yunayted – Onana, Diogu Dalot, Evans, Maguayr, Lindelyof (Marsiyal, 71), Kazemiro (Eriksen, 46), Brunu Fernandesh, Amrabat (Maktominey, 87), Maunt (Antoni, 63), Reshford (Garnacho, 63), Hoylund.
Brentford – Strakosha, Roerslev, Ayyer, Pinnok, Kollinz, Hiki, Nergor, Yyensen (Goddos, 83), Yanelt (Oneka, 70), Vissa (Mope, 70), Mbemo.
Ogohlantirishlar: Hiki (10), Nergor (48), Kollinz (65), Yanelt (67), Mope (79).

Erik ten Hag birdamlik haqida qanday to‘g‘ri so‘zlar aytmasin va u qanday qarorlar qabul qilmasin, amalda hech narsa o‘zgarmay qolaverdi. Shanba kuni esa niderlandiyalik mutaxassis radikal qadamlar tashladi. Navbatdagi xatoga yo‘l qo‘ygan Kazemironi tanaffusda almashtirdi, 63-daqiqada Reshfordni ham maydondan oldi va jamoaga qaytgan Antonini maydonga tashladi — lekin hech narsa yordam bermasdi. Hujumda o‘tgan mavsumdagi kuch va ishtiyoq g‘oyib bo‘lgan, mudofaada — barchasi beqaror va hech kim bunday «MYu»dan qo‘rqmayapti.

«Brentford» «qizil iblislar» jarima maydoni ichidagi tartibsizlikdan keyin, Lindelyof to‘pni uzoqlashtira olmaganida hisobni ochdi, bu so‘nggi tendensiyalarni yana bir bor tasdiqladi. Mankunianliklar APLda qatorasiga to‘rtinchi o‘yinda o‘z darvozasidan birinchi bo‘lib gol o‘tkazib yubordi va uy uchrashuvlaridagi qatorasiga uchinchi mag‘lubiyatga juda yaqin edi. Ammo bir amallab urilgan gol ham ofsayd tufayli bekor qilinganidan keyin tushkunlikka tushgan «Old Trafford» bu safar navbatdagi halokatga emas, balki Aleks Fergyusonning shonli davrlariga xos nimadirga guvoh bo‘ldi.

87-daqiqada Amrabatni almashtirgan Maktominay o‘ziga berilgan vaqt ichida ikkita gol urib, sensatsion qahramonga aylandi. Ten Hagni jar yoqasidan u ishonchsizlik bildirgan futbolchi olib chiqdi. G‘alaba goliga pas esa Maguayr tomonidan berildi.

«Byornli» – «Chelsi» 1:4
Gollar:
1:0 – 15 Odober, 1:1 – 42, avtogol Al-Dohil, 1:2 – 50, penalti Palmer, 1:3 – 65 Sterling, 1:4 – 74 Jyekson.
Bernli – Trafford, Vitino (Robers, 61), Delkrua, Al-Dohil (O`Shi, 46), Teylor, Braunhill, Kallen (Remzi, 61), Berge, Ndayishimiye (Koliosho, 61), Odober (Bruun Larsen, 79), Foster.
Chelsi – Sanches, Kukurelya, Tiago Silva, Disasi, Koluill, Matsen, Mudrik, Gallaher, Fernandes, Kaysedo, Jyekson, Palmer, Sterling, Broya.
Ogohlantirishlar: Kukurelya (26), Fernandes (27), Kallen (30), Odober (38), Tiago Silva (45), Pochettino (45), Kaysedo (74).

Ma’lum vaqt imkonsiz holatda ko‘ringan «Chelsi» asta-sekinlik bilan inqirozdan chiqmoqda. Milliy jamoalar o‘yinlari munosabati bilan yuzaga keladigan ikki haftalik tanaffusdan keyin «Arsenal»ga qarshi kechadigan derbi chinakamiga sinov bo‘ladi, ammo jamoa hozircha qatorasiga uch o‘yinda (liga kubogi ham qo‘shib hisoblanganda) g‘alabaga erishdi. Shanba kungi o‘yin esa jamoaning o‘tgan yil aprelidan buyon eng ko‘p gol urgan o‘yini bo‘ldi. Birinchi bo‘lib gol o‘tkazib yuborilgan o‘yinda Sterling burilish yasadi. U avvaliga APLda 20-bor penalti ishladi. Keyin esa oradagi farqni oshirdi, shundan keyin o‘yin taqdiri hal bo‘ldi: «Byornli» maydonidagi mag‘lubiyatsiz o‘yinlar seriyasi o‘n o‘yinga yetdi.

Ispaniya: «Real» raqobatchilarga imkon qoldirmayapti

Foto: ALVARO MEDRANDA/GETTY IMAGES

«Real» – «Osasuna» 4:0
Gollar:
1:0 – 9 Bellinghem, 2:0 – 54 Bellinghem, 3:0 – 65 Vinisius Junior, 4:0 – 70 Hoselu.
Aniq ijro etilmagan penalti: Hoselu, 84
Real – Arrisabalaga, Karvaxal (Vaskes, 79), Ryudiger, Tchuameni, Mendi, Modrich (Braim Dias, 79), Valverde, Kamavinga (Kroos, 67), Bellinghem (Sebalos, 72), Vinisius Junior (Rodrigo, 72), Hoselu.
Osasuna – Errera, Areso, David Garsiya, Katena, Xuan Krus, Torro, Monkayola (Ibanes, 80), Oros (Raul Garsiya, 80), Penya (Barxa, 80), Ruben Garsiya (Arnais, 70), Budimir (Chimi Avila, 70).
Ogohlantirishlar: Ryudiger (40), Tchuameni (59), Barxa (83), Ibanes (83).

«Real» ikki haftalik tanaffusga yakkapeshqadam sifatida yo‘l oladi, Bellinghem esa hamon fenomenal darajada o‘ynamoqda. Angliyalik futbolchi Madrid klubidagi dastlabki o‘n o‘yinidagi statistikasi bilan hatto Krishtianu Ronalduni ortda qoldirdi. Ampluasi hujumchi bo‘lmagan Judda hozirda gol va paslar soni 10+3 ko‘rinishida — bu esa portugaliyalikning natijasidan ikkitaga yaxshiroq.

Faqat la liga o‘yinlari hisobga olinsa, Bellinghem sakkiz o‘yinda 8 marta raqib darvozalarini ishg‘ol etgan, bu esa turnir tarixidagi 11-marta kuzatilishi. Bu ro‘yxatda Alfredo Di Stefano, Ferens Pushkash, Yohan Kroyf, Ronaldo va Romario kabi afsonalar bor. Bir yil muqaddam Levandovski ham shunday boshlagandi, ammo Bellinghemdan farqli o‘laroq u toza hujumchi sanaladi.

«Real» o‘yini haqida gap ketganda, hujum guruhidagi boshqa futbolchilarni ham e’tirof etish kerak. Formasini tiklayotgan Vinsius Junior Valverde bilan devor uslubida o‘ynab, safga qaytganidan keyin qatorasiga ikkinchi o‘yinda darvozani ishg‘ol etdi. Bundan tashqari, braziliyalik futbolchi muntazam gol urishda davom etayotgan Hoseluga assistentlik qildi. Bu forvard ham dubl qayd etishi mumkin edi, ammo penaltini aniq ijro eta olmadi. Chunki «Osasuna» darvozasida o‘tgan mavsumlarda Benzema qatorasiga uch marta «nuqta»dan dog‘da qoldira olmagan Serxio Errera edi.

Italiya: Allegri Trapattoni bilan tenglashdi, Jiru jasorat ko‘rsatdi

Foto: CLAUDIO VILLA/GETTY IMAGES

«Inter» – «Bolonya» 2:2
Gollar:
1:0 – 11 Acherbi, 2:0 – 13 Martines, 2:1 – 19, penalti Orsolini, 2:2 – 52 Zirkzeye.
Inter – Zommer, Dumfris (Kuadrado, 55), Acherbi, Pavar, Bastoni, Dimarko (Karlos Augusto, 55), Mxitaryan (Frattezi, 76), Chalxono‘g‘li (Aslani, 83), Barella, Tyuram (Sanches, 55), Martines.
Bolonya – Skorupski, De Silvestri (Koratssa, 83), Bekema, Kalafiori, Likoyannis, Froyler, Ebisher, Fergyuson, Orsolini (El-Azzuzi, 83), Ndoyye (Salemakers, 61), Zirkzeye (van Hoydonk, 78).
Ogohlantirishlar: Ndoyye (33), Martines (58), Indzagi (71), Bastoni (90), Fergyuson (90), Bekema (90).
 
Milan klublarining yetakchilik poygasidagi birinchi o‘yin kutilganidek boshlandi. Acherbining burchak zarbasidan keyingi goli va sakkiz turda urgan gollari soni ikkita raqamda ifodalanayotgan Lautaro Martinesning navbatdagi muvaffaqiyati bilan. Argentinalik hujumchi qayd etgan natija bilan «neradzurrilar»ning nomi stadionga berilgan Juzeppe Meatssa (1935 yil) va yana bir afsonaviy futbolchi Antonio Anjyelillo (1958) maqtana olishi mumkin. 13-daqiqaga kelib hisob 2:0 ko‘rinishini olganda, odatda o‘yin taqdiri hal qilingan bo‘ladi.

Bo‘lim o‘rtalariga kelib «Bolonya» penalti tepish huquqini qo‘lga kiritganida ham milanlik muxlislar bu o‘yinda g‘alaba boy berilishiga ishonishmasdi. Ammo mehmonlar «Inter»ning bosimlariga dosh berishdi. Qolaversa, tanaffusdan keyin Zirkzeye hayratomuz gol urdi. Jarima maydoni tashqarisida uch himoyachi qurshovida bo‘lgan futbolchi keskin to‘xtab, ortga o‘girilib oldi va raqiblar oldinroqqa ketib qolishga majbur qildi, keyin esa xotirjamlik bilan to‘pni pastki burchakka aniq yo‘lladi. Simone Indzagi qolgan vaqt davomida raqib darvozasini qamal qilib, vaziyatlar yaratdi, ammo Aleksis Sanchesning ofsayd tufayli bekor qilingan golidan boshqa hech narsaga erisha olmadi.

«Yuventus» – «Torino» 2:0
Gollar:
1:0 – 47 Gatti, 2:0 – 62 Milik.
Yuventus – Shchensni, Danilo, Bremer, Gatti, Vea, Kostich (Kambiyazo, 76), Rabo, Lokatelli, Makkenni, Miretti (Milik, 46), Kin (Yildiz, 86).
Torino – Milinkovich-Savich, Bellanova, Rodriges (Voyvoda, 84), Sxyurs, Tamez, Lazaro (Gineytis, 84), Vlashich, Ilich (Pellegri, 84), Richchi, Sek (Sanabriya, 71), Sapata.
Ogohlantirishlar: Bellanova (21), Gatti (71).

«Yuventus» hujum chizig‘idagi asosiy vakillari Kiyeza va Vlahovich safda yo‘qligiga qaramay Turin derbisida g‘olib keldi. «Keksa siniora»ga Kostichning burchak zarbalari yordam berdi, birinchi holatda gol videoyozuv sinchiklab o‘rganib chiqilganidan keyin hisoblandi. Yakunda Gatti A seriyadagi gollari hisobini ochdi, boshqa bir himoyachi Bremer esa qaychi uslubida zarba berayotib oyog‘i bilan jamoadoshi Moyze Kinning boshiga tepib yubordi. Milik hisobdagi farqni ikkitaga oshirganida Massimiliano Allegri Jovanni Trapattonining tarixiy natijasini takrorlashi ma’lum bo‘ldi. Bu murabbiylar «Yuve» boshqaruvida «Torino»ni o‘n uch martadan mag‘lub etishgan.

«Jyenoa» – «Milan» 0:1
Gol:
0:1 – 87 Pulishich.
Jyenoa – Jozep Martines, Sabelli (Ekuban, 68), de Vinter (Leali, 90), Bani, Dregushin, Vaskes, Xaps (Pushkash, 90), Malinovskiy (Kutlu, 68), Torsbyu, Frendrup, Gudmundsson.
Milan – Menyan, Florensi (Kalabriya, 66), Tomori, Tiav, Ernandes, Adli (Jiru, 66), Reynders, Musa, Chukvueze (Pulishich, 46), Okafor (Rafael Leau, 46), Yovich (Bartezagi, 90).
Ogohlantirishlar: Jilardino (10), Ernandes (21), Florensi (22), Musa (47), Adli (62), de Vinter (69), Jozep Martines (86, 90+12).
Chetlatishlar: Martines (90+12) – Menyan (90+6)

Genuyadagi o‘yinning 86 daqiqasi davomida e’tiborga arzigulik voqealar bo‘lmadi. Ammo o‘yin oxirini kuzatmagan muxlislar ko‘p narsa yo‘qotishdi — «Milan» dramatik tarzda birinchi o‘ringa chiqdi. Va gap Pulishichning videotakrordan keyin inobatga olingan golida ham emas. Eng qizig‘i Menyan himoyachilarni sug‘urta qilishga urinib, jarima maydoni tashqarisida havodagi ikki yakkakurashda ustun kelganidan keyin ro‘y berdi.

Birinchi vaziyatda fransuz futbolchisi raqibining tomoq qismiga tizzasi bilan zarba berib, uni o‘ldirib qo‘yishiga sal qoldi. Unga qizil kartochka ko‘rsatildi va barcha futbolchi almashtirishlardan foydalanib bo‘lingani uchun darvozani qo‘riqlash uchun Jiru yo‘l oldi. Fransuz hujumchisi bu vazifani a’lo darajada bajardi. Menyanning qo‘polligi uchun belgilangan jarima zarbasi ijro etilganida uning omadi keldi, to‘p himoyachilar orqali rikoshet bo‘lib keldi va to‘singa tegdi. Qaytgan to‘pga zarba berishga himoyachilar yo‘l qo‘yishmadi, keyin esa kechaning asosiy lahzasi ro‘y berdi. Jiru yakkama-yakka vaziyatga chiqib kelgan raqib futbolchisining oyoqlariga tashlandi va to‘pga birinchi bo‘lib yetib bordi.

«Grifonlar»ni qutqarish uchun ularning darvozaboni ham jarima maydoniga yetib kelgandi. Ammo Martines Provedelning YeChLdagi qahramonligini takrorlay olmadi va raqib futbolchisini yiqitgani uchun ikkinchi sariq kartochkani olib, maydonni tark etdi. «Jyenoa»da esa qo‘shib berilgan 14-daqiqada zaxiradan tushirish uchun futbolchi topildi va ish absurd darajaga yetib bormadi.

Germaniya: «Borussiya» ko‘tarilishda

«Borussiya» D – «Union» 4:2 
Gollar:
1:0 – 7 Fyullkrug, 1:1 – 9 Gozens, 1:2 – 31, penalti Bonuchchi, 2:2 – 49 Shlotterbek, 3:2 – 54 Brandt, 4:2 – 71 Ryuerson.
Borussiya D – Kobel, Hummels, Shlotterbek, Ryuerson, Zyule, Brandt, O‘zjan, Reyna, Roys, Jan, Nmecha, Volf, Aller, Malen, Bayno-Gittens, Fyullkrug.
Union – Rennov, Trimmel, Bonuchchi, Diogu Leyte, Duki, Gozens, Russiyon, Aaronson, Haberer, Kral (Tuzar, 20), Layduni, Folland, Fofana, Bekker, Berens.
Ogohlantirishlar: Hummels (30), Gozens (64).

«Borussiya» startdagi muammolaridan o‘nglana olgan bo‘lsa, «Union» Chempionlar ligasida debyut qilgan mavsumida ikki oyog‘i bilan ham oqsamoqda. «Signal Iduna Park» stadioniga berlinliklar barcha turnirlar doirasidagi olti uchrashuvdan iborat mag‘lubiyatli seriya bilan yetib kelishdi va darhol gol o‘tkazib yuborishdi. So‘nggi vaqtlarda Aller va Mukoko bilan raqobatda ustun kelayotgan Fyullkrug Roys burchakdan to‘p oshirib berganida ikkinchi urinishda darvozani ishg‘ol etdi.

Lekin Urs Fisher jamoasi bilan standart vaziyatlar bo‘yicha raqobatlashish qiyin. Gozens ham kornerdan keyin muvozanatni tikladi, Kral esa jarima zarbasidan keyin urgan gol mikroskopik ofsayd tufayli bekor qilindi. Va bu hakamlar diqqat markazida turgan vaqt oralig‘idagi ilk epizod edi. Videotakrorlar orqali «Borussiya»ning ham goli bekor qilindi va mezbonlar darvozasi tomon penalti belgilandi, uni Bonuchchi aniq ijro etdi.

Faqat bu «Union» inqirozdan chiqayotganini anglatmasdi va ikkinchi bo‘limda «asalarilar» Berlin devorini buzib o‘tishdi. Markaziy himoyachi Shlotterbek uzoq masofadan yo‘llagan kuchli va aniq zarbasi bilan hisobni tenglashtirdi. Mudofaaning boshqa bir vakili Ryuyerson rikoshet orqali gol urdi. «Borussiya» zaxira o‘rindig‘i kengroqligi ham o‘z ishini qildi. Edin Terzich zaxirada qoldirgan Brandt ikkinchi bo‘limda tezkor qarshi hujumni Roysning uzatmasidan keyin g‘alaba goli bilan yakunladi.

Kun statistikasi

  • «Benfika» qatorasiga 3-mavsumda startdagi sakkiz turda yetti g‘alabaga erishdi.
  • «Hoffenhaym» bundesligada ilk bor qatorasiga 4 ta safar o‘yinida g‘alaba qozondi.
  • «Shtutgart» hujumchisi Girassi to‘rt uy uchrashuvida 9 gol urdi.
  • 17 o‘yin — «Everton» 2022 yil 22 oktyabridan buyon APLda uy uchrashuvlarida bittadan ortiq gol urmayotgandi.
  • APLda «Tottenhem» uchun gol urgan futbolchilar soni 167 nafarga yetdi. Bu turnirning yangi rekordi, bungacha «shporlar» «Vest Hem» va «Nyukasl» bilan bir xil natija ko‘rsatib turgandi.
  • Dortmundning «Borussiya» klubi himoyachisi Hummels bundesligada 207-g‘alabasiga erishdi va yangi rekordchiga aylandi.

Mavzuga oid