Jahon | 14:57 / 09.10.2023
44611
7 daqiqa o‘qiladi

Isroil-HAMAS urushining uchinchi kuni. Asosiy ma’lumotlar

TsAHAL G‘azo sektori bo‘ylab zarbalarni davom ettirmoqda, HAMAS yana Ashkelonga hujum uyushtirdi.

Foto: Mahmud Hams / AFP / Scanpix / LETA

Isroilda HAMAS a’zolarining 7 oktyabr kuni tongdagi hujumi bilan boshlangan harbiy harakatlar uchinchi kunda ham davom etdi. The Times of Israel Isroil mudofaa armiyasiga asoslanib xabar berishicha, G‘azo sektori bilan chegara hududidagi kamida oltita shahar va kibutsada (kommuna) janglar davom etgan. Xususan, Beeri, Kfar-Aze, Nirime, Alumime va Sderot hududida qurolli to‘qnashuvlar to‘xtamagan. Harbiylarning aniqlik kiritishicha, bu to‘qnashuvlarda mamlakat hududiga 7 oktyabr tongida kirganlar ham, chegarani keyingi kunlarda kesib o‘tganlar ham bor. TsAHAL baholariga ko‘ra, harbiy harakatlar boshlanganidan buyon yuzlab falastinlik jangchilar o‘ldirilgan, jumladan, G‘azo sektorining o‘zida 400 dan ortiq. 

Kunning ikkinchi yarmiga kelib mamlakat hududlari bo‘ylab nazorat to‘liq tiklangani ma’lum qilindi. «Isroil armiyasi HAMAS egallab olgan barcha hududlarni o‘z nazoratiga qaytardi», degan armiya rasmiy vakili, kontr-admiral Daniel Hagari. Uning so‘zlariga ko‘ra, ayni vaqtda birorta shahar hududida harbiy harakatlar ketayotgani yo‘q, faqat chegara hududlarida kichik to‘qnashuvlar uchrab turibdi. 

Isroil mudofaa armiyasi 9 oktyabrga o‘tar kechasi ham G‘azo sektori bo‘ylab zarba berishda davom etdi — HAMAS va «Islom jihodi» guruhlarining 500 dan ortiq obektlari, jumladan, sakkizta qo‘mondonlik punkti nishonga olingan, deb xabar bergan isroillik harbiylar. Shuningdek, Daniel Hagari isroillik harbiylar HAMASning yuqori martabali a’zosini asirga olishga muvaffaq bo‘lganini xabar qildi, tafsilotlar keltirilmagan.

HAMAS a’zolari esa Ashkelonga yoppasiga raketa zarbasi berilganini ma’lum qildi. CNN ma’lumotiga ko‘ra, HAMASdagilar Ashkelon bo‘ylab 100 ga yaqin raketa uchirilganini aytishgan. Haaretz nashri yozishicha, hujum oqibatida uch qavatli bino shikastlangan. Jabrlanganlar bor, jumladan sakkiz yoshli bola. Bungacha falastinliklar Tel-Avivdagi Ben-Gurion aeroporti yo‘nalishi bo‘ylab raketa uchirgandi.

Isroil armiyasi 48 soat ichida «Temir qilich» amaliyoti uchun 300 ming nafar zaxiradagi harbiylarni safarbar qilishga ulgurgan. Bu mamlakat qurolli kuchlari tarixidagi eng yirik qo‘shin to‘planishi bo‘lmoqda. Haaretz gazetasi yozishicha, xalqaro aviakompaniyalar Isroilga reyslarni to‘xtatgani bois, xorijda bo‘lib turgan ko‘plab zaxiradagi harbiylar vatanga qaytish maqsadida charter reyslar tashkil qilish uchun WhatsApp messenjerida guruhlar ochishgan, boshqalar esa o‘zlariga yaqin oradagi muntazam reyslardan joy topish uchun Isroilning El Al aviakompaniyasi bilan muzokaralar olib bormoqda. 

Isroil 48 soat ichida G‘azo sektorida quruqlik amaliyoti boshlashi mumkin, deb yozmoqda The Washington Post amerikalik mulozimlarga tayangan holda. Nashr manbalariga ko‘ra, Isroil AQShdan raketalar, bombalar, shuningdek, Livan hamda ushbu hududda harakat qiluvchi «Hizbulloh» hamda boshqa guruhlar bo‘yicha razvedka ma’lumotlari bo‘yicha yordam so‘ragan. Isroil armiyasi vakillari harbiy amaliyot «HAMASni butkul yo‘q qilish» fazasiga o‘tgani haqida ma’lum qilgan. Isroil mudofaa vaziri G‘azo sektorini to‘liq qamal qilishga buyurgan. «Elektr ham, oziq-ovqat ham, yonilg‘i ham bo‘lmaydi, barchasi yopiladi», – degan Yoav Gallant.

9 oktyabr tongida berilgan ma’lumotlarga ko‘ra, Isroilda halok bo‘lganlar soni 700 dan oshgan, 2382 kishi jabrlangan. Bir kun oldin Isroil janubidagi G‘azo bilan chegaraga yaqin joylashgan Reim kommunasi hududida musiqa festivaliga qilingan hujum oqibatida halok bo‘lgan 260 kishining jasadi topilgan. Ayni vaqtda Reimda halok bo‘lganlar ham umumiy statistikaga qo‘shilgani aniq emas. Bu vaqtda Al-Jazeera telekanali Falastin sog‘liqni saqlash organlari vakillariga tayanib, G‘azo sektorida harbiy harakatlar boshlanganidan buyon halok bo‘lganlar soni 493 kishiga yetgani, yana 2750 falastinlik yaralangani haqida xabar bergan.

Qurbonlar orasida boshqa davlatlar fuqarolari ham bor. Xususan, HAMAS hujumi oqibatida Tailandning 12 fuqarosi halok bo‘lgan, 8 nafari yaralangan, 11 nafari garovga olingan. Fransiya TIV hujum vaqtida Isroilda bo‘lgan yetti nafar fuqarosi bedarak yo‘qolgani haqida xabar bergan. Shuningdek, Amerika fuqarolari o‘ldirilgani va bedarak ketgani haqida xabarlar bor.

Falastinliklar 130 dan ortiq kishini garovga olgani haqida ma’lum qilgan. 8 oktyabr kuni kechqurun HAMAS vakili Muso Abu Marzuq uning guruhi Isroilga hujum chog‘ida 100 dan ortiq kishini asir olgani haqida xabar bergandi. Falastindagi «Islom jihodi» guruhi rahbari Ziyod al-Naxala esa uning jangchilari 30 ga yaqin isroillikni qo‘lga olgani haqida aytgan. U shuningdek garovdagilar orasida boshqa mamlakatlar fuqarolari ham bo‘lishi mumkinligi, ular Isroil qamoqxonalaridagi falastinlik mahbuslar qo‘yib yuborilganidan keyingina yurtiga qaytishi mumkinligini bildirgan.

Jo Bayden 8 oktyabr kuni kechqurun Isroilga qo‘shimcha harbiy yordam ajratishga buyruq berdi. Bundan tashqari, AQSh Isroil chegaralari yaqiniga «Jyerald Ford» aviatashuvchisi va reaktiv qiruvchi samolyotlarning bir necha eskadriliyasini yuborishga qaror qilgan. Bu Isroilni qo‘llab-quvvatlash namoyishi bo‘lishi kerak, deya yozgan The Wall Street Journal.

8 oktyabr kuni BMT Xavfsizlik kengashi HAMASning Isroilga hujumi yuzasidan favqulodda yig‘ilish o‘tkazdi. XKning yopiq yig‘ilishi yakunlariga ko‘ra hech qanday bayonot qabul qilinmagan, chunki barcha a’zolar ham HAMASning Isroilga hujumini qoralamagan, deb yozadi CNN.

Mavzuga oid