Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
“Sud qarorini baribir ijro qilasiz, qonunlar bor ekan, ijro qilmasligingizga qo‘ymaymiz” – advokat Amrillo Inoyatovni tanqid qildi
Sog‘liqni saqlash vazirligi onkolog shifokorni ishga tiklash haqidagi sud qarori ijrosini 2022 yil iyun oyidan buyon ta’minlamayapti. Vazir Amrillo Inoyatovning qabulida bo‘lib, undan “juda qo‘pol va vazirga yarashmaydigan” muomalani eshitib chiqqan advokat Saidali Muxtoraliyev qonunbuzar vazirga tegishli tartibda ma’muriy jazo choralari qo‘llanishi shart, deb hisoblamoqda.
Advokatdan vazirga maslahat
Yuristkadr Telegram kanali asoschisi Saidali Muxtoraliyev Sog‘liqni saqlash vaziri Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va tibbiy radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Toshkent shahar filiali bosh shifokori lavozimida ishlab kelgan taniqli onkolog shifokor, professor G‘olib Hakimov ishi bo‘yicha sud qarori ijrosini ta’minlamayotganini ma’lum qildi. Advokatga ko‘ra, vazir Amrillo Inoyatov ushbu masalada qabuliga kirgan huquqshunosga qo‘pol munosabatda bo‘lgan.
“Kecha MIB Shayxontohur tumani bo‘limi mas’ul xodimi bilan birga fuqaro G‘olib Hakimovni ishga tiklash bo‘yicha sud qarorini ijro qilmagan Sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatovning qabuliga kirdik. Aytish kerak, vazir Inoyatov biz bilan juda qo‘pol munosabatda bo‘ldi. Butun boshli SSV vaziriga yarashmaydigan gaplar gapirildi: ya’ni sud qarorini ijro qilmaslik haqida.
Biz u kishiga Konstitutsiya bo‘yicha sud qarorini kim bo‘lishidan qat’i nazar, u vazirmi, u hokimmi bajarishga majburligini tushuntirib charchadik. Yo‘q, u fikrlarimizni qabul qilishni istamadi.
Bu uchrashuvdan SSV vaziri sud qarorlarini ijro qilmaydigan va mensimaydigan rahbarlardan biri ekani haqidagi fikrlarimiz yanada “tiniqlashib” chiqdi. O‘rtada bo‘lgan gaplarga batafsil to‘xtalib, maydalashib o‘tirish niyatim yo‘q. Lekin vazir Inoyatovga maslahatim: odamlar bilan gaplashayotganda ehtiroslarni sal bo‘lsa-da jilovlab olish kerak. Va iloji bo‘lsa, biroz mulohaza qilib, keyin gapirgan yaxshiroq.
Sud qarorini esa baribir ijro qilasiz, qonunlar bor va ular ishlar ekan, ijro qilmasligingizga qo‘ymaymiz.
Buyog‘i, ish Majburiy ijro byurosida: kecha ma’muriy huquqbuzarlik fakti yanada oydinlashdi, demak qonunbuzar vazirga tegishli tartibda ma’muriy jazo choralari qo‘llanishi shart”, deya ta’kidlagan Saidali Muxtoraliyev.
Aslida nima bo‘lgan edi?
Professor G‘olib Hakimov ishi bo‘yicha 2022 yil dekabr oyida Kun.uz ham surishtiruv olib borgan. O‘sha vaqtda Sog‘liqni saqlash vaziri bo‘lgan Behzod Musayev ham sud qarori ijrosini ta’minlamagan.
G‘olib Hakimov sud ajrimi asosida sog‘liqni saqlash vazirining buyrug‘i bilan Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va tibbiy radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Toshkent shahar filiali bosh shifokori lavozimidan chetlatilgan. Bunga professor rahbarlik qilayotgan shifoxonada bo‘lim boshlig‘i bo‘lib ishlovchi Alisher Mingboyevning ijtimoiy tarmoqlarga qilgan chiqishi ortidan filial mansabdor shaxslariga jinoiy ish qo‘zg‘atilgani sabab bo‘lgan. O‘shanda Alisher Mingboyev G‘olib Hakimov boshchiligidagi bir guruh shaxslarni korrupsiyada ayblagan, qarshi taraf esa bu tuhmat ekanini aytgandi.
Alisher Mingboyevning ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishi ortidan Chilonzor tumani prokuraturasi 2021 yil 12 fevral kuni Toshkent shahar onkologiya markazi mansabdorlariga jinoiy ish qo‘zg‘atadi. Dastlabki tergov harakatlari olib borilib, 2021 yil 22 fevral kuni filial bosh shifokori G‘olib Hakimovga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi 2-qismi “g” bandi bilan ayblov e’lon qilingan hamda sudning ajrimi bilan u lavozimidan chetlashtirilgan.
Jinoyat ishi 2022 yil 1 fevral kuni harakatdan tugatilib, professorga qo‘yilgan ayblov va ehtiyot choralari bekor qilingan.
G‘olib Hakimovga qo‘llangan ehtiyot choralari, jumladan jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tumani sudining ajrimiga asosan lavozimidan chetlashtirilishi bekor qilingach, u o‘z ishiga qaytishi kerak edi. Ammo bunday bo‘lmaydi: professor lavozimiga qaytish yo‘lida ko‘plab to‘siqlarga uchraydi.
2022 yil 30 iyun kuni Toshkent shahar Bandlik bosh boshqarmasi davlat mehnat inspeksiyasi da’vosi bilan fuqarolik ishlari bo‘yicha Shayxontohur tumani sudi ishni ko‘rib chiqqan. Sudning hal qiluv qarori bilan Sog‘liqni saqlash vazirligiga G‘olib Hakimovni o‘z lavozimiga qaytarish majburiyati yuklatilgan. Vazirlikning apellyatsiya shikoyati asosida 2022 yil 11 oktyabr kuni ishni qayta ko‘rgan Toshkent shahar sudi fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati birinchi instansiya sudi qarorini o‘z kuchida qoldirgan.
Vazirga ma’muriy jazo qo‘llanadimi?
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Shayxontohur tumani sudining qarori bilan MIB tomonidan ijro ishi qo‘zg‘atilgan.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 1981-moddasiga ko‘ra, qarzdorning ijro hujjatini ijro etmaganlik uchun ma’muriy jazo qo‘llanishi mumkin. Xususan, qarzdorning zimmasiga muayyan harakatlarni bajarish yoxud bu harakatlarni bajarishdan o‘zini tiyish majburiyatini yuklovchi ijro hujjatining davlat ijrochisi belgilagan muddatda qarzdor tomonidan uzrsiz sabablarga ko‘ra ijro etilmasligi mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha (hozirgi kunda 3,3 mln so‘mdan 4 mln 950 ming so‘m) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Mavzuga oid
11:04 / 17.05.2025
Sud Trampning migrantlarni chiqarib yuborish rejasini rad etdi
18:30 / 04.02.2025
38 yoshli erkak 13 yoshli qizga ko‘z olaytirdi: Asakadagi bahsli nomus ishi tafsilotlari
11:41 / 07.12.2024
“To‘pponcha o‘qtalib, otib tashlayman dedi” – “Saidaziz medgorodok”ka yana bir “delo” bo‘yicha hukm o‘qilgani ma’lum bo‘ldi
12:00 / 12.10.2024