Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«To‘g‘ri lahzada «to‘xta» deya olishingiz kerak» - Azar 32 yoshida faoliyatini yakunlaganini e’lon qildi
Eden Azar 32 yoshida futbolchilik faoliyatini yakunladi.
«O‘zingizni tinglashingiz va to‘g‘ri lahzada «to‘xta» deyishingiz kerak. 16 yil va 700dan ortiq o‘yin o‘tkazganimdan so‘ng, professional futbolchi sifatidagi faoliyatimni yakunlashga qaror qildim.
Orzumni amalga oshirishga muvaffaq bo‘ldim, dunyo bo‘ylab ko‘plab joylarda o‘ynadim va zavqlandim. Faoliyatim davomida ajoyib murabbiylar va jamoadoshlar bilan uchrashish baxtiga muyassar bo‘ldim – bu unutilmas damlar uchun barchangizga rahmat, hammangizni sog‘inaman.
Shuningdek, o‘zim to‘p tepgan klublar – «Lill», «Chelsi» va «Real»ga minnatdorchilik bildiraman hamda Belgiya futbol federatsiyasiga meni milliy jamoaga chaqirgani uchun tashakkur aytaman.

Oilamga, do‘stlarimga, maslahatchilarimga, yaxshi-yomon kunlarimda yonimda bo‘lgan odamlarga alohida rahmat. Shu yillar davomida meni kuzatib kelgan muxlislarimga qayerda o‘ynasam ham qo‘llab-quvvatlaganingiz uchun katta rahmat.
Endi yaqinlar bilan muloqot qilish va yangi tajriba orttirish vaqti keldi. Tez orada maydondan tashqarida ko‘rishguncha, do‘stlarim», — deb yozdi Azar.
Eden professional faoliyatini 2007 yilda «Lill»da boshlagan, 2012 yilda esa «Chelsi»ga o‘tgan. Uning so‘nggi klubi «Real» bo‘lib, belgiyalik futbolchi Madridda 2019 yildan 2023 yilgacha o‘ynagan.
Azar faoliyati davomida 15ta sovrin yutgan. Ikki martadan Angliya va Ispaniya chempioni bo‘lgan, Fransiya chempionatida bir bor zafar quchgan, Chempionlar Ligasida g‘olib chiqqan va ikki marta Yevropa Ligasida chempionga aylangan.
Sobiq yarimhimoyachi Belgiya milliy jamoasi safida 126 ta o‘yin o‘tkazgan va JCh-2018da bronza medali sovrindoriga aylangan.