Sport | 16:29 / 11.10.2023
38485
7 daqiqa o‘qiladi

Hindiston O‘zbekistonni nimaning evaziga ortda qoldirdi? Osiyo o‘yinlaridagi eng katta o‘sish, pasayish va boshqalar haqida

Xitoyda 15 kun davomida o‘tkazilgan Osiyo o‘yinlari yakuniga ko‘ra, O‘zbekiston – qit’aning eng kuchli mamlakatlari beshligidan o‘rin oldi. Sportchilarimiz medallar soni va sifati bo‘yicha ham Osiyo o‘yinlari tarixidagi rekord natijasini yangiladi, ammo o‘rinlar bo‘yicha natijani yangilashga Hindiston yo‘l qo‘ymadi.  

Foto: MOQ

O‘zbekiston yana beshlikda, Osiyo gegemonlari o‘z o‘rnida

O‘zbekiston delegatsiyasi Hangjou-2022 turnirida jami 71 ta – 22 ta oltin, 18 ta kumush, 31 ta bronza medaliga ega chiqib, umumjamoa hisobida 5-o‘rinni egalladi. Shu orqali 5 yil avvalgi turnirdagi eng yaxshi natija takrorlandi.

Mezbon Xitoy kutilganidek yuksak natija qayd etib, 201 ta oltin, 111 ta kumush va 71 ta bronza – jami 383 ta medal bilan mutlaq tengsiz ekanini ko‘rsatdi. Chin yurti vakillari 1978 yilgi Osiyo o‘yinlaridan keyin peshqadamlikni Yaponiyadan tortib olgach, qit’ada gegemonligini davom ettirmoqda.

Medallar jamg‘armasida o‘tgan safargi uchlik ham o‘zgarmadi – Yaponiya ketma-ket ikkinchi marta 2-o‘rinni egallagan bo‘lsa, Janubiy Koreya muxlislari qarshisida o‘tgan 2014 yildan keyin 3-o‘rindan yuqoriga ko‘tarila olmayapti. 

Eng katta o‘sish Hindistonda

Hangjou-2022 turnirida eng katta o‘sishni amalga oshirgan mamlakat – Hindiston bo‘ldi. Hindlar O‘zbekistonni ortda qoldirib, Osiyo o‘yinlari tarixida so‘nggi 60 yil ichidagi eng yaxshi natijasi qayd etishdi – 4-o‘rin. Jami medallar soni – 107 ta, oltin medallar soni – 28 tani tashkil etib, bu mamlakat o‘z tarixidagi eng yaxshi natijasini qayd etdi.

Taqqoslash uchun, Hindiston Jakarta-2018 turnirida 70 ta medal (16 ta oltin) bilan umumjamoa hisobida 8-o‘rinni egallagan bo‘lsa, Incheon-2014 bahslarida jami 57 ta medal (11 oltin) bilan ham 8-pog‘onada bo‘lgan.

Hindiston O‘zbekistonni nima evaziga ortda qoldirdi?

2018 yilgi Osiyo o‘yinlarida O‘zbekiston mezbon Indoneziyadan keyingi 5-o‘rinni egallagan va bu yil natija yaxshilanishi kutilgandi. Ammo Hindiston sportidagi katta o‘sish sababli O‘zbekiston Osiyo gegemonlari – Xitoy, Yaponiya va Janubiy Koreyadan keyingi o‘rinni emas, beshlikdan joy oldi.

Xo‘sh, hindlarning medallar soni bo‘yicha o‘z tarixidagi eng yaxshi natijasini qayd etishi qaysi sport turlaridagi muvaffaqiyat evaziga ta’minlandi?

Bu birinchi navbatda ishtirokchi sportchilar soni oshishi bilan ham bog‘liq – 2018 yilgi turnirda 570 nafar hindistonlik sportchi qatnashgan bo‘lsa, Hangjouda ularning soni qariyb 100 nafarga oshdi – 661 nafar.

O‘zbekistonda eng ko‘p oltinni kurash (4 ta), boks (3 ta) va dzyudochilar (3 ta) taqdim etgan bo‘lsa, Hindiston muvaffaqiyatini ta’minlagan sport turi esa – o‘q otish bo‘ldi. Merganlik bo‘yicha hindlar jami 22 ta medal – shundan 7 ta oltin, 9 ta kumush, 6 ta bronza medaliga ega chiqishdi. Taqqoslash uchun, avvalgi Osiyo o‘yinlarida hindlar o‘q otishdan jami 9 ta medal olgandi, shundan faqat 2 tasi oltin edi. Bu yil o‘q otish bo‘yicha 33 ta oltin o‘ynalgan bo‘lsa, 2018 yilda bu raqam 20 tani tashkil etgandi. Bu yil ushbu sport turida O‘zbekiston bor yo‘g‘i bitta kumush va bronzaga ega chiqdi.

Oltinlar soni bo‘yicha Hindiston delegatsiyasiga eng ko‘p medal keltirgan ikkinchi sport turi – yengil atletika bo‘ldi. Bu borada jami 29 ta medal qo‘lga kiritilgan bo‘lib, 6 nafar hindistonlik sportchi chempionlikka erishgan.

Hakamlarning mezbonlarga ta’sirini isbotlagan Indoneziya

Xitoyda ham hakamlarning mezbonlarga qanchalik yon bosishiga kanoe slalomida eshkak eshish bo‘yicha finalda Anvar Klevleyevdan tortib olingan oltin medal misolida guvoh bo‘ldik. Bu bilan Chin mamlakatining sportdagi yutuqlarini shubha ostida qoldirmoqchi emasmiz, bu chempionlik bo‘lmaganda ham Xitoyning oltinlari 201 ta emas, 200 tani tashkil qilgan bo‘lardi.

Gap shundaki, mezbonlarga hakamlar qay daraja yon bosishi mumkinligini Indonziya 5 yil o‘tib, isbotlab qo‘ydi. Avvalgi Osiyo o‘yinlari mezboni bo‘lgan bu yurt vakillari Jakarta-2018da jami 98 ta medal (31 ta oltin) bilan o‘z tarixidagi eng yaxshi natijaga erishib, O‘zbekistonni 5-o‘rinda qoldirgan holda kuchli to‘rtlikdan joy olgandi. Mezbonlikning ta’siri shu darajada bo‘lgan ekanki, Hangjou-2022 bahslarida Indoneziya eng katta pasayish kuzatilgan jamoaga aylandi. Medallar qariyb uch baravarga qisqargan – 36 ta medal, shundan bor yo‘g‘i 7 tasi oltin. Aholisi qariyb 300 million kishiga yetayotgan bu mamlakat umumjamoa hisobida 13-o‘ringa tushib ketdi. 

Qozog‘iston sportidagi pasayish yoxud qo‘shnilarimizda nima gap?

Mustaqillikdan keyin Olimpiada va Osiyo o‘yinlarida O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida kechadigan raqobat ikki mamlakat muxlislari o‘rtasida qiziqish bilan kuzatilardi. Tan olish lozim, 90-yillar oxiri va 2000-yillar boshigacha qozog‘istonlik sportchilar Osiyo o‘yinlarida O‘zbekistonni ortda qoldirgan holda kamida kuchli beshlikdan joy olardi. Jakarta-2018dan keyin esa vaziyat tubdan o‘zgardi. O‘zbekiston medallar jamg‘arishda top-5 mamlakatlar qatoridan o‘rin olayotgan bo‘lsa, shimoldagi qo‘shnilar turnir jadvallarida pasayishda davom etmoqda.

Incheon-2014 o‘yinlarigacha 4 va 5-o‘rindan pastlamagan qozoqlar Jakarta-2018da 15 ta oltin bilan 9-o‘ringa tushib ketgandi, Hangjou-2022da esa oltin medallar soni bo‘yicha eng yomon natijasini (10 ta oltin) qayd etib, 11-o‘rinni egalladi. Bu qozoq sporti tarixida turnirdagi eng yomon natijadir.

Medallar jamg‘arishda Qirg‘iziston jami 15 ta, shundan 4 ta oltin bilan 18-o‘rinda qayd etildi. Ular Jakarta-2018da jami 12 ta, shundan 2 ta oltin qo‘lga kiritib, 22-o‘rinni egallaganini inobatga olsak, qirg‘iz sportida o‘sish kuzatilayotganini sezish mumkin. Markaziy Osiyoning yana bir vakili Tojikiston hisobida esa jami 7 ta medal, shundan 2 tasi oltin va 24-o‘rin. Indoneziyadagi Osiyo o‘yinlarida ular 30-o‘rindan joy olgandi. Turkmaniston esa musobaqani yana oltin medalsiz yakunladi – 1 ta kumush va 6 ta bronza, 29-o‘rin. Avvalgi turnirda turkmanlar 32-o‘rinda (1 ta kumush, 2 ta bronza) qayd etilgandi. Qayd etish kerakki, barcha qo‘shnilarning Hangjoudagi oltinlari birlashtirilganda ham O‘zbekiston delegatsiyasidagi oltinlar soni ko‘p bo‘ladi.

Usmon Ibodov 

Mavzuga oid