Hokimlarning sudga hurmatsizligi va MIB faoliyatiga savollar - byuro vakili bilan suhbat
“Sud qarorini bajarish konstitutsion majburiyat ekanini aytib, fuqarolarning “yoqasidan olamiz”, lekin davlat tashkilotlari MIB xodimlari borgunga qadar o‘zlari o‘rnak bo‘lib, o‘sha qarzlarni to‘lashi kerak”, deydi Kun.uz’ga intervyu bergan byuro bo‘lim boshlig‘i Nasimxon Burxonov. Uning so‘zlariga ko‘ra, ijro hujjatlari bo‘yicha 447 milliard so‘mdan ortiq qarzdor hokimliklarning to‘lovdan qochishi va jamoatchilik oldida sudga hurmatsizlik qilishining oqibati yomonroq bo‘ladi.
MIB o‘ziga yuklatilgan vazifalarni qanchalik bajara olyapti? Qonunlar hammaga birdek ishlayaptimi, yiliga 6 millionga yaqin keladigan ijro hujjatlari, yuz minglab aliment qarzdorliklari qanday undirilmoqda?
Kun.uz muxbiri bu masalalar yuzasidan Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi bo‘lim boshlig‘i Nasimxon Burxonov bilan suhbatlashdi.
— Ko‘pincha fuqarolar MIB xodimlarining davlat tashkilotlaridan zarar yoki qarzdorlikni undirish jarayonidan norozi bo‘ladi. “Oddiy fuqaroning 300-400 ming qarzi bo‘lsa, darrov uyiga MIB xodimlari borib oladi-yu, lekin davlat tashkilotlarining milliardlab qarzi bor, ularni bezovta qilmaydi, jim turadi”, deyishadi. Nimaga MIB – davlat tashkilotlari, hokimliklardan qarzni undirishda bunday sustkashlikka yo‘l qo‘yyapti?
— To‘g‘ri, muammo bor, tan olish kerak. Sud qarorini bajarish konstitutsion majburiyat ekanini aytib, qo‘polroq qilib aytganda fuqarolarning yoqasidan olamiz. Lekin davlat tashkilotlari MIBdan borgunga qadar o‘zlari o‘rnak bo‘lib o‘sha qarzlarni to‘lashi kerak aslida. Bizning undirishimiz mayli, lekin ularning xalq oldida, OAV oldida sudga hurmatsizlik qilishi yomonroq oqibatga olib keladi [MIBga kelayotgan qarzdorlikni undirishga doir qarorni sudlar chiqaradi, Konstitutsiyada esa sudlar mustaqilligi va qarorlari barcha uchun majburiy ekani yozib qo‘yilgan]. Ana shu alohida hokimiyat — sudga hurmatsizlik qilgani uchun chet ellarda prezident va amaldorlar ham javobgarlikka tortildi. Bu madaniyatni davlat organlari ko‘rsatib berishi kerak o‘zi. Umuman, ish MIBgacha yetib bormasligi lozim. Davlat organlarining ishi MIBgacha bordimi, xalq ishonchi yo‘qolishi mumkin, siyosiy minus deyish mumkin buni qaysidir ma’noda. Ishonamanki, bizda ham bu boradagi madaniyat shakllanadi.
Undirish masalasiga kelsak, davlatning barcha xarajatlari rejali bo‘ladi. Davlat organlarida budjet oldindan shakllantiriladi, loyihalar ko‘rilib, shunga ko‘ra yillik budjet tasdiqlanadi. Rejadan tashqari xarajat qilishga haqqi yo‘q. Shuning uchun ham ulardan pul undirishda muammolar bo‘ladi. Shuning uchun kelasi yil budjet shakllantirilishidan oldin bunday holatlar ham rejalashtirilishi, kerak bo‘lsa alohida mablag‘ ajratilishi lozim. Chunki Fuqarolik kodeksiga ko‘ra, noqonuniy xatti-harakatlar natijasida davlat organlari tomonidan yetkazilgan zarar davlat tomonidan to‘lab berilishi belgilangan. Kompensatsiya jamg‘armalari tashkil qilish amaliyoti ham bor davlat tashkilotlarida, ya’ni ortgan, tejab qolingan mablag‘lar hisobiga.
Budjet kodeksiga ko‘ra, davlat budjetidan pul mablag‘larini undirishni nazarda tutuvchi ijro hujjatlari moliya organlari tomonidan ijro etiladi. Chunki bizning (MIBning) budjetdan pul yechib olishga haqqimiz yo‘q. Yana bir tomoni borki, ba’zida sud qarorlarida aniq ko‘rsatilmaydi budjetdan undirish kerakligi, shunchaki o‘sha tashkilot yo hokimlikdan undirilsin, deb qo‘yishadi. Aytganimdek, budjetdan undirishni moliya organlari amalga oshirishi kerak, MIB nazorat qiladi va bajarilmasa taraflarni javobgar qilishi mumkin.
Bu degani — budjetdan pul hisobli olinarkan deb sud qarorini bajarmaslik kerak, degani emas. Sud qaroriga hurmatsizlik bo‘ldimi, javobgarlikka tortishimiz lozim. Mening fikrimcha, ma’muriy, jinoiy javobgarlikdan ham ko‘ra davlat organlarida mas’uliyat va siyosiy javobgarlik ustun bo‘lishi kerak.
Shu bo‘yicha OAVda xabarlar chiqsa, qaytaga xursand bo‘laman men. Chunki OAV buni olib chiqqach, o‘sha davlat organi harakatga tushib, reaksiya bildiradi.
— Yechim sifatida yillik budjet tasdiqlanayotganda shunday vaziyatlar ham hisobga olinishi kerakligini aytdingiz. Lekin ayni vaqtda ma’lumotlarga ko‘ra, har bir viloyat hokimligining MIB ijro hujjatlari bo‘yicha yirik qarzdorliklari bor. Ayni vaqtda bu kabi qarzdorliklar qay tartibda undiriladi?
— 2023 yil sentabr oyi holatiga fuqarolarning buzilgan uy-joylari uchun kompensatsiya undirish bo‘yicha hokimliklarga nisbatan 807 ta sud qarori bor. Jami qarzdorlik 447 mlrd so‘m. Eng katta qarzdorlik 241,6 mlrd bilan Toshkent shahar hokimligida. Keyingi o‘rinlarda Toshkent viloyati (qariyb 40 milliard so‘m) va Andijon viloyati (38 milliard so‘m). Lekin qarzdorlikni eng katta to‘lab berayotganlar ham shu top uchtalik. Kompensatsiya jamg‘armalari orqali ham to‘lash bor, butun respublika bo‘yicha joriy qilingan bu amaliyot. 223 may oyidan buyon 453 ta sud qarori bo‘yicha 208 mlrd so‘m to‘lab berilgan. Hokimliklar ham harakat qilyapti, ortiqcha mablag‘ topilishi bilan ijro qilinyapti.
Bosh prokuror rahbarligida respublika komissiyasi bor sud qarorlarini ijro qilish bo‘yicha. Viloyatlarda ham shunday komissiya tuzilgan. Bosh prokuror rahbarligida yig‘ilishlar bo‘ladi, har bir hokimlik o‘z hisobotini beradi. Bu masalalar oddiy xatlash yo javobgarlikka tortish bilan hal bo‘lib qolmaydi. Pul mablag‘larini topish kerak bo‘ladi.
— Davlat tashkilotlari balansida pul mablag‘idan tashqari turli binolar, qimmatbaho avtomobillar bo‘ladi. Nega o‘sha moddiy vositalarga cheklov qo‘yilmaydi yoki sotib qarz to‘lanmaydi?
— Davlat tashkilotlarining xo‘jalik qarzlari, oylik maoshlar bo‘yicha qarzlarini mol-mulkdan undirish mumkin. Bunday holatda shunday chora qo‘llash mumkin. Bizdagi katta muammo davlat budjetidan undirilishi kerak bo‘lgan qarzdorliklarda bo‘lyapti.
— Hokimlik va tadbirkorlar yoki fuqarolar o‘rtasidagi qarzdorlik asosan nimadan kelib chiqyapti, “snos”larmi yoki boshqa masalalar ham bormi?
— MIBga sud qarorlari kelmaydi, faqat ijro varaqasi yuboriladi. Ijro varaqasiga esa faqat falonchi organ yoki hokimlikdan falonchiga shuncha miqdordagi mablag‘ undirilsin, deyiladi. Aynan mazmuni va qanday muammo ekani aytilmaydi. Lekin prezident topshirig‘i bilan alohida nazoratga olingani uchun buzishlar bo‘yicha kompensatsiya to‘lashni bosh prokuror boshchiligida alohida nazoratga olganmiz. Yuqorida aytilgan statistika ham shu bo‘yicha yuritilyapti.
· To‘liq intervyu bilan yuqoridagi video orqali tanishishingiz mumkin.
Farrux Absattarov suhbatlashdi.
Tasvirchi: Mirvohid Mirrahimov,
Montaj ustasi: Nuriddin Nursaidov.
Mavzuga oid
17:48 / 22.11.2024
Jismoniy shaxslarga davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish tartibi belgilandi
11:25 / 21.11.2024
2024 yilda 30 mingdan ortiq o‘zbekistonliklar tuhmat va haqorat qilgani uchun sudlandi
22:25 / 12.11.2024
Sud Pop tumani hokimining o‘g‘lini qamoqqa qaytardi
10:16 / 12.11.2024