Jahon | 12:12 / 12.10.2023
11844
3 daqiqa o‘qiladi

Misr g‘azolik qochqinlar uchun yo‘laklar yaratish g‘oyasiga munosabat bildirdi

Qohira «falastinliklarning o‘z yerlariga egaligi huquqini» himoya qilish uchun yo‘laklar yaratishdan bosh tortmoqda, dedi manbalar. G‘azo sektorida qurbonlar soni 1200 nafarga yetdi.

Foto: Abed Rahim Khatib/dpa/picture alliance

Misr hukumati HAMAS jangchilarining Isroilga kirishi oqibatida Falastin-Isroil mojarosi keskin kuchayishi fonida G‘azo sektoridan qochqinlar uchun xavfsiz yo‘laklar yaratish g‘oyasini rad etdi. Qohira buni Misr «falastinliklarning o‘z ishi va yerlariga egalik huquqini» himoya qilmoqchi ekani bilan izohladi, deb xabar berdi Reuters 11 oktyabr, chorshanba kuni kechqurun Misr va AQSh o‘rtasidagi muzokaralarga yaqin manbalarga tayanib.

AQSh prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jyeyk Sallivan avvalroq Isroil va Misr bilan HAMASning Isroilga kirishiga javoban Isroil havo hujumlaridan jabr ko‘rgan tinch aholini G‘azo sektoridan olib chiqish bo‘yicha maslahatlashuvlar davom etayotganini aytgandi. 

Amerikaning NBC telekanaliga ko‘ra, shu maqsadda AQSh prezidenti Jo Bayden ma’muriyati tinch aholini G‘azo sektoridan janubiy yo‘lak orqali Misrga evakuatsiya qilishni muvofiqlashtirishga uringan. G‘azo sektoridan Misrga o‘tadigan yagona chegara o‘tish joyi - Rafah. Qolganlarning hammasi Isroilga olib boradi. HAMASning Isroilga hujumidan keyin barcha chegara punktlari yopildi. G‘azo sektorida 2,2 millionga yaqin aholi istiqomat qiladi. 

AQSh davlat kotibi Blinken muzokaralarga qo‘shildi 

AQSh davlat kotibi Entoni Blinken 11 oktyabr oqshomida Isroilga uchishidan oldin G‘azoning tinch aholisini evakuatsiya qilish bo‘yicha Misr bilan muzokaralar qiyin kechganini aytdi. 

«Muzokaralar davom etmoqda. Tafsilotlarga to‘xtala olmayman. Ulardan ba’zilari juda murakkab. Ishonchim komilki, Isroil ham tinch aholini yomonlikdan saqlab qolishni xohlaydi. Lekin Isroil sodir bo‘lgan voqea boshqa takrorlanmasligini ta’minlash uchun o‘zini himoya qilish choralarini ko‘rishi kerak», dedi Blinken. 

G‘azo sektori va Isroilda qurbonlar soni ortib bormoqda 

Falastin rasmiylariga ko‘ra, G‘azo sektorida HAMAS va Isroil o‘rtasida yangi qurolli mojaro boshlanganidan beri 1,2 ming kishi halok bo‘lgan, yana 5,6 mingga yaqin kishi yaralangan. Birgina kecha tunda Isroil havo hujumlarida 51 falastinlik halok bo‘ldi, yana 281 kishi yaralandi. 

BMTning Humanitar masalalarni muvofiqlashtirish boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, G‘azo sektorida boshqa joyga ko‘chganlar soni 338 ming kishiga yetgan, bu raqam bir kun ichida 75 ming kishiga ko‘paygan. 

Ayni vaqtda, Isroil rasmiylari Isroilda 1,3 ming kishi halok bo‘lgani, 3,7 mingdan ortiq kishi jarohatlangani haqida xabar berdi. 

Mavzuga oid