O‘zbekiston | 08:36 / 12.10.2023
7738
2 daqiqa o‘qiladi

Sudoche ko‘llar tizimi xalqaro ahamiyatga ega suv-botqoq hududi etib belgilandi

Ko‘l hududida zich qamishzorlar, butalar, sho‘rxoklar va saksovullar mavjud, yo‘qolib ketish xavfi ostida bo‘lgan hayvonlar yashaydi.

Foto: Dunyo AA

O‘zbekiston Sudoche ko‘llar tizimini xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan suv-botqoq hududi sifatida belgiladi.

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligiga ko‘ra, bu haqda «Ramsar» konvensiyasi rasmiy saytida maqola chop etildi. 

Maqolada Sudochening 1960-yillarda dunyodagi to‘rtinchi yirik ko‘l hisoblangan Orol dengizi ko‘rfazi bo‘lgani ta’kidlangan. Shuningdek, ko‘l hududida zich qamishzorlar, butalar, sho‘rxoklar va saksovullar mavjudligi, qolaversa, yo‘qolib ketish xavfi ostida bo‘lgan hayvonlar yashashi qayd etilgan.

«Mahalliy va xorijlik sayyohlar ko‘lning Orol dengizi bilan tarixiy bog‘liqligini o‘rganish va aholi punkti qoldiqlarini ko‘rish uchun keladi. Mahalliy aholi esa ko‘ldan baliq ovlash, chorva uchun ozuqa hamda qurilish materiallari uchun qamish yig‘ish maqsadida foydalanadi», - deyiladi maqolada.

Nashrda, shuningdek, qurg‘oqchilik Sudoche oldida turgan asosiy muammolardan biri sifatida ta’kidlangan.

Sudoche joriy yil may oyida xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan «Ramsar» suv-botqoq yerlari ro‘yxatiga kiritilgan O‘zbekistonning 4-obektiga aylandi. Bunga qadar, Dengizko‘l 2001 yilda, Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi 2008 yilda va To‘dako‘l hamda Quymazor suv omborlari 2020 yilda «Ramsar» ro‘yxatidan joy olgan.

Mavzuga oid