Bloger Olimjon Haydarov ishi yuzasidan tergov yakunlanib, ish sudga oshirildi
Tovlamachilikda gumonlanib qo‘lga olingan blogerga tergov davomida tuhmat va haqorat qilish ayblovlari ham qo‘yilgan.
10 oktabr kuni Farg‘ona viloyati huquq-tartibot idoralari bloger Olimjon Haydarovga nisbatan tergovni yakunlab, 13 oktabr kuni ishni Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona tuman sudiga o‘tkazdi. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi Aziz Abidov Kun.uz'ga ma’lum qilgan.
Xususan, tergov organi bloger Olimjon Haydarovga nisbatan Jinoyat kodeksining 139-moddasi 2-qismi (ommaviy axborot vositalarida, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki Internet jahon axborot tarmog‘ida joylashtirish orqali tuhmat qilish), 139-moddasi 3-qismi “a” bandi (og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyat sodir etishda ayblab tuhmat qilish), 140-moddasi 3-qismi “a” bandi (jabrlanuvchini o‘z xizmat yoki fuqarolik burchini bajarishi munosabati bilan bog‘liq holda haqorat qilish), 165-moddasi 2-qismi “a” “b” bandlari (takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan, ko‘p miqdorda tovlamachilik qilish) bilan ayb e’lon qilgan.
Oliy sud matbuot xizmati sud muhokamasi sanasi keyinroq e’lon qilinishi ta’kidladi. Olimjon Haydarovning advokati Dilshod Jabborov blogerga qo‘yilgan ayblovlar o‘z tasdig‘ini topmagan, deb hisoblashini aytdi.
Farg‘onalik bloger va jamoatchilik faoli Olimjon Haydarov 29 iyul kuni tovlamachilikda gumonlanib qo‘lga olingan edi. Rasmiylar u Qo‘qondagi bozor haqida salbiy mazmundagi maqolani chiqarmaslik uchun pul talab qilganini ta’kidlagan. Qo‘lga olingan bloger Olimjon Haydarovga qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangandi.
Mavzuga oid
17:48
Jismoniy shaxslarga davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish tartibi belgilandi
11:25 / 21.11.2024
2024 yilda 30 mingdan ortiq o‘zbekistonliklar tuhmat va haqorat qilgani uchun sudlandi
22:25 / 12.11.2024
Sud Pop tumani hokimining o‘g‘lini qamoqqa qaytardi
10:16 / 12.11.2024