Jahon | 20:58 / 14.10.2023
18017
2 daqiqa o‘qiladi

Saudiya Arabistoni Isroil bilan munosabatlarni normallashtirishni to‘xtatdi - OAV

Saudiya Arabistoni rasmiylari Isroil bilan munosabatlarni normallashtirish kelishuvini tayyorlash bo‘yicha muzokaralarni keyinga qoldirdi.

Foto: MNA

Reuters xabariga ko‘ra, Saudiya Arabistoni munosabatlarni normallashtirish bo‘yicha muzokaralarni qo‘llab-quvvatlovchi AQSh rasmiylariga o‘z pozitsiyasini yetkazgan. Ar-Riyoz bu qadamni diplomatik muzokaralarning yakuni sifatida emas, balki pauza sifatida baholagan.

Nomi oshkor etilmagan AQSh rasmiysi Oq uy Saudiya Arabistoni rasmiylari bilan aloqadaligini va tashabbus to‘xtatilgani haqida ma’lumot olmaganini aytdi. Shu bilan birga, boshqa manbaning ta’kidlashicha, Ar-Riyoz bu haqda Vashingtonni xabardor qilgan.

Saudiya Arabistoni hukumati jurnalistlarning bu haqdagi so‘rovlariga javob bermadi.

HAMAS Isroilga hujum qilishidan oldin, 7 oktyabr kuni Isroil va Saudiya Arabistoni rahbarlari kelishuv sari harakat qilishiga ishonchi komil ekanligini aytishgan edi.

Munosabatlarni normallashtirish kelishuvi Saudiya Arabistoni tomonidan Isroilni tan olishi va u bilan diplomatik, savdo aloqalarini boshlashini nazarda tutadi. Bunga javoban Saudiya Arabistoni Isroildan falastinliklarga yon berishini, AQSh esa xavfsizlik kafolatlari va yadro dasturida yordam berishini istaydi. Avvalroq, Ar-Riyoz va Vashington kelishuvning umumiy konturlari bo‘yicha kelishib olgan edi.

G‘arb matbuoti Saudiya Arabistoni va Isroil o‘rtasidagi munosabatlarni normallashtirish bo‘yicha kelishuv Yaqin Sharqdagi so‘nggi o‘n yilliklardagi eng muhim tinchlik kelishuvi ekanini ta’kidlamoqda.

Arab dunyosining aksariyat davlatlari hamon Isroilni tan olishdan bosh tortib keladi. 1979 yilda Misr Isroilni tan olgan birinchi arab davlatiga aylandi. Iordaniya buni 1994 yilda, Bahrayn va Birlashgan Arab Amirliklari esa 2020 yilda amalga oshirgan.

Mavzuga oid