Jahon | 16:22 / 15.10.2023
18411
7 daqiqa o‘qiladi

Isroil-HAMAS urushi, to‘qqizinchi kun. TsAHALning G‘azo sektoridagi quruqlik amaliyoti kechiktirildi

Bunga noqulay ob-havo sharoiti sabab bo‘lmoqda. Hozirda hududda kuchli yomg‘ir sabab suv toshqinlari yuzaga kelgan, Tel-Avivning ham ba’zi joylarini suv bosgan.

Foto: Reuters

Isroil va HAMAS harakati o‘rtasidagi urush to‘qqiz kundirki davom etmoqda. Harbiy harakatlar 7 oktyabr kuni G‘azo sektori hududidan turib raketa zarbalari berilishi, buning ortidan HAMAS va «Islom jihodi» guruhlari a’zolari Isroil hududiga kirib kelishi bilan boshlangandi. Falastinliklarning Isroil janubiga uyushtirgan reydi oqibatida 1300 dan ortiq isroillik halok bo‘lgan, 3400 atrofidagi kishi yaralangan. Bunga javoban Isroil o‘sha kuniyoq G‘azo sektori bo‘ylab yoppasiga aviazarbalar bera boshladi.

Shu bilan birga, Isroil mudofaa armiyasining (TsAHAL) shu hafta oxirida boshlanishi mo‘ljallangan quruqlik amaliyoti bir necha kunga kechiktirilgan, buning sabablaridan biri noqulay ob-havo sharoitidir, deya yozgan The New York Times Isroil armiyasidagi yuqori martabali manbaga tayangan holda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bulutli ob-havo quruqlikdagi qo‘shinlarni havodan turib qo‘llab-quvvatlashi kerak bo‘lgan isroillik uchuvchilar va dron operatorlarining imkoniyatlarini cheklashi mumkinligi shunday qarorga sabab bo‘lgan. Quruqlik amaliyotida o‘n minglab askarlar, tanklar, sapyorlar, aviatsiya hamda artilleriya tomonidan qo‘llab-quvvatlab turiladigan maxsus topshiriqli bo‘linmalar ishtirok etishi kutilmoqda.

TsAHAL matbuot xizmati 14 oktyabr kuni kechqurun Isroil armiyasi quruqlik amaliyotiga tayyor ekani haqida xabar tarqatgandi. Bundan oldinroq harbiylar G‘azodagi tinch aholini sektor janubiga evakuatsiya bo‘lishga chaqirgandi. HAMAS esa bu bayonotga e’tibor bermaslikka chaqirgan.

Isroil qanday javob qaytarmoqda?

Isroil mudofaa armiyasi 15 oktyabrga o‘tar kechasi G‘azo sektori bo‘ylab yo‘llangan aviazarbalar oqibatida HAMASning «Nuhba» bo‘linmasi qo‘mondoni Bilol Al-Kedra o‘ldirilganini ma’lum qildi.

Isroillik harbiylar hisoblashicha, Xon-Yunis shahridagi «Nuhba» qo‘mondoni Isroilning G‘azo sektori bilan chegaradagi Nirim kibutsida uyushtirilgan qirg‘in uchun mas’ul hisoblanadi. Aviazarba chog‘ida HAMAS va «Islom jihodi»ning boshqa a’zolari ham o‘ldirilgani aytilgan.

14 oktyabr kuni kechqurun va 15 oktyabrga o‘tar kechasi TsAHAL G‘azo sektorida Zaytun, Xon-Yunis va g‘arbiy Jabaliyadagi yuzdan ortiq nishonlarga zarbalar yo‘llagan. HAMASning qo‘mondonlik markazlari, harbiy komplekslar, raketa uchirish qurilmalari va kuzatuv punktlari zarbalar nishoni bo‘lgan. Shuningdek, «Islom jihodi» qo‘mondonlik markazlari ham nishonga olingan, deyiladi Isroil mudofaa armiyasi matbuot xizmati xabarida.

Avvalroq New York Times gazetasi isroillik harbiylarning hisobotiga asoslangan holda Isroil harbiy qo‘mondonligi G‘azo shahrini egallash uchun 10 ming kishilik qo‘shin yuborish va sektor rahbariyatini «yo‘q qilish»ni rejalashtirayotgani haqida xabar tarqatgandi. Hisobotda aytilishicha, bu 2006 yilgi Ikkinchi Livan urushi (o‘shanda Isroil va «Hizbulloh» harakati o‘rtasida urush chiqqandi) davridan buyon eng yirik yurish bo‘ladi va TsAHAL G‘azo sektorining bir qismini kamida ma’lum vaqtga qo‘lga olishga harakat qiladi. Shundan keyinroq quruqlik amaliyoti bulutli havo sharoiti tufayli kechiktirilishi haqida xabarlar chiqdi.

Taxminlarga ko‘ra, harbiy harakatlar tor va aholi yashash manzillari tig‘iz joylashgan hududda bo‘lib o‘tishi inobatga olingan holda, amaliyot bir necha oyga cho‘zilishi mumkin.

Isroilga yordam

Pentagon Isroil sohillariga bir hafta ichida samolyot tashuvchi ikkinchi kemani yubormoqchi. AQSh Mudofaa vazirligi rasmiylariga ko‘ra, «Duayt Eyzenhauyer» aviatashuvchi kemasi O‘rta Yer dengizining sharqiy qirg‘oqlariga taxminan ikki haftada yetib borishi mumkin. 

CNN xabariga ko‘ra, AQSh harbiy kemalari G‘azodagi harbiy harakatlarda ishtirok etishi mo‘ljallanmagan, ammo ularning borligi Eron va mintaqadagi ushbu mamlakat ta’siridagi boshqa kuchlar uchun aniq signal vazifasini o‘tashi kerak.

Bungacha Isroil sohillari yaqiniga «Jyerald R. Ford» aviatashuvchisi yetib kelgandi.

Falastin-Isroil mojarosi. Boshqa ma’lumotlar:

  • Isroil mudofaa armiyasi tun davomida G‘azodagi yuzdan oshiq harbiy obektlar, jumladan HAMAS shtab-kvartirasi va komplekslariga hujum qilgani haqida ma’lumot berdi.
  • Isroil mudofaa armiyasi matbuot kotibi HAMAS tinch aholi vakillari G‘azo shimolidan anklav janubiga ko‘chishiga to‘sqinlik qilayotgani, guruh uchun inson hayoti ahamiyatsiz ekani haqida gapirdi.
  • O‘tgan bir kun ichida G‘azoda yana 300 ga yaqin kishi halok bo‘lgan. Falastin sog‘liqni saqlash vazirligiga ko‘ra, Isroil aviatsiyasi zarbalari oqibatida G‘azo sektorida kamida 2329 falastinlik halok bo‘lib, yana 9714 kishi yaralangan.
  • Isroil mudofaa armiyasi HAMAS bilan so‘nggi to‘qnashuvlar vaqtida halok bo‘lgan yana yetti harbiy nomini e’lon qildi. 7 oktyabr kundan buyon halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar soni 286 nafarga yetdi. Tinch aholi orasidagi qurbonlar soni 1,3 mingdan ortiq.
  • BMTning qochqinlar ishlari bo‘yicha agentligi G‘azoga suv yetkazib berish to‘xtatilganidan keyin u sektor aholisi uchun «hayot mamot masalasi»ga aylanganini ma’lum qildi. G‘azoning o‘zida ichimlik suvi manbalari deyarli yo‘q va ikki milliondan ortiq aholi uchun suv bu yerga Isroil hududidan olib kelinardi.
  • Isroil uch soatga G‘azodan chiqish uchun yo‘lak ochmoqchi. Isroil mudofaa kuchlarining evakuatsiya to‘g‘risidagi so‘nggi xabarida hali ham G‘azo shimolida bo‘lib turgan tinch aholi vakillari mahalliy vaqt bilan soat 10:00 dan soat 13:00 gacha bu yerni tark etishi lozimligi keltirilgan.
  • AQSh prezidenti Jo Bayden Falastin prezidenti Mahmud Abbos bilan telefon orqali muloqot o‘tkazdi, falastinliklar yetakchisi Isroil G‘azo sektorida xalqaro gumanitar huquqqa rioya etishi va bombalashni to‘xtatishini, shuningdek, bu yerga gumanitar yo‘lak ochishni so‘ragan.
  • JST gumanitar yuklari ortilgan samolyot Misrga uchib keldi, u 300 ming kishiga mo‘ljallangan birlamchi zarur mahsulotlar, shuningdek dori-darmon va 1200 nafar yarador uchun tibbiy materiallarni ham o‘z ichiga oladi.
  • Eronning BMT qoshidagi missiyasi agar Isroil «harbiy jinoyatlar va genotsid»ni zudlik bilan bas qilmasa, «vaziyat nazorat ostidan chiqishi va jiddiy oqibatlarga olib kelishi» mumkinligidan ogohlantirgan.

Mavzuga oid