“Daraxtlarni nomiga emas, hayotimiz, ertangi kunimiz uchun ekish kerak” - Shavkat Mirziyoyev
Prezident mas’ullar, mahalla raislari va barcha aholini “Yashil makon” loyihasida faol bo‘lishga chaqirdi. Kuni kecha Shavkat Mirziyoyev Chilonzordagi mahallada daraxt ekib, loyihaning kuzgi mavsumini ochib bergandi. 1 dekabrgacha respublika bo‘ylab 85 mln tup ko‘chat ekish rejalashtirilgan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 11 oktyabr kungi selektorda “Yashil makon” umummilliy loyihasining dolzarbligi haqida gapirdi. Davlat rahbarining nutqi videosi “Menimcha” ko‘rsatuvida namoyish etilgan.
“Yashil makon”ni nomiga emas, o‘zimizning hayotimiz, nafas olishimiz, o‘pkamiz tozaligi uchun qilsak, o‘zimiz uchun kerak-ku bu? Jamiyatimiz uchun, sog‘lig‘imiz uchun kerak. Kerak bo‘lsa, g‘ururimiz uchun, iftixorimiz uchun kerak. “Yashil makon” – millatimizga, mamlakatimizga, ertangi kunimizga kerak.
Kimdir kelib O‘zbekistonda bizning ekologiyamizni to‘g‘rilab bermaydi. Kimdir kelib mahallamizga, Orolning qurigan tubiga daraxt ekib bermaydi hech qachon. Faqat va faqat temir intizom va o‘zimizning tinimsiz, mashaqqatli mehnatimiz natijasida pirovard maqsadga erishamiz.
Ayniqsa mahalla raislari – men ishongan, men hurmat qilgan mahalla raislari – mana shunga jonkuyar bo‘lishlari kerak. Har bir xonadon bir yilda ikkitagina tup daraxt eksin. Har bir tashkilot har yili o‘ntagina daraxt eksin.
Hamma o‘rnak bo‘lishi kerak. Jamiyatimizda bunga befarqlik bo‘lmasligi kerak. Shunday muhit yaratishimiz kerakki, daraxtga bo‘lgan munosabatni uyimizdan, xonadonimizdan, oilamizdan, nevaramizdan, farzandimizdan, jamiyatimizdan, mahallamizdan boshlasak, o‘ylaymanki, yutuq, natija biz kutgandek bo‘ladi”, – dedi prezident.
Shavkat Mirziyoyev 14 oktyabrda Toshkent shahri Chilonzor tumanidagi Oqtepa va Bog‘zor mahallalari ahli bilan ko‘rishib, “Yashil makon” loyihasi doirasida kuzgi daraxt ekish mavsumini boshlab berdi.
Mavsum doirasida 1 dekabrgacha respublika bo‘ylab 85 million tup ko‘chat ekish rejalashtirilgan.
O‘rmon xo‘jaligi agentligi har bir mahallaga 200 tadan ko‘chatni bepul yetkazib berishi kerak. Viloyatlar hokimlari ham 300 ming dona ko‘chatni mahallalarga bepul tarqatadi.
Prezident o‘tgan yillardagi xatolarni takrorlamaslik shartligini ta’kidlagan.
Mavzuga oid
13:42 / 23.11.2024
Shavkat Mirziyoyev “Yashil makon” loyihasi doirasida barpo etilayotgan yangi bog‘ga ko‘chat ekdi
16:47 / 22.11.2024
Daraxtlarga kimyoviy vositalar bilan shikast yetkazganlik uchun javobgarlik belgilandi
16:18 / 15.11.2024
Yangiyo‘lda 5 tup daraxtni kesib tashlagan shaxs tabiatga 533 mln so‘m zarar yetkazdi
17:40 / 08.11.2024