O‘tmishdagi aktyor, basketbolchi, shifokor: HAMAS yetakchilari haqida nimalar ma’lum?
7 oktyabr kuni tongida HAMAS Isroilga qarshi keng ko‘lamli va yaxshi muvofiqlashtirilgan «Al-Aqso to‘foni» amaliyoti boshlanganidan buyon Isroil maxsus xizmatlarini g‘aflatda qoldirgan ushbu hujum tashkilotchilari kimlar ekani haqida tobora ko‘proq savol berilmoqda.
Falastinliklarning G‘azo sektorini nazorat qiluvchi harbiylashgan HAMAS tuzilmasi yetakchilaridan ayrimlari ba’zida yuziga niqob tutgan holda OAVda ko‘rinish beradi. Tashkilot boshqaruvining ko‘plab vakillari esa o‘z hayotining katta qismini Isroil razvedkachilaridan yashirinib o‘tkazgan.
BBC HAMASning eng ko‘zga ko‘ringan yetakchilari — siyosiy arboblar va «Izz ad-Din al-Qassam» brigadasi harbiy qo‘mondonlaridan iborat ro‘yxatni taqdim etdi.
Muhammad Deyf
Deyfning haqiqiy ismi — Muhammad Diab al-Masriy (shuningdek, Abu Xolid yoki Al-Deyf sifatida ham ma’lum). U HAMASning harbiy qanoti bo‘lmish «Izz ad-Din al-Qassam» brigadasiga rahbarlik qiladi. 1965 yilda G‘azoda tug‘ilgan.
Falastinliklar uni HAMASning «miyasi» deb bilishadi, isroilliklar uchun esa u «O‘lim darakchisi» yoki «To‘qqiz joni bor kurashchi» sifatida ma’lum.
Deyf G‘azodagi Islom universitetining bakalavr diplomini olgan. Talabalik yillarida aktyorlikka (teatrga ham) mehr qo‘ygan va hatto u yerda sahna guruhi tuzgan.
1987 yilda HAMAS tashkil etilgani haqida e’lon qilinganida, Deyf birinchilardan bo‘lib uning saflariga kirgan. 1989 yilda u Isroil hukumati tomonidan hibsga olingan va 16 oyni panjara ortida o‘tkazgan — sudsiz va tergovsiz, shunchaki HAMAS harbiy apparatida ishlagani uchun.
Hibsdaligi chog‘ida Deyf Zakariyo Al-Shorbagiy va Saloh Shehad bilan isroillik askarlarni qo‘lga olish uchun HAMASdan alohida tuzilma — «Al-Qassam brigadasi»ni tuzish bo‘yicha kelishib oladi.
Qamoqdan chiqqanidan keyin Deyf turli brigadalarni yagona harbiy tuzilmaga birlashtirib, (boshqa brigadalar yetakchilari bilan birgalikda) «Izz ad-Din al-Qassam»ning asoschilaridan biriga aylanadi.
U shuningdek HAMAS a’zolari blokpostlarni chetlab o‘tgan holda Isroil hududiga kirishini ta’minlaydigan tunnellar tizimini ishlab chiqadi va ko‘p miqdord raketa uchirishni faol yoqlaydi.
Ammo unga qo‘yilgan eng jiddiy ayblov — 1996 yilgi terakt uchun bomba tayyorlagani (o‘shanda avtobuslardagi portlashlar oqibatida 50 ga yaqin isroilliklar halok bo‘lgan) uchun o‘ldirilgan Yahyo Ayyash o‘limiga javoban «qasos amaliyoti» seriyasini ishlab chiqish hamda unga to‘g‘ridan to‘g‘ri rahbarlik qilish, shuningdek, 1990-yillar o‘rtalarida uch isroillik askar o‘ldirilishida ishtirok etishi bo‘yicha.
2000 yilda Isroil hukumati uni yana bir bor qo‘lga oladi va qamoqqa tashlaydi, ammo Deyf Ikkinchi intifoda boshlangan vaqtda qochib ketishga muvaffaq bo‘ladi, shundan keyin u haqda deyarli hech narsa ma’lum emas: u o‘z ortidan iz qoldirmaslikka harakat qiladi.
Isroilliklarga Deyfning faqat uch surati ma’lum: fotolardan biri olinganiga juda ko‘p vaqt bo‘lgan, o‘shanda u hali juda yosh edi, boshqasida esa uning yuzi niqob bilan to‘silgan, uchinchisida — uning faqat soyasi ko‘ringan.
Uning hayotiga qilingan suiqasdlardan eng jiddiysi 2002 yildagi urinish edi: Deyf mo‘jiza tufayli omon qoladi, ammo portlash vaqtida bir ko‘zidan ayriladi. Isroil rasmiylariga ko‘ra, boshqa suiqasdlar oqibatida u oyoq va qo‘lidan ham ayrilgan, shuningdek, so‘zlash qobiliyatida muammo yuzaga kelgan.
2014 yilda, Isroilning G‘azo sektorida qariyb sakkiz hafta davom etgan amaliyoti vaqtida isroillik harbiylar uning rafiqasi va ikki farzandini o‘ldiradi, ammo Deyf yana omon qoladi.
U «Abu Xolid» laqabini «Kloun» piyesasida shu nomdagi personajni o‘ynash orqali olgan. Haqiqiy Abu Xolid tarixiy shaxs bo‘lib, ilk o‘rta asrlarda yashagan.
«Deyf» so‘zi esa arabchada «mehmon» ma’nosini anglatadi. U bunday laqabni hech qachon bir joyda uzoq qolmasligi, Isroil maxsus xizmatlari izlab topa olmasligi uchun har kecha tunash joyini o‘zgartirishi tufayli tanlagan.
Marvan Issa
Marvan Issa yoki «soya odam» — Muhammad Deyfning o‘ng qo‘li. U «Izz ad-Din al-Qassam» brigadasi bosh qo‘mondoni o‘rinbosari, HAMAS siyosiy kengashi va harakat harbiy byurosi a’zosi.
Birinchi intifoda yillarida HAMAS bilan aloqalari (u harakatga juda yoshligida a’zo bo‘lgan) tufayli Isroil maxsus xizmatlari uni besh yil mobaynida hibsda ushlab turadi.
Isroildagilar u tirik ekan HAMAS bilan «intellekt urushi»da g‘alaba qozonib bo‘lmasligi, chunki Issa «shu qadar aqlliki, plastikni metallga aylantirishi mumkinligi»ni aytishadi.
Yoshligida u umidli basketbolchi sifatida ko‘rilgan, ammo uning sportdagi karerasi o‘xshamaydi, chunki 1987 yilda HAMAS bilan aloqalari uchun Isroil maxsus xizmatlari tomonidan ushlanadi.
10 yil o‘tib, 1997 yilda u yana bir bor hibs etiladi, bu safar Falastin ma’muriyati tomonidan. U uch yil o‘tib, 2000 yilda, Ikkinchi intifoda boshlanganida («Al-Aqso intifodasi») ozodlikka chiqadi.
Qamoqdan chiqarilganidan so‘ng Issa «Al-Qassam brigadasi» harbiy tuzilmalari rivojida muhim rol o‘ynaydi.
HAMASdagi mavqeyidan kelib chiqqan holda u Isroil razvedkasi tomonidan eng ko‘p qidiriluvchilar ro‘yxatida bo‘ladi. 2006 yilda, HAMAS harbiy rahbariyati a’zolari uchrashuvi chog‘ida Isroil maxsus xizmatlari unga suiqasd uyushtiradi, uning natijasida Issa jiddiy yaralanadi, ammo tirik qoladi.
2014 va 2021 yillarda G‘azo sektoriga keng ko‘lamli bosqinlar uyushtirilgan vaqtlarda Isroil aviatsiyasi uning uyiga ikki marta zarba bergan. Zarbalar oqibatida Issaning ukasi halok bo‘lgan, ammo o‘zi yana o‘limdan qutulib qolgan.
2011 yilga qadar maxsus xizmatlar u qanday ko‘rinishda ekanini ham bilishmagan (1987 yilda qo‘lga olingan shaxs u bo‘lgani keyinroq oydinlashadi) — o‘shanda Falastin rahbariyatining Isroil besh yildan ortiq vaqt mobaynida HAMAS asirligida bo‘lgan askar Gilad Shalit evaziga qo‘yib yuborgan falastinliklar bilan uchrashuvi vaqtida olingan suratda yuzi ko‘ringanlardan biri u ekani ma’lum bo‘ladi.
Isroil maxsus xizmatlariga uning Abu Al-Baraa sifatidagi boshqa nomi ham ma’lum va uning so‘nggi o‘n yillikdagi chegara orqali qilingan qator reydlarga, jumladan so‘nggisi — «Al-Aqso to‘foni»ga aloqadorligiga shubha qilishmaydi.
Falastinliklarning zarbasi naqadar kuchli bo‘lgani, bunday keng ko‘lamli bosqinni tashkillashtirish darajasi hamda zarbdor guruhlarning razvedka va texnik ko‘mak bo‘linmalari bilan aniq muvofiqlashtirilgani, shuningdek aholi yashash manzillari va harbiy obektlarni shturm qilishga urg‘u qaratilgani — bularning barchasi, isroilliklar fikricha, amaliyotni tayyoyorlashda «Soya odam» ham ishtirok etganidan dalolat beradi.
Yahyo Sinvar
HAMAS harakati yetakchisi va uning G‘azo sektoridagi siyosiy byurosi rahbari Yahyo Ibrohim Al-Sinvar 1962 yilda tug‘ilgan. U HAMASning «Majid» nomli xavfsizlik xizmati asoschisi hisoblanadi, bu xizmat Isroilning ehtimoliy josuslarini aniqlash va Isroil razvedkasi hamda maxsus xizmatlarining aniqlangan xodimlarini kuzatish bilan shug‘ullanadi.
Sinvar uch marta hibsga olingan. Birinchi bor — 1982 yilda, u o‘shanda to‘rt oy muddatga ma’muriy qamoqqa olingan.
1988 yilda Sinvar uchinchi bor hibsga olinadi va to‘rt karra umrbod qamoq jazosiga hukm etiladi. Ammo, u jazoni o‘tayotganida tanki raketa zarbasiga uchragan isroillik askar Gilad Shalit HAMAS tomonidan asirga olinadi.
Shalit bilan bog‘liq hodisa Isroilda ulkan rezonans keltirib chiqaradi, uni qo‘llab-quvvatlash uchun ko‘plab yirik namoyishlar o‘tkaziladi va mamlakat hukumati ushbu serjantni ozod etish uchun istalgan chorani qo‘llashga tayyor edi. Alaloqibat, besh yarim yil o‘tib, 2011 yilda uni Isroil qamoqxonalarida jazoni o‘tayotgan mingdan ortiq falastinliklarga almashtirish evaziga garovdan qutqarib olishga muvaffaq bo‘linadi.
HAMAS va FATHning qo‘yib yuborilgan a’zolari orasida Yahyo Sinvar ham bor edi. Ozodlikka chiqqanidan keyin u harakatning ko‘zga ko‘ringan namoyondalaridan biri sifatida yana HAMAS siyosiy byurosidan o‘rin egallaydi.
2015 yil sentabrida AQSh Kongressi Sinvarni «xalqaro terrorchilar» ro‘yxatiga kiritadi.
2017 yil 13 fevralida u HAMASning G‘azodagi siyosiy byurosi rahbari etib saylanadi.
Abdulla Barg‘utiy
Barg‘utiy 1972 yilda Kuvaytda tug‘ilgan, ammo 1990 yilda, Fors qo‘ltig‘idagi Ikkinchi urushdan keyin Iordaniyaga ketgan.
Iordaniya fuqaroligini olgach, Janubiy Koreya universitetiga o‘qishga kirib, bu yerda uch yil mobaynida muhandis-elektrik yo‘nalishida tahsil olgan. U shu yerda portlovchi moddalar ishlab chiqarishni o‘rgangan, lekin unga Falastinga kirishga ruxsat berilganidan voqif bo‘lgach, o‘qishni bitirmagan va diplom olmagan.
Avvaliga uning portlash texnikalaridan xabardorligi atrofidagilar uchun sir bo‘lib qoladi, toki kunlardan bir kun esa G‘arbiy sohildagi chekka hududda o‘z amakivachchasi Bilol Al-Barg‘utiyga nimalarga qodirligini namoyish etmagunicha. Bilol ko‘rganlari haqida o‘z komandiriga aytib beradi va Abdulla Barg‘utiy «Al-Qassam brigadasi» safiga kirish uchun taklif oladi.
Bu yerda Abdulla Muhandis laqabini oladi, chunki u nafaqat tizzaga detonatorlarni o‘rab qo‘ya olgan, balki kartoshkadan ham portlovchi va zaharli moddalar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan.
Barg‘utiy o‘z shahridagi omborlardan birini amalda harbiy zavodga aylantiradi.
2003 yilda u tasodifan Isroil maxsus topshiriqli bo‘linmasi tomonidan qo‘lga olinadi va uch oy davomida tergov qilinadi.
Barg‘utiy o‘nlab isroilliklar o‘limi uchun shaxsan javobgar deb hisoblashadi va unga qarshi ikkinchi sud ishida ko‘plab qurbonlarning oila a’zolari hozir bo‘ladi.
U Isroil adliya tarixidagi eng uzoq muddatli qamoq jazosini oladi — bu butun adliya tarixidagi eng katta muddat bo‘lishi ham mumkin: 67 umrbod qamoq jazosi va yana 5200 yilga ozodlikdan mahrum etish jazosi.
U ayni vaqtda ham Beyt-Shean yaqinidagi Gilboa qamoqxonasida saqlanadi. U ma’lum vaqt yakkalik kamerada saqlangan, ammo u yerda ochlik e’lon qilganidan keyin, ortga qaytarishga to‘g‘ri kelgan.
Isroil hukumati Barg‘utiyni 2011 yilgi Gilad Shalit evaziga mahbuslar almashuviga qo‘shishga rozi bo‘lmagan.
U qamoqdaligida o‘z hayoti haqida kitob yozib, o‘zini «Soya shahzodasi» deb atagan. Unda o‘z hayoti va boshqa mahbuslar bilan birgalikda o‘tkazgan amaliyotlar tafsilotlarini keltiradi — Isroil harbiy blokpostlari orqali portlovchi moddalar olib o‘tish, masofadan turib portlatish va hokazolar haqida.
Ismoil Haniya
Abu Al-Abd laqabli Ismoil Abdul Salom Haniya falastinlik qochqinlar lagerida tug‘ilgan. U HAMAS harakati siyosiy byurosi va G‘azodagi Falastin muxtoriyatini boshqaradi. 2006 yildan buyon G‘azodagi hukumat rahbarligida qolmoqda.
1989 yilda Isroil uni uch yilga qamagan, bu muddat yakunlangach, Haniya (HAMASning boshqa yetakchilari bilan birga) Isroil va Livan o‘rtasidagi betaraf hudud — Marj al-Zuhurga o‘tkazilgan va bu yerda ham yana bir yilni o‘tkazgan.
Shundan keyin G‘azoga qaytgan va 1997 yilda HAMAS harakati diniy rahnamosi shayx Ahmad Yosinning o‘ng qo‘li va kotibiga aylangan, bu esa uning pozitsiyasini sezilarli darajada mustahkamlagan.
2006 yil 16 fevralida HAMAS Haniyani Falastin bosh vaziri lavozimiga tayinlaydi va u 20 fevral kuni bu lavozimga kirishadi.
Bir yil o‘tib Haniyaning hukumati Falastin muxtoriyati prezidenti Mahmud Abbos ma’muriyati tomonidan tarqatib yuboriladi, ammo HAMAS bu qarorni noqonuniy deb e’lon qiladi va kabinet ishlashda davom etib, amalda G‘azo sektori ustidan to‘liq nazorat o‘rnatadi.
Bu yerda hokimiyat uchun kurash bir hafta davom etadi va yakunda Abbos rahbarligidagi FATH harakati kuchlari sektor hududidan butunlay siqib chiqariladi. Shu bilan birga, Haniya o‘tgan vaqt ichida bir necha bor FATHni tinchlik sulhi tuzishga chaqirgan.
2017 yil 6 mayida u HAMAS siyosiy byurosi rahbarligiga saylangan va 2022 yilda aynan shu lavozimda Rossiyaga tashrif buyurib, TIV rahbari Sergey Lavrov tomonidan qabul qilingan va HAMAS «Rossiya tashqi siyosatining ko‘plab pozitsiyalari»ga qo‘shilishini bildirgan.
U shuningdek Davlat dumasi deputatlari qarshisida ham chiqish qilib, Qozonga ham borgan va Tatariston rahbari Ruslan Minnixanov bilan uchrashgan.
Bundan to‘rt yil oldin AQSh Davlat departamenti Haniyani terrorchi deb topgandi.
Xolid Mashaal
Xolid Mashaal (uni Abu Al-Volid deb ham atashadi) 1956 yilda Iordanning G‘arbiy sohilidagi Silvad qishlog‘ida tug‘ilgan. U shu yerda boshlang‘ich ta’limni olgan, ammo maktabni Kuvaytda tamomlagan, uning oilasi ushbu mamlakatga ko‘chib o‘tgandi.
Mashaal — HAMAS asoschilaridan biri hisoblanadi, harakat tashkil topgan vaqtdagi yetakchilari qatorida bo‘lgan. 1996 yildan 2017 yilgacha u HAMAS Siyosiy byurosi prezidiumini boshqargan, 2004 yilda shayx Ahmad Yosin vafot etganidan keyin aynan u harakatning yangi rahbari etib tayinlangandi.
1997 yilda Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu Isroil razvedkasidan (Mossad) Xolid Mashaalni o‘ldirish rejasini ishlab chiqishni shaxsan so‘raydi. Shundan so‘ng Mossadning 10 nafar josusi Kanadaning soxta pasportlari bilan o‘sha vaqtda Mashaal yashab turgan Iordaniyaga kiradi va Omandagi sayr vaqtida yo‘lidan chiqib, unga zaharlovchi modda yuboradi.
Iordaniya hukumati qotillikka urinishdan xabar topadi va Mossadning ikki xodimini qo‘lga oladi. O‘shanda Iordaniya qiroli Husayn Isroil bosh vaziri foydalanilgan toksinga qarshi ziddi zaharni berishni so‘raydi, ammo Netanyahu avvaliga rad javobini beradi.
Suiqasd kuchli siyosiy tus oladi va mojaroga AQShning o‘sha vaqtdagi prezidenti Bill Klinton aralashib, Netanyahuni Iordaniyaga zarur antidotni yuborishga ko‘ndiradi.
2006 yil martida Mashaal HAMAS delegatsiyasining Moskvaga tashrifiga rahbarlik qilgan, Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov va butun rus patriarxi Aleksiy II bilan uchrashgan. Mashaal 2007 yilda ham Moskvaga boradi.
11 yoshida ota-onasi bilan ko‘chib ketgan Maashal faqat 2012 yil 7 dekabrida G‘azo sektoriga qaytadi. Misr bilan chegaradagi Rafah nazorat-o‘tkazish punktida uni Falastin muxtoriyati yetakchilari delegatsiyasi kutib oladi, G‘azo shahriga qadar yo‘l bo‘yi Mashaalni oddiy falastinliklar olqishlashadi.
Mahmud Zahar
Mahmud Zahar 1945 yilda G‘azo shahrida, falastinlik ota va misrlik ona oilasida tug‘ilgan, ilk bolalik chog‘larini Misrning Ismoiliya shahrida o‘tkazgan.
U maktabni to‘liq G‘azoda o‘qiydi, keyin Qohiradagi Ayn-Shams universitetiga o‘qishga kiradi, 1971 yilda umumiy tibbiyot yo‘nalishida bakalavr diplomini, 1976 yilda esa — umumiy jarrohlik yo‘nalishida magistr diplomini qo‘lga kiritadi. O‘qishni tugatgach, G‘azo va Xon-Yunisdagi shifoxonalarda ishlaydi, ammo Isroil hukumati siyosiy qarashlari tufayli uning ishdan bo‘shattiradi.
Zaharni HAMAS siyosiy rahbariyatidagi eng nufuzli a’zolardan biri sifatida bilishadi.
1988 yilda, HAMASga asos solinganidan bir yarim yil vaqt o‘tganida, Mahmud Zahar qo‘lga olinadi va olti oyni Isroil qamoqxonasida o‘tkazadi. 1992 yilda Isroildan olib chiqilib, Marj al-Zuhur shahrida kuzatuv ostida saqlangan falastinlik yetakchilar qatorida u ham (Ismoil Haniya bilan birga) bor edi.
2005 yilda HAMAS Falastin muxtoriyatidagi umummilliy saylovlarda g‘olib bo‘lgach, Zahar Ismoil Haniyaning yangi hukumatida tashqi ishlar vaziri lavozimini egallaydi — ko‘p o‘tmay Haniya bilan birgalikda Mahmud Abbos tomonidan iste’foga chiqariladi, bu voqea esa keyin Falastinning ikkiga ajralishiga olib keladi.
Ammo Zahar bundan oldinroq suiqasdni boshdan kechirgandi, Isroil maxsus xizmatlari uning G‘azo sektoridagi uyiga qariyb 500 kilogrammlik bomba tashlaydi. Zarba oqibatida uning katta o‘g‘li Xolid halok bo‘ladi, o‘zi esa yengil jarohat bilan qutulib qoladi.
2008 yilda Zahar ikkinchi o‘g‘lidan ham ayriladi: Hossam «Al-Qassam» brigadasining isroillik harbiylar 15 yanvar kuni G‘azo sektori sharqida o‘tkazgan reydi vaqtida o‘ldirilgan 18 jangchisidan biri edi.
Zahar bir qancha intellektual esselar, siyosiy chiqishlar va boshqa adabiy asarlar muallifi, jumladan, «Zamonaviy jamiyat muammolari… Qur’on nuqtayi nazaridan», «Quyosh ostida joy yo‘q» (Binyamin Netanyahuning «Quyosh ostidagi joy» nomli kitobiga javoban yozilgan) va «Trotuarda» romani.
Mavzuga oid
17:39 / 23.11.2024
2024 yilda gumanitar yordam xodimlari o‘limi bo‘yicha rekord o‘rnatildi – BMT
22:51 / 22.11.2024
Xalqaro jinoyat sudining orderi Isroilni nega qo‘rqityapti?
20:40 / 16.11.2024
HRW Isroilni G‘azo sektoridagi falastinliklarni majburan ko‘chirganlikda aybladi
09:20 / 16.11.2024