“Juda ehtiyotkor” - ekspertlar Turkiyaning Falastin-Isroil mojarosiga munosabati haqida
Erdo‘g‘an hokimiyatga kelgach, Turkiyaning Isroilga bu masaladagi munosabati keskinlashgan bo‘lsa-da, rasmiy Anqaraning tashqi siyosatida xavfsizlik birinchi o‘rinda turadi.
Kun.uz HAMAS-Isroil urushi atrofidagi vaziyatni siyosatshunoslar bilan tahlil qilishda davom etadi. “Geosiyosat” dasturining bu galgi sonida siyosatshunoslar Habibulloxon Azimov va Ravshan G‘oziyev Falastin–Isroil mojarosida Turkiyaning pozitsiyasi haqida so‘z yuritdi.
— Dastlab Turkiya va Falastin munosabatlariga to‘xtalsak.
Ravshan G‘oziyev: — Turkiya va Falastin munosabatlarida tarixiy va diniy omillar ustunlik qiladi. Tarixiy omil – Falastin hududi o‘z vaqtida Usmonli turklar davlatiga kirgani. Usmonlilar imperiyasining oxirgi davrlarida arab millatchiligi kuchayib, hududdagi arablar Britaniya yordamida turklarga qarshi kurash olib boradi. Shuning uchun ayrim turk tarixchilari arablarni turklarga xoinlik qilishda ayblaydi. Turkiyaning birinchi prezidenti Mustafo Kamol Otaturk “Yaqin Sharq turklarga vatan bo‘lmaydi”, deydi. Turkiya dastlabki respublika bo‘lgan paytlarida Yaqin Sharq masalasiga deyarli e’tibor qaratmaydi va faqat G‘arbga yo‘nalgan siyosat olib boradi.
BMT 1947 yilda Falastin va Isroil davlatlari tashkil topishi bo‘yicha rezolyutsiya qabul qiladi, bunga Turkiya qarshi bo‘ladi, ya’ni Isroil davlati tashkil topishiga. Lekin 1948 yilda Isroil davlati tuzilgan bo‘lsa, 1949 yildayoq musulmon davlatlar ichida birinchi bo‘lib Turkiya Isroilni tan oladi. Bu narsa o‘sha davrdagi Sovuq urush oqibatida ikki qutbli dunyo shakllanishi bilan izohlanadi, ya’ni Turkiya G‘arb tarafda bo‘lgan. 1950 yilda Isroil bilan diplomatik aloqalar ham o‘rnatadi. Shundan so‘ng 1952 yil fevralida Turkiya NATOga kiradi.
1956 yildagi Suvaysh inqirozida, ya’ni Misrning Suvaysh kanalini milliylashtirish dasturiga Angliya va Fransiya qarshi chiqadi, shunda ham Turkiya Angliya va Fransiya tarafini oladi. Umuman, Turkiya uzoq yillar Isroil tarafda bo‘lgan deyish mumkin. O‘sha paytda Isroilga qarshi asosiy arab davlatlaridan biri Misr edi. Lekin hozirda Isroilning eng yaqin ittifoqchilardan biri Misr hisoblanadi.
Falastin masalasi faqat HAMAS muammosidan iborat emas. Iordan daryosining G‘arbiy sohiliga isroilliklar ko‘chib kelyapti, Suriyaning Jo‘lan tepaliklari va Quddus masalalari bor. Turkiya Falastinning yagona bir butun davlat bo‘lishini istaydi. HAMAS 2006 yildan markaziy hukumatga bo‘ysunmaydi, G‘azo sektorini alohida idora qiladi. Turkiya 1967 yilgi chegaralanishni tan olib, Isroil va Falastin ikki alohida davlat bo‘lishini qo‘llab-quvvatlaydi.
2000 yillar boshida Masjidul Aqsodagi zo‘ravonliklardan keyin Turkiya va Isroil munosabatlari sovigan. 2002 yilda Erdo‘g‘an hokimiyatga kelgach, Isroilga qarshi chiqishlar qilib, o‘z pozitsiyasini ko‘rsatadi.
Habibulloxon Azimov: — Turkiya va Isroil munosabatlarini tushunish qiyin. Yahudiylarning Usmonliylar imperiyasidagi tarixi ham asosiy nuqtalardan biri. 1492 yilda Apennin yarimorolidagi musulmon va ispan yahudiylariga katolik dinini qabul qilish majburiyati qo‘yiladi. Shunda Boyazid II 200 mingga yaqin ispan yahudiylarini Istanbul, Izmir va boshqa shu kabi shaharlarga joylashtiradi.
Usmoniylar imperiyasi 1517 yilda Quddusni nazoratga olgach, Falastin hududlarida 400 yil davomida hukmronlik qiladi. 1917 yilda Quddus urushida inglizlarga mag‘lub bo‘lgan Usmoniylar qo‘shini shaharni tashlab chiqishga majbur bo‘ladi. Shundan keyin Falastin hududi inglizlar nazoratiga o‘tadi. Musulmonlar, nasroniylar, yahudiylar uchun Quddus muqaddas joy sanalgani uchun unga doim egalik qilishga urinishgan.
Yaqin Sharqda Turkiya va Isroilning manfaatlari kesishadigan nuqtalar bor. Suriyadagi Asad tizimining ketishidan Turkiya ham, Isroil ham manfaatdor. Ya’ni ularning mintaqaviy siyosatda mushtarak narsalari bor.
— Hozirgi real vaqtda Turkiyaning pozitsiyasi qanday?
Habibulloxon Azimov: — Turkiya bu mojarolarda betaraf turolmaydi. Musulmon dunyosida Erdo‘g‘an hokimiyati ostidagi Turkiya qutqaruvchi bir davlat sifatida ko‘riladi. Ayni muammoda ham Turkiyaning ta’siri borligi e’tirof etiladi. Shuni hisobga olib, Erdo‘g‘an mamlakat ichidagi va musulmon dunyosidagi obro‘sini saqlab qolish uchun masalaga jiddiy yondashyapti. Erdo‘g‘an chiqishlarida 2006 yildan beri iqtisodiy, siyosiy blokadada bo‘lgan G‘azo sektorini ochish haqida gapiradi. 2010 yilda humanitar yordam olib ketayotgan kema halokatga uchraganda, unda 10 nafar turkiyalik bo‘lgani uchun Turkiya Isroil bilan diplomatik aloqalarni eng past darajaga tushiradi va 3 ta shart qo‘yadi: Isroil hukumati kechirim so‘rashi, vafot etgan 10 kishi oilasiga moddiy badal to‘lashi va G‘azo sektoridagi blokadani bekor qilishi. Isroil ikkita shartni bajargan, lekin blokadani ochmagan.
Umuman, Turkiya hozirgi vaziyatda diplomatik yo‘llar bilan muammoni hal qilish tarafdori. Lekin Quddus masalasida Turkiya qattiq turadi baribir.
Isroil Misrga Sinay yarimorolini qaytarib berayotganda G‘azo sektorini olishni ham taklif etgan, lekin Misr ko‘nmagan. Misr HAMAS kabi kuchlarni milliy xavfsizlikka tahdid sifatida ko‘radi. Hozirgi mojarolarda ham Misr G‘azo bilan o‘rtadagi o‘tish punktini yopib qo‘ydi. Turkiya bu borada Misr bilan muzokara olib borib, bitta postni gumanitar yordamlar uchun ochdi. Bu ham Turkiyaning Yaqin Sharqdagi siyosatining bir yutug‘i deyish mumkin.
Ravshan G‘oziyev: — Turkiya Isroil masalasida juda ehtiyotkor siyosat yuritadi. Erdo‘g‘an qattiq tanqidlar bilan chiqishi mumkin, lekin rasmiy bayonotlarda ehtiyotkorlik, vazminlik bor. Turkiya Erdo‘g‘an davrida bu masalalarda faollashganiga sabab – HAMAS ideologik jihatdan hozirgi Turkiya hukumatiga yaqin. Dastlab HAMAS “Musulmon birodarlar”ning G‘azodagi bo‘limi sifatida kirib kelgan edi, keyinchalik hozirgidek harakatga aylanib ketdi. Turkiya ideologik jihatdan yaqin bo‘lgani uchun ham HAMAS liderlari bilan doim muloqotda bo‘lgan. Lekin Isroil masalasida vazminlik ko‘rsatadi baribir.
Normuhammadali Abdurahmonov suhbatlashdi.
Mavzuga oid
10:45 / 09.11.2024
Livan: Isroilning UNIFIL va Livan armiyasi harbiylariga hujumlari urush jinoyatlari hisoblanadi
17:40 / 08.11.2024
«Makkabi» muxlislari Amsterdamda Falastin bayrog‘ini yoqib, tartibsizlik keltirib chiqarishdi va so‘ng taksichilar taqibiga uchrashdi
17:32 / 08.11.2024
Netanyahu mudofaa vazirini bo‘shatdi: bu g‘alayonlarga sabab bo‘lmoqda
14:13 / 08.11.2024