Jahon | 20:13 / 20.10.2023
26216
8 daqiqa o‘qiladi

Ukraina RF qo‘shini Avdiyivka atrofida katta yo‘qotishga uchraganini aytmoqda. Bu haqda nimalar ma’lum?

Ukraina qurolli kuchlari bosh shtabi frontdagi vaziyat bo‘yicha har kungi hisobotida o‘tgan kun davomida Ukraina armiyasi rossiyaliklarning ko‘p miqdordagi zirhli texnikalari va jonli kuchlarini yo‘q qilgani haqida xabar berdi. Ukrainadagi manbalar bu yo‘qotishlar RF armiyasi oktyabr oyi o‘rtalarida Donetsk yaqinidagi Avdiyivka shahrini egallash uchun keng ko‘lamli hujumga o‘tgani bilan bog‘liqligini yozmoqda.

Ukraina bosh shtabiga ko‘ra, ikki kunlik jimlikdan keyin RF armiyasi Avdiyivka hududida hujumlarni qaytadan boshlagan. «Avdiyivka yo‘nalishida dushman hujum harakatlarini tikladi va Avdiyivkani qurshab olishga urinishdan voz kechmayapti», — deya yozgan ukrain harbiylari.

Ukraina qurolli kuchlari ma’lumotiga ko‘ra, o‘tgan kun davomida butun front chizig‘i bo‘ylab bo‘lib o‘tgan janglarda (nafaqat Avdiyivkada) rossiyaliklarning 120 ta zirhli mashinasi, 55 ta tanki va 29 ta artilleriya tizimlari yakson etilgan. Bundan tashqari, Ukraina bosh shtabi rossiyaliklar shaxsiy tarkibda ham ulkan yo‘qotishlarga uchraganini ma’lum qilgan: hisobotga ko‘ra, bir kun ichida qurbonlar soni 1380 kishini tashkil etgan (ukrain harbiylarining har kungi rasmiy hisobotlarida raqibning yo‘qotishlari 600 nafar atrofida baholanardi). Hozircha bu ma’lumotlarni mustaqil manbalar orqali tasdiqlash yoki rad etish imkoni yo‘q.

Avdiyivka harbiy ma’muriyati rahbari Vitaliy Barabash ukrain televideniyesi efirida ukrain kuchlari shahar atrofida rossiyaliklarning 500 ga yaqin texnikasini yo‘q qilganini aytgan.

Bunday bayonotlar qanchalik haqiqatga mos kelishini aniqlash hozircha imkonsiz. So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda chindan ham rossiyaliklarning texnikalari yo‘q qilingani aks etgan ko‘plab videolar tarqaldi, ammo ular orqali yo‘qotishlarning aniq sonini baholab bo‘lmaydi.

Amerika Urushlarni o‘rganish instituti ham 20 oktyabr kuni ertalab bergan hisobotida rossiyaliklar Avdiyivka yo‘nalishida 10 oktyabr kuni boshlangan yurishining ilk bosqichida katta miqdorda og‘ir texnikalaridan ayrilgani haqida yozgan. «Rossiya kuchlari Avdiyivka atrofida davom etayotgan kampaniya doirasida texnikalari bilan katta to‘lov qilmoqda va [bu], katta ehtimol bilan, Rossiyaning bu hududdagi yurishi sur’ati yanada sekinlashishiga olib keladi», degan ekspertlar.

Ukrainadagi ayrim manbalar ham Rossiya kuchlari 19 oktyabr kuni Avdiyivka hududida juda ulkan yo‘qotishlarga uchraganini yozmoqda.

«Bugun Avdiyivka ostonasi jahannamga aylandi. Chinakamiga. Bu haqda bir necha marta eshitdim. Ertaga Bosh shtab hisobotida yo‘q qilingan va shikastlangan texnikalar miqdorini ko‘rasiz va hayratga tushasiz. Ofitserlardan biri aytganidek — „Bu nima, … Kursk yoyimi?“. Ha, bizda ham yo‘qotishlar bor, bu jahannam bizning jangchilarimizning ham hayotini olib ketdi», — deya yozgan 19 oktyabr kuni harbiy mavzudagi War Zone telegram-kanali.

19 oktyabr kuni Avdiyivka hududiga (shuningdek Kupyansk yo‘nalishiga) Ukraina QK bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniy kelgandi.

Rossiya manbalari nimalar yozmoqda?

Avdiyivka Ukrainaning muhim sanoat markazlaridan biri bo‘lgan, ammo hozir amalda to‘liq vayron qilingan

Rossiya mudofaa vazirligining juma kungi svodkasida  Avdiyivkadagi vaziyatga to‘xtalib o‘tilmagan.

Mashhur Rybar telegram-kanali payshanba kuni kechqurun «Rossiya qo‘shini Avdiyivka uchastkasining shimoliy qanotida terrikon (konlardan chiqqan yaroqsiz jinslar uyumi) hududidagi muhim tayanch punktini egallagani» haqida xabar bergandi. «Shunga qaramay, raqib Berdichi yaqinida qarshi hujum uyushtirishga va shturm otryadlarini temiryo‘l tomonga chekintirishga muvaffaq bo‘ldi», — deyilgandi xabarda.

Rossiya davlat televideniyesi harbiy muxbiri Aleksandr Sladkov payshanba kuni shunday yozgan: «Avdiyivkani olish uchun har qancha qurbonlik berilishini istamasdim». U «havoda to‘liq hukmronlik» qo‘lga kiritilgani va «raqibning o‘t ochish vositalari yo‘q qilingani»dan keyingina hujumga o‘tish to‘g‘ri bo‘lishini aytgan.

Sladkovning hisoblashicha, Rossiya armiyasi agar ukrainlarning havo hujumidan mudofaa vositalarini yakson etsa va kopterlar hamda uchuvchisiz uchish qurilmalari soni bo‘yicha besh karra ustunlikka erishsa, havoda ham to‘liq ustunlik qiladi.

«Agar bizda artilleriya razvedkasi vositalari bo‘lsa, Ukraina qurolli kuchlari o‘t ochish vositalarini askilbatareya kurashida yo‘q qilish mumkin, bizda esa ular yo‘q. Shunda faqat go‘shtmaydalagich hujumi qoladimi? Bunday qilishni to‘xtatishimiz kerak», — deya xulosa qilgandi Sladkov.

Avdiyivka nimasi bilan muhim?

Ukrain qo‘shini Avdiyivkani 2014 yildan buyon tutib turibdi

Rossiya qo‘shinining harakatlari Avdiyivkani qurshovga olishga qaratilgan — buning uchun ular qanotlarda joylashgan qator aholi yashash manzillari, jumladan Stepove, Berdichi va Severneni egallab olishga harakat qilmoqda.

BBC harbiy sharhlovchisi Pavel Aksenovga ko‘ra, Rossiya qo‘shinlarining Avdiyivka shahri hududida ilgarilashga urinishi - frontdagi umumiy vaziyat nuqtayi nazaridan juda mantiqiydir.

Rossiya mudofaasiga kirib borgan katta bo‘rtiq markazidagi shahar va uni uzib qo‘yish — Rossiya qo‘mondonligi orzu qiladigan ish. Bu front chizig‘ini Donetskdan uzoqlashtirishga imkon bergan bo‘lardi. Ammo bu yana shuning uchun muhimki, ukrain qo‘mondonligini boshqa hududlardan — Zaporijjya oblasti va Baxmut hududida yurish qilayotgan kuchlarning bir qismini ko‘chirishga majbur qilish mumkin.

Avdiyivka va uning atrofini ukrain qo‘shinlari 2014 yildan buyon o‘zida saqlab qolmoqda. Shahar (aniqrog‘i uning xarobalari) hozirda anchagina mustahkam istehkomga aylantirilgan.

U Donetskdan bir necha kilometr shimoli-g‘arbda joylashgan va Rossiya tuzilmalari ushbu sanoat hududini egallash uchun ko‘p bor uringan. Shunday keskinlashuvlardan biri 2017 yilda kuzatilgandi.

2022 yil fevralida keng ko‘lamli bosqin boshlanganidan keyin shahar shiddatli janglar maydoniga aylandi. O‘tgan vaqt ichida artilleriyadan o‘qqa tutish va aviatsiyadan bombardimon qilish oqibatida Avdiyivka vayron qilingan, shahardan amalda faqat vayronalar qolgan va bu uni shturm qilishni qiyinlashtiradi.

Yana bir omil — ulkan koksximik zavod mavjudligidir, undan bir vaqtning o‘zida baza sifatida ham, mustahkamlangan punkt sifatida ham foydalansa bo‘ladi va uni shturm qilish juda qiyin. Kon chiqindilaridan hosil bo‘lgan 200 metr balandlikdagi sun’iy tog‘lar ustida o‘rnashgan ukrain harbiylari atrofni besh qo‘ldek kuzatib turadi. Lekin hozircha bu haqda gapirish o‘rinsiz, Rossiya qo‘shini hali bu yergacha yetib borishdan uzoq.

Ozge Elif Kizil / Anadolu / Vida Press
Avdiyivka ko‘chalarida patrullik qilayotgan ukrain politsiyachisi
Ozge Elif Kizil / Anadolu / Vida Press
Avdiyivkadagi ukrain jangchisi. Foto: Ozge Elif Kizil / Anadolu / Vida Press
Ozge Elif Kizil / Anadolu / Vida Press

Mavzuga oid