O‘zbekiston | 11:41 / 21.10.2023
15741
3 daqiqa o‘qiladi

«Mustaqil o‘rgandim» - o‘zbek tilida burro gapirayotgan koreyalik 60 yoshli janob Son

Son Heye Chaye Janubiy Koreyadan O‘zbekistonga bir necha yil avval kelgan. U Farg‘onadagi tekstil korxonasida ishlaydi. 60 yoshli koreys o‘zbek tilini qunt bilan o‘rgandi va hozir ham o‘rganishda davom etyapti. O‘zbek milliy taomlarini sevib iste’mol qiladi. Bo‘sh vaqtida bozor aylanadi. «O‘zbek qovunini yaxshi ko‘raman va tez-tez sotib olaman», – deydi koreyalik mehmon.

«Koreyadan O‘zbekistonga 2015 yilda kelganman. Hozir Farg‘onadagi POSCO International Textile korxonasida ishlayman. Oilam Koreyada. Orada bir necha marta mehnat ta’tili olib oilam bilan diydorlashib keldim.

O‘zbekistonga yangi kelganimda noqulayliklar ko‘p bo‘ldi. Lekin vaqt o‘tib barchasiga ko‘nikdim. Boshida boshqa muhit, boshqa odamlar sabab qo‘rquv bo‘lgan albatta. Ammo bugungi kunga kelib o‘zbekistonliklar meni hurmat qiladi, kerak bo‘lsa yordam ham beradi.

O‘zbekistonning mevalari, ayniqsa, qovuni mazali. Koreyada ham har xil turidan bor, lekin o‘zbek qovunichalik shirin emas. O‘zbek ovqatlaridan birinchi navbatda oshni yaxshi ko‘raman. Keyin kabob, somsalarni sevib iste’mol qilaman.

O‘zbek tilini mustaqil ravishda o‘zim shug‘ullanib o‘rgandim. Ishxonadagi hamkasblarimdan ham so‘rayman bilmagan narsalarimni. Avval o‘zim ishlatib ko‘rmagan yoki eshitmagan so‘zlarga duch kelsam, darrov xodimlarimni chaqirib so‘zning ma’nosi nima ekanini so‘rab bilib olaman.

Taksidami, bozordami o‘zbekcha gapirsam, odamlar hayratlanib, qayerliksiz, xitoylikmisiz, deb so‘rashadi. Koreyalikman desam o‘zbekcha gapirishimni ko‘rib odamlar xursand bo‘lishadi. Ingliz va yapon tillarini ham bilaman, rus tilini ham o‘rganyapman.

Odatda koreys taomlarini yeyman, lekin haftada 2-3 marta o‘zbek ovqatlari – osh, kabob, somsa tanovul qilaman. Koreyada bir o‘g‘lim, bir qizim bor. O‘g‘lim arxitektor.

Rafiqam bilan har kuni videoqo‘ng‘iroq orqali gaplashamiz, farzandlarim bilan ham qo‘ng‘iroqlashamiz, xabarlar yozishamiz. O‘zbekistonda yana 4-5 yil bo‘lsam kerak…»

Sarvar Ziyoyev, Kun.uz
Montaj ustasi: Asror Almurodov

Mavzuga oid