O‘zbekiston | 19:16 / 21.10.2023
7759
2 daqiqa o‘qiladi

Milliy kutubxona 24/7 rejimida ishlashni vaqtincha to‘xtatdi

Bu kuz-qish mavsumida elektrni tejash va boshqa qator sabablarga ko‘ra vaqtinchalik ekani aytilmoqda.

Foto: Kun.uz

20 oktyabrdan Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi sutkasiga 24 soat, haftasiga 7 kun uzluksiz ishlash rejimini to‘xtatdi. Ma’muriyatning ma’lum qilishicha, bunday qaror kuz-qish mavsumida elektrni tejash, tunda ishlash uchun qo‘shimcha shtatlar ajratilmagani, shuningdek, foydalanuvchilarni nazorat qilish imkoni cheklangani uchun qabul qilingan.

«Kuz-qish mavsumida elektr energiyasi sarfini birmuncha iqtisod qilish va kichik personalida (farroshlar) mavjud vakant ish o‘rinlarini to‘ldirish, kuz-qish mavsumida binodagi garderob faoliyatini yo‘lga qo‘yish imkoniyati mavjud emasligini e’tiborga olib, Milliy kutubxona tungi smenada faoliyat olib borishni mavsumiy (vaqtincha) to‘xtatib, foydalanuvchilarga xizmat ko‘rsatish vaqtini soat 8:00 dan 21:00 gacha etib belgiladi», deyiladi xabarda.

Yangi tartibga ko‘ra, kutubxona 8:00 dan 21:00 ga qadar, dam olish (shanba va yakshanba) kunlari esa 9:00 dan 17:00 ga qadar kitobxonlarni qabul qiladi.

Kutubxona uzluksiz faoliyatini qachondan qayta boshlashiga aniqlik kiritilmagan.

Eslatib o‘tamiz, Milliy kutubxona 2022 yilning 1 noyabridan tunu kun ishlay boshlagandi.

Mavzuga oid