Jahon | 08:31 / 21.10.2023
12762
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada tashqi ishlar vazirining sobiq o‘rinbosari «chet el agenti» deb e’lon qilindi

Rossiya Adliya vazirligi tashqi ishlar vazirining sobiq o‘rinbosari Georgiy Kunadze, siyosatshunos Mixail Savva va Vladimirdagi «Dovod» nashri bosh muharriri Ilya Kosiginni «chet el agentlari» deb e’lon qildi. 

Foto: RIA Novosti

Rossiya Adliya vazirligi 1992-1993 yillarda Rossiya tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari, Rossiya Fanlar akademiyasining Jahon iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar instituti bosh ilmiy xodimi Georgiy Kunadzeni «chet el agenti» deb e’lon qildi. «Chet el agentlari» ro‘yxatiga siyosatshunos Mixail Savva va Vladimirdagi «Dovod» nashri bosh muharriri Ilya Kosigin ham kirdi. Bu haqdagi xabar 20 oktyabr, juma kuni Rossiya Adliya vazirligi saytida paydo bo‘ldi

Rossiya Adliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, har uchala shaxs «Rossiya davlat organlari tomonidan qabul qilingan qarorlar va ular olib borayotgan siyosat to‘g‘risida yolg‘on ma’lumot tarqatgan». Rossiya Adliya vazirligining ta’kidlashicha, Kosigin «chet el agentlarining xabarlari va materiallarini ko‘p odamlarga tarqatishda ishtirok etgan». Jurnalist boshchiligidagi «Dovod» nashri avgust oyida «chet el agenti» sifatida tan olingan edi. 

Kunadze, idoraga ko‘ra, «chet el tuzilmalari taqdim etgan axborot platformalarida tizimli ravishda respondent sifatida ishtirok etgan». Savva «Ukraina tashkilotining ekspertlar kengashi a’zosi», deb ta’kidlaydi Rossiya Adliya vazirligi. Gap 2022 yilda Rossiyaning «Memorial» inson huquqlari jamiyati va Belarusning «Vesna» inson huquqlari markazi asoschisi Ales Belyatskiy bilan birgalikda tinchlik uchun Nobel mukofotini olgan Fuqarolik erkinliklari markazi haqida bormoqda. 

«Chet el agentlari» ro‘yxatiga oldingi qo‘shimcha 

13 oktyabr kuni, xususan, huquq himoyachisi va «Rus sidyashchaya» loyihasi asoschisi Olga Romanova, shuningdek, «Gazprombank» sobiq vitse-prezidenti Igor Volobuyev «chet el agentlari» deb tan olindi. U Ukrainada tug‘ilgan, keng ko‘lamli harbiy harakatlar boshlanishi bilan o‘z vataniga qaytib kelgan va oddiy askar sifatida frontga ketgan. 

Bundan tashqari, bir hafta oldin Rossiya Adliya vazirligi «chet el agentlari» ro‘yxatiga «Xodorkovskiy Live» YouTube-kanali boshlovchisi Yelena Malaxovskaya, bloger Andrey Rudoy va qrim-tatarlar faoli, «Moskovskiy komsomolets» gazetasi bosh muharriri sobiq o‘rinbosari Ayder Mujdabayevni qo‘shdi.

Rossiyada «chet el agentlari» to‘g‘risidagi qonun 2012 yilda paydo bo‘lgan. O‘shandan beri ro‘yxatga bir necha yuzlab tashkilot va shaxslar qo‘shildi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid