Jahon | 19:08 / 22.10.2023
16790
4 daqiqa o‘qiladi

Frontdagi vaziyat: Ukraina qo‘shini Dniproning chap sohiliga o‘tdi

Front chizig‘idagi ukrain harbiylariga ko‘ra, Ukraina qurolli kuchlari nafaqat Rossiya okkupatsiyasi ostidagi hududga o‘tishgan, balki ilk bor Xerson oblastida Dnipro daryosining qattiq himoyalangan chap sohilidagi platsdarmni egallashgan.

Foto: EPA

Bu jiddiy istiqbolga ega bo‘lishi mumkin. Ukrainaning janubdagi qarshi hujumidan maqsad — Moskva 2014 yilda anneksiya qilib olgan Qrim yarimoroliga quruqlik orqali olib boruvchi yo‘lakni uzib qo‘yish hisoblanadi.

Ukraina QK 46-brigadasi BBC nashriga taqdim etgan ma’lumotga ko‘ra, qo‘shin Krinki qishlog‘ini to‘liq nazoratga olish uchun og‘ir janglar olib bormoqda. Ularning aytishicha, agar buning uddasidan chiqilsa, ilg‘or bo‘linmalar bu yo‘nalishdagi Rossiya qo‘shinlarini ikkiga bo‘lib yuborish va ularning ta’minot liniyalarini uzib qo‘yishga qaratilgan nisbatan keng ko‘lamli yurish boshlash uchun tayanchga ega bo‘ladi.

Amerikadagi Urushlarni o‘rganish instituti (ISW) ma’lum qilishicha, ukrain kuchlari daryoning sharqiy sohilida odatdagidan ko‘ra ancha katta ko‘lamdagi quruqlik amaliyotini davom ettirmoqda. Rossiyalik harbiy blogerlar ham Krinki qishlog‘i hududidagi harbiy harakatlar faollashgani haqida yozmoqda.

Bu yerdagi voqealar barchaning e’tiborini o‘ziga qaratmoqda: agar dastlabki muvaffaqiyatga erishilsa, Ukraina QK bundan foydalanmay qolmaydi. Ukrainaning iyun oyida boshlangan qarshi hujumi hamon sekinlik bilan, kichik hududiy yutuqlar bilan cheklanish bilan davom etmoqda.

Ammo ukrain harbiylari hatto Krinki qishlog‘i egallansa ham, 1944 yilda Normandiyada amalga oshirilgan desant amaliyotining takrorlanishi dargumon ekanini tan olishadi. Ular BBC muxbiriga o‘zlari duch kelayotgan va ayniqsa qish yaqinlashayotgani tufayli kuchayayotgan xavf hamda muammolar haqida so‘zlab berishgan.

46-brigada uzun front chizig‘idagi uchastkalardan birida jang olib bormoqda. Uning oldiga Ukraina QKning Zaporijjya oblastidagi boshqa qismlariniki bilan bir xil vazifa qo‘yilgan — Rossiyaning Qrim yarimoroliga boruvchi quruqlik yo‘lini to‘sib qo‘yish.

Ukrain harbiylarining so‘zlariga ko‘ra, Zaporijjya oblastida ular Verbove qishlog‘i yaqinida Rossiya mudofaasining birinchi chizig‘ini qisman buzib o‘tishga muvaffaq bo‘lgan, shuningdek, omborlar va harbiy zarbalar bo‘ylab muvaffaqiyatli zarbalar yo‘llangan, ammo yutuqlar cheklangan darajada.

Ular rossiyaliklarning kuchli istehkomlari va Rossiya aviatsiyasining logistik marshrutlar bo‘ylab har kungi hujumlari haqida xabar bergan — shu bilan birga, ularning so‘zlariga ko‘ra, ukrain harbiylari havodan qo‘llab-quvvatlanmayapti.

Rossiya qo‘shinlari shu vaqtgacha mudofaalangan bo‘lsa, endi hujumga o‘tayotgani aytilgan.

Qish yaqinlashishi bilan sharoit ikki tomon uchun ham yomonlashadi. Yomg‘irli ob-havo dronlar, razvedka texnikalari va aviatsiya faoliyatiga ta’sir qiladi.

Ammo harbiylar harbiy harakatlar to‘xtashiga umid qila olmaydi. «Qish biz uchun nafas rostlash vaqti bo‘lmaydi», — deyishgan ular.

Mavzuga oid