Jahon | 08:02 / 23.10.2023
10147
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh va Yevropa Isroilni xalqaro huquqni hurmat qilishga chaqirdi

Amerika Qo‘shma Shtatlari, Kanada, Fransiya, Germaniya, Italiya va Britaniya rahbarlari qo‘shma bayonotda Isroilni qo‘llab-quvvatlashini yana bir bor ta’kidladi, biroq bu davlatni xalqaro huquqni hurmat qilishga chaqirdi.

Foto: Leigh Vogel/newscom/picture alliance

AQSh prezidenti Jo Bayden, Kanada bosh vaziri Jastin Tryudo, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron, Germaniya kansleri Olaf Shols, Italiya bosh vaziri Jorja Meloni va Buyuk Britaniya bosh vaziri Rishi Sunak Isroil va HAMAS o‘rtasida davom etayotgan mojaro yuzasidan bayonot berdi. Oq uyning 22 oktyabr, yakshanba kuni ma’lum qilishicha, jahon yetakchilari Isroilni qo‘llab-quvvatlashini yana bir bor tasdiqladi va Isroil hukumatini xalqaro humanitar qonunlarga rioya etishga, jumladan, tinch aholini himoya qilishga chaqirdi.

Hukumat rasmiylari, shuningdek, HAMAS garovga olinganlarning ikki nafarini ozod etganini olqishladi va boshqa barcha o‘g‘irlab ketilganlarni zudlik bilan ozod qilishga chaqirdi. Siyosatchilar mintaqadagi o‘z fuqarolarini, xususan, G‘azo sektorini tark etmoqchi bo‘lganlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha sa’y-harakatlarni yaqindan muvofiqlashtirishga va’da berdi. 

Birinchi shaxslar mojaroni hal qilish uchun mintaqada ishlash niyatida 

AQSh, Kanada va Yevropaning to‘rtta davlati yetakchilari G‘azo sektoridagi muhtojlarga yordam yetkazuvchi birinchi humanitar karvon haqidagi xabarlarni olqishladi. Qo‘shma bayonotda oziq-ovqat, suv, sog‘liqni saqlash va odamlarning asosiy humanitar ehtiyojlarini qondirishda zarur bo‘lgan boshqa yordamlardan uzluksiz va xavfsiz foydalanishni ta’minlash uchun mintaqadagi hamkorlar bilan muvofiqlashtirishni davom ettirish va’da qilingan. Shuningdek, ular mojaro tarqalishining oldini olish, Yaqin Sharqda barqarorlikni saqlash hamda siyosiy yechim va tinchlik yo‘lida ishlash uchun mintaqadagi asosiy hamkorlar bilan yaqin diplomatik aloqalarni davom ettirishga va’da berdi, deya qo‘shimcha qildi Vashington. 

HAMAS harakatining mamlakatga uyushtirgan hujumidan so‘ng Isroil G‘azo sektorini qisman qamal qilganini e’lon qildi. Hujum 7 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan va shundan beri Isroil o‘qqa tutilishiga javoban hududga havo zarbalari berib kelmoqda hamda mahalliy aholini sektor janubiga evakuatsiya qilishga bir necha bor chaqirdi.

Mavzuga oid