Immigrant uchun «bir qop pul» – turli davlatlarda ko‘chib kelganlarga pul taklif etiladi, faqat shartlari bor…
Amerika va Yevropa qit’asidagi ayrim davlatlar u yerlarga borish istagidagilar uchun yashash huquqiga qo‘shimcha 30 ming dollargacha pul ham va’da qilyapti. Italiya va Xorvatiya kabi davlatlarda uy-joylar atigi 2 mingdan 12 ming so‘mgacha sotilmoqda. Kun.uz mazkur davlatlar ro‘yxati, u yerlarga ko‘chib borish shartlari, “yangi mezbon”larga to‘lanadigan mablag‘lar miqdori hamda ariza uchun havolalar haqidagi ma’lumotlarni saraladi.
So‘nggi paytlarda internet tarmoqlarida Kanada, Shveytsariya, Germaniya, Italiya, Irlandiya va shunga o‘xshash orzudagi o‘nlab davlatlarda u yerlarga ko‘chib keluvchilar uchun fuqarolik berilayotgani, kamiga “yangi mezbonlar”ga jaraq-jaraq oylik pul to‘lovlari ham va’da qilingani aytilayotgan ma’lumotlar bolalab ketdi. Bu gaplar rostmi? Bular bor gap. Qanday qilib, kimlarga, biz-chi, qachon, qaysi davlatlarga?” kabi beriladigan savollaringizga esa, mana, biz oldindan birma-bir javob topib qo‘ydik.
Bunday qarorlarga sabab bo‘lgan omillar
Amerika va Yevropa qit’asida joylashgan Kanada, Chili, Ispaniya, Italiya, Angliya, Irlandiya, Shveytsariya va boshqa bir qator rivojlangan, iqtisodiy barqaror davlatlar xorijlik fuqarolarning kelib yashashlari uchun yaxshigina pul taklif qiladigan loyihalarni boshlagan. Ya’ni siz u yerlarga borasiz, hujjatlarni rasmiylashtirasiz va oylik to‘lovlaringizni cho‘ntakka solib, ertaknamo umrguzaronlik qilasiz.
Haqli savol tug‘iladi: bu davlatlarni bunday grantlar va dasturlar joriy etishga nima majbur qildi? Sabablar har xil:
- tug‘ilishlar kamayib, aholi sonining qisqarib borayotgani;
- kichik shaharlar va qishloqlardagi odamlarning yirik megapolislarga intilishi ortidan u yerlardagi iqtisodiy richagning buzilishi;
- o‘qimishli fuqarolarning tug‘ilib o‘sgan joylariga qaytmasligi sababli binoyidek uy-joy va qishloqlar kimsasiz ruh hududlarga aylanib borayotgani;
- ayniqsa, yoshlarning kamligi tufayli joylarga “yangi qonlar” kerakligi kabi obektiv va sub’yektiv oqibatlar hududlarni qayta jonlantirish masalasini o‘rtaga qo‘ymoqda.
Shuni avvaldan aytib qo‘yish kerakki, yotqizib qo‘yib pul to‘laydigan davlat hech qayerda yo‘q. Har bir yaxshi sharoit va’dasi ostida ma’lum shartlar bor. Ularga to‘g‘ri kelsangizgina sizni qabul qilishadi. Har bir shartlarni esa sizga biz bir boshidan sanab beramiz, siz ma’qulini tanlab olaverasiz.
Ham Shveytsariya, ham pul
Siz 45 yoshga to‘lmagansiz va betakror Alp tog‘lari, tabiati va yuqori maoshlari bilan tanilgan Shveytsariyada yashamoqchisiz. Marhamat, ushbu davlatdagi tog‘ bag‘rida joylashgan Albinen qishlog‘iga ko‘chib boring. Tobora kamayib borayotgan bu qishloq aholisi sonini oshirishni maqsad qilgan Shveytsariya sizni jon-jon deb qabul qilishi bilan birga, har bir kishi uchun kattalarga 28 ming, bolalar uchun esa 11 ming AQSh dollari miqdorida pul berishga ham tayyor. Bu esa 4 kishilik oila uchun 70 ming dollardan ham ko‘proq mablag‘ degani.

Qiziq. Taklif zo‘r, unda nega hamma yoppasiga Albinenga ko‘chib ketmayapti? O‘rinli savol-a? Gap shundaki, u yerga ko‘chganingizdan so‘ng siz mazkur qishloqda 10 yil davomida muqim yashashingiz kerak bo‘ladi. Undanam chatog‘i esa siz u yerda o‘z hisobingizdan olingan 220 ming AQSh dollari qiymatidagi uyda yashashingiz shart. Bundan ham qiyinrog‘i bu imkoniyatlar Shveytsariyada 12 yil davomida yashaganlar, “B” turdagi ruxsatnomasiga 5 yil to‘lganlar, shveysariyalik bilan turmush qurganlarga taqdim etiladi. Agar siz bu shartlarning hech biriga to‘g‘ri kelmasangiz, keyingi davlatlarga o‘tamiz.
Irlandiyalik bo‘lish uchun oson shartlar
Irlandiyada hech qanday fuqarolik talabi va qo‘shimcha boshog‘riqlarsiz yashash huquqi. Korporativ soliqlarning pastligi va ishonchli biznes muhiti uchun kafolat beruvchi bu davlat yosh, qoni qaynoq yoshlarni o‘ziga chorlaydi. Yanayam aniqlashtirsak, siz bir Irlandiyada ro‘yxatdan o‘tgan kompaniya ochasiz, 3 yil ichida eng kamida atigi 10 ta ishchi o‘rni yaratish va 1 mln yevro aylanmaga ega bo‘la olishingizga ularni ishontirasiz. Uddalay olsangiz, u yerda yashash huquqini qo‘lga kiritish bilan birga biznesingiz ham turli darajada qo‘llab-quvvatlanadi. Marhamat, urinib ko‘ring.

Ispaniyada binolarni ta’mirlang, yashang va ishlang
Ispaniya rang-barang koloridli va o‘ziga xos madaniyatiga ega go‘zal mamlakat. Ammo 20-asrning oxirlariga kelib, Ispaniyaning qishloq xo‘jaligidan shahar jamiyatiga tez o‘zgarishi ko‘plab odamlarning an’anaviy puyeblolar, ya’ni qishloqlardagi mulklarini yirik shaharlar foydasiga tashlab ketishlariga olib keldi. Bugungi kunda ular qoldirib ketgan uylar va korxonalar hali ham o‘z holicha turibdi. Shunchaki, ularni qaytadan ta’mirlab, ishga tushirish kerak. Bu ishlar uchun esa Ispaniyadagi mahalliy kengashlar turli malakaga ega odamlarning qishloqlarga ko‘chib o‘tishlarini rag‘batlantirishga qaror qilishdi va bu orqali ular kimsasiz qolgan hududlarini qayta jonlantirishmoqchi.

Bunday joylardan biri Asturiyadagi Ponga shahri bo‘lib, u yerda oilalar joylashishiga yordam berish uchun 3000 yevro va shaharda tug‘ilgan har bir chaqaloq uchun qo‘shimcha 3000 yevro beriladi. Shuningdek, Rubiya, Galisiya tog‘laridagi mahalliy shaharcha munitsipaliteti sizning daromadingizni oyiga qo‘shimcha 100-150 yevro bilan to‘ldiradi. Sharti esa mazkur shaharchalardagi o‘zingiz foydalanadigan binolarni jonlantirish va ta’mirlash uchun o‘z yoningizdan xarajat qilishingizga to‘g‘ri keladi.
Okean orti Chili
Okean, yashil tog‘lar siz uchun qiziqmi? Yangi loyihalaringiz g‘oya bosqichidan nariga o‘tolmay, moliyalashtirilishga muhtojmi? Unda nega Chiliga bormayapsiz? Janubiy Amerika materigida joylashgan bu davlat tomonidan taqdim etilayotgan 300 ming AQSh dollarigacha bo‘lgan mablag‘lar g‘oyalaringizni rag‘batlantirishi mumkin. Chili Iqtisodiy rivojlanish agentligi tomonidan boshqariladigan ushbu sxemada har yili investorlar guruhi tomonidan arizalar qabul qilinadi. Dunyoning eng olis hududlari sizga qiziq bo‘lsa, harakat qilib ko‘rishingiz mumkin.

Angliyaga o‘qituvchilar kerak!
Angliyada yashash har doim jozibali bo‘lgan. Eng yaxshi ta’lim, romantik yomg‘irlar, yaxshi maosh va sifatli hayotni o‘zida mujassam etgan bu davlatda ayni davrda o‘qituvchilar yetishmovchiligi kuzatilmoqda. Gap shundaki, Buyuk Britaniyada aholi soni maorif xodimlari sonidan tezroq o‘smoqda. Bu esa o‘qituvchilarga bo‘lgan talabni shakllantiryapti. O‘tgan yili bu talab 79 foizga qondirilgan bo‘lsa, bu yilgi ko‘rsatkich 59 foizni tashkil qilgan. Tasavvur qiling, Angliya qariyb yana shuncha o‘qituvchilarni ishga qabul qilishga tayyor. U yerda 10 ming funt-sterling yoki 12 ming AQSh dollari miqdorida oylik maoshga ega bo‘lish uchun ariza topshirishingiz mumkin.
Italiya ham pul to‘laydi
Bo‘ydoq bo‘lsangiz 800 yevro, juftingiz bilan esa 1200 yevrodan 2000 yevrogacha pul rag‘batlari berishi mumkin bo‘lgan joy bu Italiyaning Apuliya hududida joylashgan Kandela shaharchasidir. Kandela o‘zining ajoyib go‘zalligi va yengil hayot tarzi uchun "Kichik Neapol" ta’rifini olgan. Afsuski, 20-asr davomida u yerlarda faol turmush tarzi susaydi. Shahar rahbariyati mahalliy aholi va madaniyatini tiklash uchun rag‘batlantirish sxemasini amalga oshirishga majbur bo‘ldi. Bunda yagona shart shundaki, siz Kandelada rasmiy rezidentlikka ariza topshirishingiz va kamida 7500 yevro maoshga ega bo‘lishingiz kerak.

Bundan qoniqmasangiz, Abruzzo mintaqasidagi Santo Stefano di Sessanio shahri 18-40 yosh orasidagilarni rag‘batlantirish uchun 44 ming yevrogacha grantlar taklif qila boshlaganini ham ma’lum qilamiz. Ushbu sxema barcha uchun ochiq bo‘lib, yangi rezidentlar biznes ochishlari va kamida 5 yil shu tosh ko‘chali shaharchada qolib yashashlari shart bo‘ladi.
1 yevrolik va 0,16 sentlik uylar
Italiya va Xorvatiya kimsasiz qolib ketayotgan hududlarini qayta jonlantirish uchun mos ravishda 1 yevrolik va 0,16 sentlik uylar sotuvini yo‘lga qo‘ygani haqidagi xabarlar dunyo matbuoti sarlavhalarini to‘ldirmoqda.
12 ming so‘m yoki 2 ming so‘m evaziga uy sotib olishdan yaxshisi bormi? Shartlari qanday deb so‘rashingiz tabiiy. Masalan, Sitsiliya, Sardiniya, Abruzzo, Milanda taklif qilinayotgan bu kabi suv tekin uylarga ega bo‘lish uchun hudud rivojiga hissa qo‘shadigan asosli loyihangiz, ma’lum miqdorda depozit summangiz bo‘lishi darkor. Shuni unutmaslik kerakki, har bir kishi uchun alohida tuziladigan shartnomalar shartlari bajarilmasa, yangi rezidentlar yaxshigina jarimalar bilan jazolanishi mumkin.
Xorvatiyaning Legrad shahridagi 2 ming so‘mlik uy-joylarga ega bo‘lish uchun esa hukumat u yerdagi tanlagan uyingizni ta’mirlab berish uchun hatto 4 ming AQSh dollaridan ko‘proq pul berishga tayyor. Faqat buning uchun siz moliyaviy barqaror, 40 yoshdan kichik va u yerda 15 yil davomida qolishga rozi bo‘lishingiz lozim.
Xulosa
Bu kabi ro‘yxatlarni yana o‘nlab davom ettirish mumkin. Biroq yuqoridagi yetti davlat misolida ham guvohi bo‘lyapsizki, qaysi davlatga siz foyda bera olsangizgina sizga yordam qilishadi. Aniqrog‘i, barcha taklif qilinayotgan imtiyoz va grantlar, asosan, mahalliy iqtisodiyotga hissa qo‘sha oladigan yoki mamlakatning o‘ziga xos ehtiyojlarini qondira oladigan malakali mutaxassislar, tadbirkorlar yoki jismoniy shaxslarni jalb qilishga qaratilgan. Shunday mazmundagi videolarga “mana men boraman”, “men ketsam bo‘ladimi?” “kimga murojaat qilish kerak?” mazmunidagi izohlar ko‘payib borayotgani uchun barchaga bugungi ma’lumotlarni aniqroq yetkazishga urindik. Hamma yerda ilm, kasb-hunar, malaka talab etilishini, bularsiz hech qaysi davlatda yotqizib pul berib qo‘yilmasligini unutmasak bo‘ldi. Zero, “Har yerni qilma orzu, har yerda bor tosh-u tarozu” deya bejiz aytilmagan.
Sardorbek Usmoniy tayyorladi.
Tavsiya etamiz
Importga cheklovlar: mas’ul va faollar o‘rtasida qizg‘in tortishuv
O‘zbekiston | 22:40 / 08.04.2025
Toshkentdagi qahvaxonada til bilan bog‘liq holat muhokamalarni keltirib chiqardi
O‘zbekiston | 23:03 / 07.04.2025
Xitoylik tadqiqotchilar Osiyoda yangi zilzilalar kuzatilishidan ogohlantirdi
Jahon | 21:46 / 06.04.2025
Kam ta’minlangan oilalarga elektr va gaz bo‘yicha kompensatsiya beriladi
O‘zbekiston | 14:32 / 06.04.2025
Mavzuga oid

08:41 / 08.04.2025
Ozarboyjon Yevropaga gaz yetkazib berishda Rossiya o‘rnini egallamoqda

08:28 / 05.04.2025
Yevropa va Kanada Putindan AQSh taklifiga darhol javob berishni talab qilmoqda

12:16 / 29.03.2025
O‘zbekistonliklar ishlash uchun Yevropaning qaysi davlatlariga ko‘proq boryapti?

08:03 / 25.03.2025