Isroil qiruvchi samolyoti Iordanning g‘arbiy sohiliga zarba berdi - 20 yil ichida ilk bor
Yakshanba kuni Isroil Iordan daryosining g‘arbiy sohilidagi falastinlik qochqinlar lageri hududida joylashgan Al-Ansor masjidiga havo zarbasi yo‘lladi.
G‘azo sektoridan farqli o‘laroq, g‘arbiy sohilga havo hujumlari kamdan kam uchraydi. Ammo isroillik harbiylar bu yerda muntazam reydlar uyushtirib, terrorchi guruhlar a’zolari hamda Isroil hududida sodir etilgan jinoyatlarda gumonlanuvchilarni qidiradi.
Isroil qo‘mondonligi vakili zarba samolyot, vertolyot yoki drondan yo‘llanganiga aniqlik kiritmagan, ammo Isroil nashrlariga ko‘ra, hujum qiruvchi samolyot orqali amalga oshirilgan. Agar shunday bo‘lsa, bu so‘nggi yigirma yillikda g‘arbiy sohilda ilk bor isroilliklarning harbiy qiruvchisi qo‘llanishi bo‘ladi.
Harbiylarning so‘zlariga ko‘ra, masjid binosi ostida «so‘nggi oylardagi bir necha teraktlarga javobgar bo‘lgan va yaqin kelajakda hujum qilishga tayyorlanayotgan HAMAS va «Islomiy jihod» jangarilarining uyasi» bo‘lgan.
Voqea joyida olingan fotosuratlarda vayron bo‘lgan devorlar va sezilarli darajada shikastlangan binolar aks etgan.
Isroil harbiylari ikki jangari o‘ldirilgani haqida ma’lum qilgan, Falastin muxtoriyati esa yakshanba kuni ertalab yo‘llangan zarba oqibatida besh kishi o‘ldirilganini bildirgan.
G‘arbiy sohildagi Jyenin shahrida joylashgan qochqinlar lageriga UNRWA (BMTning Yaqin Sharqdagi falastinlik qochqinlarga yordam agentligi) tomonidan 1953 yilda asos solingan. Isroil rasmiylariga ko‘ra, shundan buyon u HAMAS va «Islom jihodi» tayanchiga aylangan.
UNRWA vakillari aytishicha, isroillik harbiylarning G‘arbiy sohildagi 28 soatlik reydi natijasida kamida 13 nafar falastinlik halok bo‘lgan, jumladan besh nafar bola ham.
«Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, taxminan 50 ta uyga shikast yetkazilgan, ayrimlari jiddiy darajada shikastlangan, shuningdek lagerdagi yo‘llar, elektr, suv, internet va kanalizatsiya tarmoqlariga ham zarar yetkazilgan, — deyiladi agentlik xabarida. — UNRWA bir qancha uylardan harbiy maqsadlarda foydalanilgani va bu mazkur uylarda yashovchilar hayotiga jiddiy xavf tug‘dirgani haqida ma’lumot oldi».
«7 oktyabrdan buyon G‘arbiy sohilda kamida 82 falastinlik o‘ldirildi», — degan agentlikning G‘arbiy sohil bo‘yicha bo‘limi direktori Adam Bulukos, lekin u bu raqamlar nimaga asoslanishiga aniqlik kiritmagan.
Falastin muxtoriyati sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 7 oktyabrdan buyon G‘arbiy sohilda Isroil xavfsizlik xizmatlari harbiylari va ko‘chib kelgan isroilliklar bilan to‘qnashuvlarda mahalliy aholi vakillaridan kamida 90 kishi halok bo‘lgan.
Isroil mudofaa armiyasi esa faqat qo‘lga olinganlar to‘g‘risida xabar bermoqda. Uning ma’lumotlariga ko‘ra, 7 oktyabr kungi hujumdan keyin G‘arbiy sohilda jami 727 nafar falastinlik qo‘lga olingan, shundan 480 nafardan ortig‘i turli darajada HAMAS bilan aloqador.
Harbiylarning so‘zlariga ko‘ra, yakshanbaga o‘tar kechasining o‘zida bu hududda 46 nafar falastinlik qo‘lga olingan, shundan 27 nafari HAMAS a’zolaridir.
Kabatiya va Xevronda Isroil qo‘shini quruqlik reydlari o‘tkazgan va aholidan o‘qotar qurollarni musodara qilgan (tafsilotlar keltirilmagan). Bundan tashqari, harbiylar Al-Bira shahrining falastinlik merini qo‘lga olishgan — u ham HAMAS a’zosi ekani aytilgan.
Ma’lumot uchun, G‘arbiy sohil Falastin muxtoriyati tomonidan boshqariladi. FATH siyosiy partiyasi rahbari Mahmud Abbos muxtoriyat prezidenti hisoblanadi.
G‘azo sektori esa 2007 yildan buyon HAMAS harakati nazorati ostida va bu harakat a’zolari Isroil davlatini yo‘q qilishni o‘z oldiga maqsad qilgan.
Mavzuga oid
14:54
Bayden XJSning Netanyahuni hibsga olishga order berishiga munosabat bildirdi
17:37 / 21.11.2024
Xalqaro jinoyat sudi Netanyahuni hibsga olishga order berdi
10:31 / 21.11.2024
AQSh Senati Isroilga qurol yetkazib berishni bloklashni rad etdi
23:12 / 19.11.2024