O‘zbekiston | 23:11 / 23.10.2023
13206
11 daqiqa o‘qiladi

“Keraksiz orzularga berilib vaqtni isrof qilmang” - Beruniy Alimov

Umr ortiqcha xotirjamligingizga toqat qiladigan, xatolaringizni kechiraveradigan, ko‘kka sovurgan imkoniyatlaringizni qaytarib beraveradigan doimiy hamrohingiz emas. Uni tejashni, vaqtni mazmunli va foydali sarflashni o‘rganish zarur. Bularning barchasi insondagi qat’iyat sababgina reallashadi. Endilikda “STATUS” loyihasi orqali tajribali, muvaffaqiyatli shaxslar tomonidan kerakli motivlarga, ko‘nikmalarga ega bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rsatuvimizning bugungi mehmoni Yangi media ta’lim markazi direktori Beruniy Alimov.

— Ijtimoiy tarmoqlarda sizni kuzatuvchilar yaxshi bilishadi. Ko‘plab tadbirlarda, konferensiyalarda, xorijiy safarlarda ko‘p bo‘lasiz. Bularning hammasiga ulgurish, vaqtni taqsimlash qiyin emasmi?

Beruniy Alimov

— Kundalik rejani oldindan belgilab qo‘ysak, hammasiga ulgursa bo‘ladi, menimcha. Ba’zi hamkasblarim hazillashib, sizning kuningiz 48 soatmi, deb qo‘yishadi. Shu oddiy 24 soat, faqat joy-joyida taqsimlay olish kerak. Ko‘p ishlaysizmi, deyishadi. Yo‘q, keragicha ishlayman, dam olishga ham, boshqa ishlargayam vaqt topiladi. Dissertatsiya himoya qildim 12 deganda, vaqt ketadigan ishlar bular ham.

Talabalar hali vaqt bor, keyin qilaman deb yurishadi. Bir talaba falon tilni o‘rganishni boshladim, deydi, bir yildan keyin so‘rasam, yo‘q hali o‘rganolmadim, degan javobni beradi. Chunki vaqtini to‘g‘ri yo‘naltira olmagan bo‘ladi. Til o‘rganayotganda odam so‘zlarni daftarga yozib yodlash kerak, shunda takrorlash, so‘z ustida ishlash ko‘p bo‘ladi. Uxlashdan oldin so‘zlarni bir takrorlash kerak, kechqurun miya shuni lisonga singdirib turadi. Til o‘rganishda bahona qilish kerak emas. Keyin, boshqa til, begona degan bahona bo‘lishi kerakmas, odamlar shu tilda gaplashyaptimi, demak, u tilni o‘rgansa bo‘ladi. Qunt bilan, astoydil kirishilsa, bir xorijiy tilni 4-5 oyda ham o‘zlashtirsa bo‘ladi.

Optimizm tarafdoriman men. Hozirgi yosh yigit-qizlar bilan tanishib, yaqinroq suhbat qursangiz, pessimizm ko‘rinib turadi. Hali yosh, lekin hech narsaga erishmadim, ulgurmadim, deb boshlashadi. Unday bo‘lishi kerak emas.

— Yoshlarda natijadorlik ortishi, yaxshi mutaxassis bo‘lishi uchun ularda qanday qadriyatlar shakllanishi kerak deb o‘ylaysiz?

Beruniy Alimov

— Dangasalikning negizida zerikish bor. Hozirgi yoshlarda shu narsa bor. Zerikkan odamning qo‘li ishga bormaydi, o‘zlaricha nima bo‘layotganini tushuntirib berolmaydi.

Pul masalasi ham bor. Bunda yaxshiroq imkoniyatlar qarash kerak, bu yil kamroq oylikka ishlayotgan bo‘lsa, yanayam yaxshiroq imkoniyatlar izlasin. Bir jurnalist pulga munosabatingiz qanday, deb so‘rab qolgandi. Juda yaxshi. Biz topganimiz orqali kimgadir yordam berishimiz mumkin, qarindoshlarga qarashishimiz mumkin, hatto qo‘shnilarga.

Odamning o‘zida g‘oya bo‘lsa, uni amalga oshirish judayam oson aslida. Yoshlarga imkoniyat ko‘p deyapmiz-ku, lekin ularning oldida turgan chellenjlar ham ko‘p. Deylik, oddiy axborot ma’nosida. Tez aldanib qolishyapti, aldov bilan xorijga ketishyapti ham. Yoshlarning o‘zlarida atrofdan olayotgan axborotlarni tekshirib ko‘rish ko‘nikmasini shakllantirish kerak, hozir qoniqarli holatda emas bu jihat. Turli informatsiyalarga o‘ralashib qolishyapti. Katta to‘siq bu. Shunday davrda yashayapmizki, imkoniyat ham ko‘p, xalaqit beradigan narsalar ham.

Bizning zamonda bir sohaning ustasi bo‘lish uchun yuzta odamning ichida yaxshiroq ko‘rinish kerak bo‘lgan bo‘lsa, hozir o‘n mingta odamning ichida yaxshiroq bo‘lish kerak. Raqobat ko‘p va yanada ortadi hali. Diplomni olib, meni ishga oling, deydigan zamondan o‘tdik, hozir ish beruvchi yaxshi kadrni o‘zi izlab topadi va shunga loyiq bo‘lish kerak. Ish beruvchilar o‘zi ortidan yugursin, shu darajada bo‘lishi kerak yoshlar.

Muammolardan qo‘rqish kerak emas. Muammo borki, albatta, yechiladi. Muammo paydo bo‘lishi bilan uni o‘ylab boshlasangiz, uning 50 foizi hal bo‘ladi o‘zi, qolgani harakatda. Ko‘p aytilgan gap bo‘lsa-da, kelajagimiz yoshlarning qo‘lida.

— Umr o‘tib ketayotganini kech anglaymiz. O‘tgan umrga qaraganda, yuzimizga shapaloq tushgandek bo‘ladi. Umrning qiymatini tushiradigan eng keraksiz 3 ta odat yo ishlar nima siz uchun?

Beruniy Alimov

— Birinchi o‘rinda umrimizni — vaqtimizni tejashni o‘rganishimiz kerak. Umr o‘lchab berilgan. Yoshligimizda hali yoshsan, ulgurasan, degan gapni ko‘p eshitganman, endi hech kim bu gapni aytmaydi.

Juda ham katta bo‘lgan rejalar qilishga qarshiman. Ya’ni biz hozirgi kunda har yili meva beradigan orzular, rejalar qilishimiz kerak, juda uzoqdagi orzularga berilib, umrni o‘tkazib yuborish kerak emas. Ota-onalar ham shunga yo‘naltirish kerak. Katta qanaqadir odam bo‘lasan emas, bir sohaning yetuk mutaxassisi bo‘lasan, deyish kerak.

Iloji boricha ko‘proq bilim olishga harakat qilish kerak. Yoshlikdan boshlab ko‘proq o‘rganaverish kerak. Fundamental bilimlar kerak bizga, bo‘ladi-ku, maktabdagi bolalar aniq fanlar yoki gumanitar fanlarni tashlab qo‘yadi menga kerakmas deb, unday qilish kerakmas.

Kimyo fanini yaxshi o‘qimasdim, bolalardan ko‘chirardim vazifalarni. Lekin o‘qituvchimiz o‘zgargach, o‘qiy boshladim, hatto olimpiadalarga borganman kimyodan. Bizga shunday fundamental bilimlar kerak. Til borasida ham shunday, bitta tilni bilib, «bo‘ldi» emas, o‘rganish kerak yana. Hozirgiday sharoit bo‘lmagan davrda Beruniy, Farobiy kabi ajdodlarimiz qancha tilni bilgan?

Qo‘limizdan kitob tushmasligi kerak. Shu narsa bizning hayotimizni belgilaydi. Yaxshi ish topamiz, hayotimiz go‘zal bo‘ladi va qo‘ldan kelgancha atrofdagilarga yordam bera olamiz. Haqiqiy saodat shunda.

Ba’zi davralarda sen bunday bo‘lib ketding, ko‘tarilib ketding degan gaplar bo‘lib qoladi. Hammamizda imkoniyat bir xil edi, men boyvachchaning bolasi emasdim. Birinchi kurs paytim issiqxonada ishlab, odamlarning qo‘yiga qarab kun ko‘rganman, bundan uyalmayman.

— Hammada imkoniyat bo‘ladi. Demak, odamlarda qat’iyat yaxshi shakllanmagan ekan-da?

Beruniy Alimov

— Ruhlantirish degan narsa ham bor-da. Biz bolalarimizni o‘qitamiz, uylantiramiz, lekin ularni katta hayotga tayyorlash ham bor. Boladagi raqobatbardoshlikni sindirib qo‘yamiz hamma narsa qilib berish bilan. Bolaning o‘zi kurashsin, pastroq ishlarda ishlasin, ofitsiant bo‘lsin, hammollik qilsin, ustachilik qilsin. Qiz bolalar ham ko‘p ishni eplaydi, biri tort pishirib sotadi, gul sotadi, tikuvchilik qiladi. Qo‘lidan ko‘p ish keladigan yigit-qizlarimiz bor, lekin kam.

«Adabiyot va san’at» gazetasida musahhihlik qilardim. Keyin tarjimon bo‘ldim, muxbir, muharrir, sharhlovchi va boshqa lavozimlarda ishladim. Inson bir sohada qachonki mustahkam turadi — pastdan yuqorilab chiqqan bo‘lsa, oydan tushmagan bo‘lsa.

Yoshlarga faqat ishlash emas, o‘sishga ham imkon berish kerak. Bir yosh kadr tashkilotga, kompaniyaga keldimi, unga o‘sishga imkon berish kerak.

Tavakkal qilishni ham bilishi kerak yoshlar. Yosh bola issiq choynakni bir ushlagach, qayta ushlamaydi. Yoshlarda xato qilishdan cho‘chishni yo‘qotish kerak. Deylik, biznesda tavakkalsiz ish qilib bo‘lmaydi. Hayot tavakkallar va islohlardan iborat.

Yoshlarda tashabbuskorlik ham yetishmaydi. Imkoniyatlar ko‘p hozir. Mayli, kulgili tashabbus bo‘lsin, lekin ertaga uning ortidan yaxshirog‘i o‘sib chiqishi mumkin. Qo‘rqmaslik kerak bundan. Muhimi amalga oshirish.

Do‘st masalasi. Kishi o‘z vaqtini bo‘lib-bo‘lib har kimga berib yuborishi kerakmas. Eng qimmatli narsa — vaqt. Vaqtdan qimmat investitsiya yo‘q, kimgadir vaqt ajratish puldanam ko‘p narsa berish degani.

Yaponiyada biror kompaniyada ishlaydigan odam suyanchiqsiz stullarda o‘tiradi. Va oilasiga yo boshqa birovga telefon qilmaydi, taqiqlanmagan bu, lekin shunday etika shakllangan. Bizda esa bunday emas, diqqatimizni to‘la ishga qaratolmaymiz. Yaponlaram juda oilaparvar xalq aslida. Vaqtning ichidan kemiradigan odatlarimizni nazorat qilishimiz kerak. Shunda vaqtdan samaraliroq foydalana olamiz.

— Tanballik shakllangan avlod bilan jamiyatni qanday inqirozlar kutib turibdi?

Beruniy Alimov

— Tanballikning negiziga qarash kerak. «Klipcha» o‘ylash oqibatida tanballik paydo bo‘ladi. Deylik, Tik-Tok ijtimoiy tarmog‘ida vaqt o‘tkazadigan yoshlar shunchaki vaqt o‘tkazadi qisqa-qisqa qanaqadir roliklar bilan. Bu narsa yaxshilikka olib kelmaydi ertaga. Yoshlar o‘z sohasini to‘liq egallolmaydi, kuchlirog‘i o‘yindan chiqarib yuboradi ularni, raqobatbardoshlik yo‘q. Hozirgi zamonda harakat qilmagan odam hech narsaga erisholmaydi.

Talabalarga doim ota-onang shuncha pul sarflayapti, 5 so‘mlik bo‘lsayam narsa olib ketyapsanmi shu darsdan, deb aytaman. Ota-ona molini sotadi, o‘zidan ayaydi pulni, yoshlar esa kimnidir aldashga urinib o‘qiydi. Vaholanki, ular o‘zini aldayotgan bo‘ladi. Jiddiy masala bu. Ularni ruhlantira oladigan ustozlar kerak va ortidan ergashtirish kerak. Men 12 yil ustozimning uyida yashaganman, desam ham bo‘ladi, doim u kishining yoniga borganman, ishlarimni ko‘rsatganman. Bilim olish, nimagadir erishish imkoniyati hammada bor.

Suhbatni Uralbek Bo‘riyev olib bordi.
Tasvirchi – Shohruz Abduraimov

Mavzuga oid