Jahon | 09:31 / 09.11.2023
5738
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada «media-politsiyachilar»ni tayyorlash boshlandi

Rossiya Xalq xo‘jaligi va davlat boshqaruvi akademiyasida yangi yo‘nalishni tamomlaganlar internetdagi ekstremizm va buzg‘unchi kontentni aniqlash bilan shug‘ullanadi.

Foto: FreeImages.com

RF prezidenti huzuridagi Rossiya Xalq xo‘jaligi va davlat boshqaruvi akademiyasi (RXXvDBA) «internetdagi ekstremizm va buzg‘unchi kontentni aniqlash bo‘yicha mutaxassislar» tayyorlashni boshlaydi. Bu haqda 8 noyabr, chorshanba kuni oliygoh matbuot xizmatiga tayanib, «Izvestiya» gazetasi xabar berdi.

Bakalavriatning yangi yo‘nalishi rasman «Davlat manfaatlari va milliy xavfsizlikning media-ta’minoti» deb nomlanadi. O‘quv dasturi Rossiya Milliy aksilterror qo‘mitasi ko‘magida amalga oshirilmoqda, deya ta’kidladi oliygoh.

RXXvDBA vakili Lidiya Maliginaning so‘zlariga ko‘ra, yo‘nalish bitiruvchilari uchun vazifalar qatoriga «terrorizm, jinoiy madaniyat, o‘smirlar o‘rtasida o‘z joniga qasd qilish va dindorlarning his-tuyg‘ularini haqorat qilish targ‘ibotiga qarshi kurash» kiradi. Shuningdek, «media-politsiyachilar» internetdagi qaroqchilik kontentini bloklash imkoniyatiga ega bo‘ladi. 

Prezident akademiyasida yangi ta’lim dasturidan tashqari media-xavfsizlik bo‘yicha ekspertlarni akkreditatsiya qilish standarti ishlab chiqildi va oliygohning 47 ta hududiy filiali negizida akkreditatsiya markazlari tarmog‘i yaratildi. 

Roskomnadzor, Rossiya Jamoat palatasi va Davlat dumasi vakillari fikriga ko‘ra, yangi dastur paydo bo‘lishiga rossiyaliklar uchun ochiq bo‘lgan ijtimoiy tarmoqlarda buzg‘unchi kontent sonining ko‘payishi sabab bo‘ldi. Shu tariqa, 2022 yilda Roskomnadzor ijtimoiy tarmoqlar egalaridan 381 mingdan ortiq, 2023 yilning yanvaridan oktyabrigacha esa 310 mingta shunday turdagi materiallarni olib tashlashni talab qildi, deya aniqlik kiritdi «Izvestiya». 

Joriy yilning yanvar oyida Rossiya yetakchi oliygohlaridan biri sanalgan RXXvDBA tashkil etilganidan beri birinchi marta rektorini almashtirdi. Bir qator ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiyadan ko‘chib ketgan iqtisodchi Aleksandr Mau o‘rniga akademiyani Aleksey Komissarov boshqarmoqda. Bungacha Komissarov «gubernatorlar maktabi» sifatida tanilgan Davlat boshqaruvi oliy maktabi (RXXvDBA tarkibiga kiradi) direktori bo‘lgan. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid