Misrdan G‘azoga insonparvarlik yordamining ikkinchi partiyasi yetib bordi
G‘azo sektori uchun birinchi yordam jo‘natilganidan bir kun o‘tib, ikkinchi humanitar karvon ham xuddi shu manzilga yetib bordi. Biroq, BMT ma’lumotlariga ko‘ra, mavjud hajmlar yetarli emas.
G‘azo sektoriga yana bir insonparvarlik yordami yetib keldi: 22 oktyabr, yakshanba kuni kechqurun 14 yuk mashinasidan iborat karvon Misrdan mintaqaga bordi. Bu haqda Reuters agentligiga BMTning Yaqin Sharqdagi falastinlik qochqinlarga yordam va ishlar agentligi matbuot kotibi Julett Tuma Ammandan telefon orqali xabar berdi.
Bu manzilga yetib borgan ikkinchi humanitar karvondir: Misr va G‘azo sektori o‘rtasidagi Rafah chegara punktining ochilishi bo‘yicha bir necha kun davom etgan bahslardan so‘ng, bir kun avval Falastin hududiga birinchi yordam yuki yetib keldi. O‘shanda 20 ta yuk mashinasi chegarani kesib o‘tdi.
Muhtojlar uchun bu yordam yetarli emas
Biroq, BMT ma’lumotlariga ko‘ra, G‘azodagi asosiy ehtiyojlarni qondirish uchun har kuni 100 ta yuk mashinasida humanitar yordam kerak. Shuningdek, Misr chegarasi orqali yordam yetkazib berishda hech qanday bo‘shliqlar bo‘lmasligi muhim, dedi BMT bosh kotibining humanitar masalalar bo‘yicha o‘rinbosari va favqulodda yordam koordinatori Martin Griffits 21 oktyabr kuni Qohiradagi konferensiya chog‘ida.
«Humanitar yordamga juda muhtoj bo‘lgan millionlab odamlar uchun yana bir kichik umid chaqnadi. Ammo ularga ko‘proq yordam berilishi kerak», deb yozdi Griffits X ijtimoiy tarmog‘ida. U Falastin tomonidagi humanitar tashkilotlar xodimlarini «haqiqiy qahramonlar» deb atadi. Griffits ta’kidlashicha, bu xodimlar ham «himoyaga muhtoj».
HAMAS harakatining mamlakatga hujumidan so‘ng Isroil G‘azo sektorini qisman blokadaga olganini e’lon qildi. Hujum 7 oktyabr kuni sodir bo‘lgan va shundan beri Isroil hujumlarga javoban hududga havo zarbalari berib, mahalliy aholini sektor janubiga evakuatsiya qilishga chaqiryapti.
Mavzuga oid
21:05 / 25.11.2024
Qizil dengizda ichida turistlar bo‘lgan kema cho‘kib ketdi
15:34 / 18.11.2024
Misr O‘zbekistonda qurilayotgan kimyo klasteri loyihasida ishtirok etmoqchi
09:46 / 12.11.2024
ADL va IHT Isroilni G‘azodan chiqib ketishga chaqirdi
19:17 / 11.11.2024