Jahon | 12:42 / 24.10.2023
11287
2 daqiqa o‘qiladi

Isroil Greta Tunberg nomini o‘quv dasturlaridan olib tashlaydi

Isroil ta’lim muassasalari dasturlaridan shvetsiyalik ekologik faol Greta Tunberg nomining olib tashlanishiga uning falastinliklarni qo‘llab-quvvatlovchi bayonotlari sabab bo‘ldi.

Foto: X / GretaThunberg

Isroil Ta’lim vazirligi iqlim faoli Greta Tunberg haqidagi har qanday eslatmani mamlakat o‘quv dasturidan olib tashlamoqchi. Isroilning The Jerusalem Post gazetasi 22 oktyabr kuni tushuntirishicha, bunga qizning 20 oktyabr kuni X ijtimoiy tarmog‘ida falastinliklar va G‘azo sektorini qo‘llab-quvvatlash maqsadida chop etgan posti sabab bo‘lgan. 

«Bunday pozitsiya uni ta’lim va axloqiy jihatdan namuna bo‘lish huquqidan mahrum qiladi hamda u endi isroillik talabalarni ilhomlantira olmaydi va ularning ta’limiga xizmat qila olmaydi», — deya Ta’lim vazirligi bayonotida keltirilgan.

Tunberg postiga hamroh bo‘lgan suratda u va uning uch nafar tarafdori: «Biz G‘azoni qo‘llab-quvvatlaymiz», «Bu yahudiy ayol Falastinni qo‘llab-quvvatlamoqda» va boshqa so‘zlar yozilgan plakatlarni ushlab turgan. «Dunyo o‘z ovozini baland ko‘tarib, zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatishga, falastinliklar va jabrlangan barcha tinch aholi uchun adolat va erkinlikka chaqirishi kerak», deyiladi ekofaol bayonotida.

Tunbergning Falastinni qo‘llab-quvvatlash haqidagi postiga munosabat turlicha ko‘rinish oldi. Ammo, ushbu post internetda kuchli reaksiyaga sabab bo‘ldi. 23 oktyabrga kelib uning ostida 218 mingga yaqin «layk» to‘plangan. 

The Jerusalem Post xabariga ko‘ra, yuzga yaqin isroillik atrof-muhit faollari Tunbergga ochiq xat yozib, uning so‘zlarini qoralagan va «HAMASga yana bir bor nazar tashlashga» chaqirgan.

21 oktyabr kuni Tunbergning o‘zi X ijtimoiy tarmog‘idagi postida uning avvalgi xabarini, «HAMAS hujumlarini qoralashini» anglagan holda to‘g‘ri tushunish kerakligini ta’kidladi. 

Mavzuga oid