O‘zbekiston | 13:37 / 25.10.2023
18998
4 daqiqa o‘qiladi

Toshkentdagi «novostroyka»lardan birida lift 9-qavatdan pastga tushib ketdi

Lift 5-qavatga yetganda avariya tormozi yordamida to‘xtagan. Shahar hokimiyati holat sabab jarohatlanganlar bo‘lmaganini, uy qurib bitkazilganidan keyin tekshirilmasdan aholiga foydalanishga topshirilganini ma’lum qildi.

Illyustrativ foto: Kun.uz

24 oktyabr kuni Toshkent Shahri Mirzo Ulug‘bek tumani Parkent ko‘chasida joylashgan yangi ko‘p qavatli uyda lift yuqori qavatdan pastga tezlashib tushgani, o‘sha vaqtda lift ichida odamlar ham bo‘lgani haqidagi xabarlar tarqaldi.

«Lift 9-qavatdan 5-qavatga quladi, keyin xayriyatki, tormoz ishlab ketdi. Lift ichida odamlar bor edi, hamma hali ham shokda. O‘rganishlarga ko‘ra, lift quruvchi tashkilot VEK (vekbuilding.uz) tomonidan ekspluatatsiya uchun boshqaruv servis kompaniyasiga taqdim etilmagan. Ba’zi liftlar hali ham ishlamayapti, boshqaruv servis kompaniyasi vakillarining aytishicha, ularda ehtiyot qismlar yetarli emas», – deyiladi fuqarolardan biri joylagan postda. 

Qo‘shimcha qilinishicha, bu uydan odamlar salkam 3 yildan beri foydalanib keladi. Hujjatlarni rasmiylashtirish va liftlar masalasi hanuzgacha tartibga solinmagan. 

«So‘nggi paytlarda liftlar bilan bog‘liq baxtsiz hodisalar tez-tez uchrayotgan vaqtda bu holatning yuzaga kelishi dahshatli va qo‘rqinchli. Bu vaziyatda quruvchi tashkilot bilan bo‘layotgan muammoni hal qilish, vakolatli organlar yordam berishi uchun qayerga borishimiz kerak, ayting?» – deyiladi murojaatda. 

Kun.uz holat yuzasidan Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati bosh mutaxassisi Gulnoza Qosimova bilan bog‘landi. U lift qulagani haqidagi xabarni tasdiqlar ekan, bu vaziyatda quruvchi tashkilotning aybi borligini ta’kidladi. Ta’kidlanishicha, yangi qurilgan ko‘p qavatli uy bo‘lishiga qaramay, bino hokimiyat tomonidan tekshirib qabul qilib olinmagan. 

«Shahar ham, tuman hokimiyati ham bu uyni balansga olib, qabul qilib olmagan, quruvchi undan oldin uyni odamlarga sotib, topshirib yuborgan. Ayni vaqt lift bo‘yicha tashkilotimiz rahbari o‘sha hududga yuborilgan, holat nazoratga olingan. Hozirda beriladigan aniq ma’lumot: vaziyat sabab hech kim zarar ko‘rmagan. Liftning tormoz tizimi ishlab, hammasi joyida bo‘lgan. 

Fuqarolar bu holatni quruvchi tashkilotga murojaat qilib hal etishi lozim. Bugungi holatda hech kim zarar ko‘rmadi degani bu holat yana takrorlanmaydi degani emas-ku. Quruvchi tashkilotning xatosi: odamlar kirib yashashidan oldin hammasini yaxshilab tekshirib olishi lozim edi», – deydi u. 

Bu joriy yil hisobida liftlar bilan yuzaga kelgan yagona noxushlik emas. Iyun oyida Yangihayot tumanidagi aholiga nosoz holatda topshirilgan lift tezlashib ketib, so‘ng uning ham avtomatik tormoz tizimi ishlab ketgandi. O‘shanda lift ichida 13 kishi bo‘lgani, shularning 2 nafari yosh bola ekani, ularning barchasiga tibbiy yordam ko‘rsatilgani ma’lum bo‘lgandi.

Keyinroq Mirzo Ulug‘bek tumani Parkent ko‘chasidagi 239-uyning eng yuqori qavatida to‘xtab qolgan liftdan pochtachi ayol jasadi topilgandi. Qayd etilishicha, ayol liftga kirgan vaqtda elektr ta’minotida uzilish kuzatilgan va marhum liftda qamalib qolgan.

Avgust oyida Yunusoboddagi ko‘p qavatli uy liftida 2 kishi qamalib qolgandi. Rasmiylar o‘sha vaqtda bu lift uyga 15 kun avval o‘rnatilganini, ammo sinov muddati sababli xizmat ko‘rsatuvchi boshqaruv servis kompaniyasiga topshirilmaganini ma’lum qilgandi.

Дилшода Шомирзаева
Muallif Дилшода Шомирзаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid