Sport | 14:59 / 26.10.2023
28418
2 daqiqa o‘qiladi

FIFA reytingi. O‘zbekiston milliy jamoasi so‘nggi 5 yillikdagi eng yaxshi natijasini qayd etdi

FIFA rasmiy sayti milliy jamoalarning yangi reytingini e’lon qildi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston 2018 yildan keyingi eng yaxshi natijasiga erishdi.

Foto: O‘FA

Oktyabr oyi natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston milliy jamoasi reytingda ikki pog‘ona ko‘tarilib, 73-o‘rinni egallagan. Srechko Katanets shogirdlari avvalgi oyda 75-o‘rinda edi. Vakillarimizning Osiyo qit’asidagi o‘rni esa o‘zgarmagan – 10-o‘rin. 

FIFA reytingida ham o‘nlik o‘zgarmadi. Argentina milliy jamoasi 1-o‘rinda bormoqda, Fransiya 2-o‘rin, Braziliya 3-o‘rindan joy olgan. Keyingi o‘rinlarni Angliya (4), Belgiya (5), Portugaliya (6), Niderlandiya (7), Ispaniya (8), Italiya (9) va Xorvatiya (10) o‘nlikdan joy olgan. 

Osiyo jamoalari orasida esa Yaponiya reytingda 18-o‘ringa ko‘tarilib, peshqadam sanaladi. Shuningdek, qit’ada top-10likdan Eron (21), Janubiy Koreya (24), Avstraliya (27), Saudiya Arabistoni (57), Qatar (61), Iroq (68), BAA (69), Ummon (72) va O‘zbekiston (73) joy olgan.

Qayd etish joiz, O‘zbekiston milliy jamoasi mart oyida 74-o‘ringa ko‘tarilib, oxirgi 5 yillikdagi eng yaxshi natijasiga erishgandi. Bungacha vakillarimiz 2018 yil fevral oyida 72-o‘ringa ko‘tarilgan, shundan so‘ng 95, 84, 83, 82, 77-o‘rinlarni egallagandi. Bu safar esa 73-o‘rin bilan so‘nggi 5 yillikdagi eng yaxshi natija zabt etildi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston milliy jamoasi oktyabr oyida Xitoyda yig‘in o‘tkazib, Viyetnam (2:0) va Xitoy (2:1) milliy jamoalari ustidan g‘alabaga erishgandi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston milliy jamoasining FIFA reytingidagi eng yaxshi natijasi – 45-o‘rin bo‘lib, vakillarimiz 2006-2007 yilda ushbu o‘rinda qayd etilgandi.

Mavzuga oid