Isroil BMT bosh kotibi iste’fosini talab qilmoqda, Guterrish HAMAS harakatini oqlamaganini aytdi
BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish «HAMAS hujumlari o‘z-o‘zidan sodir bo‘lmagani»ni aytdi. Uning G‘azo urushi haqidagi so‘zlariga Isroil rasmiylari g‘azabnok munosabat bildirdi. Guterrish bu munosabatdan hayratda qolganini aytdi.
24 oktyabr kuni Nyu-Yorkda BMT Xavfsizlik Kengashi yig‘ilishida so‘zlagan Antoniu Guterrish Yaqin Sharqdagi vaziyat soat sayin og‘irlashib borayotganini aytib, barcha tomonlarni tinch aholini hurmat va himoya qilishga chaqirdi.
«Men 7 oktyabr kuni HAMAS tomonidan Isroilda sodir etilgan dahshatli va misli ko‘rilmagan terrorchilik xurujlarini so‘zsiz qoraladim. Tinch aholini ataylab o‘ldirish, yaralash va o‘g‘irlash, shuningdek, tinch aholi nishonlariga raketa hujumlarini hech narsa oqlay olmaydi», dedi u.
Shu bilan birga, Guterrish: «Shuningdek, HAMAS hujumlari o‘z-o‘zidan sodir bo‘lmaganini tan olish kerak. Falastin xalqi 56 yildan beri bo‘g‘uvchi istilo ostida», deb qo‘shimcha qildi.
Guterrish, shuningdek, «G‘azoda xalqaro gumanitar huquqning ochiq-oydin buzilishidan» chuqur xavotirda ekanini aytdi va Isroilning bomba tashlashidan tinch aholi qurbonlari miqdori va «uy-joylarning ommaviy vayron bo‘lishi»dan xavotir bildirdi.
Shu bilan birga u HAMAS nomini tilga olmasdan, «tinch aholini himoya qilish hech qachon ulardan tirik qalqon sifatida foydalanishni anglatmasligini» ta’kidladi.
Guterrishning bayonoti Isroil rasmiylari tomonidan keskin qabul qilindi. Jumladan Isroil elchisi Gilad Erdan uni terrorizmni oqlaganlikda aybladi va zudlik bilan iste’fosini talab qildi.
Isroil tashqi ishlar vaziri Eli Koen BMT Xavfsizlik Kengashidagi o‘z nutqida Guterrishni tanqid qilib, undan: «Siz qaysi dunyoda yashayapsiz?», deb so‘radi.
Koenning aytishicha, Isroilga kirib kelgan 1500 nafar «HAMAS jangarisi tomonidan 1400 erkak, ayol va bolaning o‘ldirilishi tarixda IShID tomonidan amalga oshirilganidan ham shafqatsizroq qirg‘in» bo‘lib qoladi.
«HAMAS yangi natsistlardir. Tsivilizatsiyalashgan dunyo natsistlarni yengish, IShID guruhini yengish uchun birlashganidek, HAMAS harakatini yengish uchun birlashishi va Isroilni qo‘llab-quvvatlashi kerak» dedi Koen.
U BMT bosh kotibi tanqidi va o‘t ochishni to‘xtatish haqidagi chaqirig‘iga ishora qilib, shunday dedi: «Aytingchi, go‘daklarning o‘ldirilishi, ayollarning zo‘rlanishi va yondirilishi, bolaning boshi kesilishiga qanday mutanosib javob beriladi? Seni o‘ldirishga va yo‘q qilishga qasam ichgan odam bilan qanday qilib o‘t ochishni to‘xtatishga rozi bo‘lasan?».
Keyinroq Koen X ijtimoiy tarmoqda shunday yozdi: «Men BMT Bosh kotibi bilan uchrashmayman. 7 oktyabr qirg‘inidan keyin muvozanatli yondashuvga o‘rin yo‘q».
24 oktyabr kuni Isroilning Ynet sayti BMT Bosh kotibining gumanitar masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Martin Griffitsga Isroil vizasi so‘rovi rad etilgani haqida xabar berdi.
25 oktyabr kuni Guterrish o‘ziga qo‘yilgan ayblovlarni rad etdi.
«Ba’zi bayonotlarimning buzib talqin qilinishi meni hayratda qoldirdi... Go‘yo men HAMAS harakatining terrorchilik harakatlarini oqlaganmishman. Bu to‘g‘ri emas. Hammasi aksincha edi», dedi u Isroil va uning rasmiylari nomini tilga olmasdan.
Mavzuga oid
19:34 / 25.11.2024
OAV: Isroil Livanda o‘t ochishni to‘xtatishga rozi bo‘ldi
16:57 / 25.11.2024
BAAda isroillik rohibning o‘limida gumonlanayotgan o‘zbekistonliklar ushlandi
15:51 / 25.11.2024
Iordaniyadagi Isroil elchixonasi yaqinida otishma yuz berdi
09:56 / 25.11.2024