«Bu loyiha boshga tashlangan sirtmoq» - Samarqand ko‘chalaridagi tunnel qurilishi haqida urbanist fikri
Samarqandda yaxshi niyatlar bilan ulkan zarar keltiruvchi loyiha amalga oshirilmoqda va bo‘yinga qarz sirtmog‘i tashlanmoqda, deb yozadi rossiyalik taniqli urbanist Arkadiy Gershman.
Gershman Samarqand shahrining Gagarin va Ro‘dakiy ko‘chalari kesishmalarida qurilishi nazarda tutilgan loyihani tanqid ostiga olgan. Qayd etish lozimki, Gagarin-Mirzo Ulug‘bek chorrahalaridan farqli o‘laroq, hali bu manzilda ishlar to‘laqonli boshlanmagan, hali ham zararli loyihani to‘xtatish mumkin.
«Ikkita keng tarqalgan yanglish fikr bor: har qanday yangi qurilish bu — yaxshilikka, ko‘chalardagi avtomobil tirbandligini yo‘qotish uchun svetoforlardan voz kechib, yo‘layirgich (razvyazka) qurish. Prinsip jihatdan olib qaralsa, shahar chetidagi yo‘llarda yo‘layirgichlarning chindan ham foydasi tegadi, lekin shahar ko‘chalari haqida so‘z borganda yo‘layirgichlar tirbandlikni faqat 100 metr nariga ko‘chirib berishini, atrofdagi qulay muhitni barcha uchun o‘ldirishini anglashimiz lozim. Inson faqat yo‘lning chekkasida yashashga majbur bo‘ladi.
Matematiklar va transportchilar o‘tgan asrdayoq oddiy chorrahalarning o‘rniga quriladigan yangi yo‘llar va o‘sha yo‘layirgichlar ko‘chada mashinalar soni oshishi va yangi tirbandliklarga olib kelishini isbotlab bo‘lishgan. Shuning uchun aqlli shaharlar anchadan buyon bu usullardan voz kechib borgan — buning o‘rniga jamoat transporti, piyodalar va velosiped yo‘laklarini ko‘paytirishga pulni ayashmayapti. Bu — asosiy masala.
Samarqandda esa jonli turar joy massivi ichidan shahar chetida qad rostlagan yangi turar joy massiviga yo‘l solishga va shahar markazidagi ko‘chani yo‘layirgichli trassaga aylantirishga qaror qilishdi. Buning yo‘lida yangi polosalar uchun ko‘p yillik daraxtlardan ham voz kechilmoqda, tunnellar qurilishi uchun kommunikatsiyalar ko‘chirilmoqda.
Bu yerda shaharni rejalashtirish va dizayn sohasidagi klassik xatolar takrorlanmoqda: avval taqir dalada massiv quriladi, keyin undan odamlar qanday chiqishi o‘ylay boshlanadi, biryo‘la keng, sersoya trotuarlarga ega ko‘cha asfaltli trassaga aylantiriladi.
Detallar bo‘yicha sinchiklab qaralsa, vaziyat yanada yomon: tunnellar chorrahalarning o‘tkazish qobiliyatini oshirmaydi, yuqorida burilish uchun mavjud fazali svetoforlar qolaveradi, bu vaqtda avvalgidan ko‘proq mashinalar chorrahaga yopirilib kela boshlaydi. Chunki chorrahalargacha polosalar soni kam — bunday yopirilma oqim chorrahalarga va ko‘chaning boshqa tarmoqlariga yuklamani oshiradi. Soddaroq qilib aytganda, tunnel va unga kirish joyi uning ustidagi chorrahaga o‘tish uchun navbat bilan to‘lib qoladi — yo‘l tirbandlikdan xalos qila olmaydi, shunchaki yangilarini yaratadi.
Tunnelli yo‘layirgich tirbandlikdan qutqara olmasligi, uni 100 metr nariga ko‘chirib berishi bo‘yicha Samarqandda tirik misol bor — Olimpiya zaxiralari kolleji oldidagi Bo‘stonsaroy va Ro‘dakiy ko‘chalarida qurilgan tunnel sabab barcha tiqilinch Ro‘dakiy-Dahbed ko‘chalari kesishmasiga ko‘chgan.
Koshki hammasi shu bilan tugasa ekan, bema’ni qurilish kredit qarzlari evaziga amalga oshirilmoqda. Respublika ma’muriyati Abu-Dabi rivojlanish fondidan 17 yilga 300 mln dollar kredit olgan, mahalliy chinovliklar buni jon-jon deb qabul qilishgan. Bularning barchasi o‘sha budjet pullariga ishlab chiqilgan transport master-planida ko‘rsatib o‘tilgan, shahar ichida trassalar va yo‘layirgichlar qurmaslik to‘g‘risidagi eslatmalarga zid tarzda amalga oshirilmoqda. Boz ustiga, transport ekspertlari master-planda o‘sha Qorasuv massivigacha tramvay liniyasini tortishni mustahkamlab qo‘yishgan bo‘lsa-da, bu qurilish... pul yo‘qligi sababli keyinga qoldirildi.
Pirovard oqibatda biz tig‘iz soatlarda avtomobilchilarning hayotini o‘nglamaydigan, tunlari shahar ko‘chasini poyga trassasiga aylantiradigan, avtobus va tramvaylarni qulay almashish imkonini bermaydigan, o‘sha chorraha atrofida yashovchilar uchun qulay muhitni o‘ldiradigan va o‘sha ko‘chalar bo‘ylab biznesni kasod qilish ehtimoli katta bo‘lgan loyihaga ega bo‘lyapmiz. Hali bularning barchasiga foizi bilan qarzni to‘lab qo‘yish kerak!
Bu qurilishlar berishi mumkin bo‘lgan yagona plyus — tunnel qurish mumkin bo‘lishi uchun ko‘cha ostidagi kommunikatsiyalarning yangilanayotgani. Lekin aholi bir ko‘chaning ayrim joyida o‘rnatilgan yangi quvurlar sabab yaxshilanishni sezmasa ham kerak. Chunki kommunikatsiya kompleks yangilanishi kerak, nuqtali emas.
Shu o‘rinda masalani qanday qilib oqilona yo‘l bilan yechish mumkinligi haqida.
Hamkasbim Aleksandr Devyatkin tig‘iz vaqtlarda oqimlarni o‘lchab ko‘rib, Ro‘dakiy – Gagarin ko‘chalari kesishmasida eng samarali dizaynda chorraha loyihalagan edi.
Aniqlanishicha, bu yerda tunnelning mutlaqo keragi ham yo‘q ekan: polosalarning yo‘nalishini va svetoforlarning siklini o‘zgartirish bilan mashinalar harakatini yaxshilash, eng asosiysi — o‘sha shahar chetidagi Qorasuv massiviga tezyurar avtobus liniyasi uchun joy ham ajratish mumkin. Hattoki yangi daraxtlar o‘tqazish uchun joy ham qoladi. Bu mavjud chorrahaning mavjud qatnov qismi hisobiga hech qanday yo‘l ayirgichsiz barcha uchun qulay va yaxshi natija qilish mumkin bo‘lgan kamyob holat. Lekin aftidan, Samarqanddagi chinovliklar uchun aholiga yaxshilik qilishdan ko‘ra qurilishdan pul ishlash afzalroq ko‘ringan», — deb yozadi Gershman.
Bu haqida avval ham yozgandim. Bular hozir shaharda «mendan ketguncha egasiga yetguncha» qabilida yumaloq yostiq qilib tunnel qurib topshirishadi. Azobini biz tortamiz, bizning bolalarimiz va nevaralarimiz tortishadi.
Hozir viloyatda bu qarorni yoqlab, kursida o‘tirgan mansabdorlar 4-5 yilda lavozimini tark etishi mumkin, qarzni 17 yil davomida biz va avlodlarimiz to‘laymiz. Gershman bo‘yinni sirtmoqqa tiqish deganda shuni nazarda tutgan. Viloyatdagi hozirgi rahbarlarni hozircha bunga aslo ishontirib bo‘lmaydi. Nimadir ularning ko‘zlarini «ko‘r» qilib qo‘ygan.
Men, albatta, bu pullar behudaga sarflanayotgani, kuni kelib shaharga o‘qigan, shahar va uning aholisi uchun jon kuydiradigan aqlli-farosatli rahbarlar saylanishi (!), bu xato kuni kelib bartaraf qilinishi va qurilayotgan tunnellar buzib tashlanishiga aniq ishonaman.
Shuhrat Shokirjonov tayyorladi.
Mavzuga oid
08:10 / 21.11.2024
Shavkat Mirziyoyev Samarqand viloyatini rivojlantirish yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi
08:51 / 20.11.2024
To‘rt tumanda 614 mln so‘mlik elektr va gazdan noqonuniy foydalanilgani aniqlandi
13:49 / 14.11.2024
Samarqandda o‘quvchi avtobus urib yuborishi oqibatida halok bo‘ldi
09:28 / 08.11.2024