O‘zbekiston | 20:35 / 27.10.2023
6098
4 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘izistonda ShHT hukumatlar rahbarlari kengashida 14 ta hujjat qabul qilindi 

Kun tartibiga muvofiq, dolzarb iqtisodiy va gumanitar masalalar yuzasidan fikr almashildi, ko‘p qirrali va o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi. 

26 oktyabr kuni Qirg‘iziston poytaxti Bishkek shahrida Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShHT) hukumat rahbarlari kengashining majlisi bo‘lib o‘tdi. 

Unda O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov, Hindiston tashqi ishlar vaziri Subramanyam Jayshankar, Eron birinchi vitse-prezidenti Muhammad Muxbir, Qozog‘iston bosh vaziri Alixan Smailov, Xitoy Davlat kengashi bosh vaziri Li Tsyan, Qirg‘iziston bosh vaziri Aqilbek Japarov, Pokiston tashqi ishlar vaziri Jalil Abbos Jiloniy, Rossiya hukumati raisi Mixail Mishustin, Tojikiston bosh vaziri Kohir Rasulzoda hamda ShHT bosh kotibi Chjan Min va tashkilotning Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi Ijro qo‘mitasi direktori Ruslan Mirzayev qatnashdi. 

Kuzatuvchi mamlakatlar va faxriy mehmonlar sifatida majlisda Belarus bosh vaziri Roman Golovchenko, Mo‘g‘uliston bosh vaziri Luvsannamsrayn Oyuun-Erdene, Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi raisi o‘rinbosari Xo‘jamurot Geldimuradov hamda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi bosh kotibi Sergey Lebedev, Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi Hay’ati raisi Mixail Myasnikovich ishtirok etdi. 

«Ola-Archa» davlat qarorgohida majlis qatnashchilarini dastlab Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov qabul qildi. 

Shundan so‘ng, hukumat rahbarlarining kengaytirilgan tarkibda majlisi bo‘ldi. 

Kun tartibiga muvofiq, dolzarb iqtisodiy va gumanitar masalalar yuzasidan fikr almashildi, ko‘p qirrali va o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi. 

Tadbir yakunida ShHT a’zo davlatlar hukumat rahbarlari 14 ta hujjatni qabul qildi:

- Kengashning 22-yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha qo‘shma kommyunike;

- ShHT kotibiyatining a’zo davlatlarni ko‘p tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorligi dasturini amalga oshirish doirasida o‘tkazilgan tadbirlar va uchrashuvlar to‘g‘risidagi hisoboti bo‘yicha bosh maslahatchining qarori;

- ShHT 2022 yilgi budjeti to‘g‘risidagi moliyaviy hisobot bo‘yicha qaror;

- ShHT 2024 yilga mo‘ljallangan budjeti to‘g‘risidagi qaror;

- ShHT Moliyaviy qoidalari to‘g‘risidagi qaror;

- ShHT doimiy organlari mansabdor shaxslarining ish haqi, kafolatlari va kompensatsiyalari to‘g‘risidagi Nizom bo‘yicha qaror;

- ShHT doimiy faoliyat yurituvchi organlarining moliya-xo‘jalik faoliyatining tashqi auditini o‘tkazish to‘g‘risidagi hisoboti bo‘yicha qaror;

- ShHT a’zo davlatlar temiryo‘l ma’muriyatlari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik konsepsiyasini amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi bo‘yicha qaror;

- ShHT Kotibiyatining shtat jadvali bo‘yicha qaror;

- ShHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi Ijro qo‘mitasining shtat jadvali to‘g‘risidagi qaror;

- ShHT mintaqasidagi xaridorlar va sotuvchilarning raqamli uchrashuvini o‘tkazish konsepsiyasi bo‘yicha qaror;

- 2017 yil 1 dekabrdagi Shanxay hamkorlik tashkiloti budjetini shakllantirish va ijro etish tartibi to‘g‘risidagi bitimga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi bayonnoma;

- Raqamli savdo sohasida tashqi iqtisodiy va tashqi savdo faoliyati uchun mas’ul bo‘lgan ShHT a’zo davlatlarning vazirliklari va idoralari o‘rtasidagi hamkorlik istiqbollarini o‘rganish tashabbusi (imzosiz qabul qilingan);

- 2024 yilda ShHT Ekologiya yili bo‘yicha harakatlar rejasi. 

ShHT hukumat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisi 2024 yilda Pokistonda bo‘lib o‘tadi. 

Mavzuga oid