O‘zbekiston | 15:10 / 28.10.2023
26593
7 daqiqa o‘qiladi

Mevalar ishqibozi – bir daraxtga 70 xil olma payvand qilgan oltiariqlik bog‘bon

Oltiariqlik bog‘bon Abdulvohid Mirzajonov bog‘ini oralasangiz ko‘zingiz quvnaydi. Abdulvohid aka tomorqasida ayni paytda avatar, lorus, red glob, veles, manikyur finger, lamborjini kabi uzumning antiqa navlari g‘arq pishib yotibdi. Bog‘bon xorijning dong‘i ketgan bir qancha uzum navlari hamda olma, nok, bodom, shaftoli novdalarini olib kelib payvandlab ko‘chat qilib sotadi. Uning mashhur uzum ko‘chatlari hatto Birlashgan Arab Amirligi, Turkiya, Gruziya, Turkmaniston, Qozog‘istonga ham kirib borgan. 

Eng qizig‘i hali oldinda. Bog‘bon bir daraxtning o‘ziga dunyoning 70 xil olmasini payvandlagan. Ular allaqachon hosil berishni boshlagan ham.

“Bir paytlar Oltiariq turpi bilan mashhur edi. Hozir esa bog‘dorchilikda mashhur”, – deydi bog‘bon.

“Ota-bobomiz dehqonchilik bilan shug‘ullangan. Bolalikdan otamiz yonida yurib dehqonchilik, bog‘bonchilik sirlarini o‘rgandik. Oliy ma’lumotliman, bir muddat soham bo‘yicha ishladim ham, lekin baribir ota kasbga tortib ketdik-da.

Ko‘chatchilik, payvandchilikka qiziqaman. Bitta olmaga 70 xildan ortiq olma va nok navlarini payvandlaganman. Qaysi davlatga yoki viloyatga borsam, o‘sha yerdan yaxshi olma ko‘chatlarini olib kelaman. Iskana kurtak payvand qilganman, hatto bargiga payvand qilganman, ko‘pchilik bunday payvandlashni uncha tushunmaydi. Bir shoxning o‘zida bir necha xil olma bo‘ladi.

Payvandlangan katta daraxtning mevasini ko‘rib, yaxshi bo‘lgach, bog‘dagi bir yillik ko‘chat daraxtlarga payvandlab chiqamiz. Olmadan tashqari nok, shaftoli, gilos, o‘rik, bodom, pista kabi bir necha xil mevali daraxt ko‘chatlarimiz bor.

Jami 200 xildan ortiq meva navlari bor, o‘shalardan olib yangi bir yillik ko‘chatlarga payvandlab chiqamiz. 60 xildan ortiq uzum navimiz ham bor, Yevropa, Amerika qit’alaridan kelgan. Haj safariga borganimda bir necha xil nok, gul ko‘chatlarini olib keldim. Makkada ham ishlarimga qiziqib qolib, bir necha oy tajriba berib keting, hukumatga chiqamiz, mablag‘ qilib berishadi, deb qolishdi.

Bir daraxtning o‘zida Ukraina, Polsha, Germaniya, Rossiya, Niderlandiyadan kelgan olmalar bor. Yevropaning olmalari qattiqroq va chidamli bo‘ladi. Pink lady olmasi qishdan chiqib bahorda ham daraxt shoxida turaverarkan, o‘tgan yili shunday bo‘ldi. Adashib ketmaslik uchun daraxt shoxlariga yozuv ilib qo‘yaman navi, qayerdan kelgani haqida.

Bu yil bizda uzumlar narxi o‘tgan yilgidan qimmat bo‘ldi. Chunki qishda ko‘p toklarni sovuq urib ketdi. Bog‘bonlarda ham ayb bor, ba’zilari agrotexnikani yaxshi bilmaydi. Sovuq 10 gradusdan oshdimi, bog‘ga suv qo‘yish kerak, shunda suvning hovuri bilan bog‘da sovuq nisbatan pasayadi. Suv sovuqning zahrini oladi. Dud qo‘yib qo‘ysa ham bo‘ladi, dud ham sovuq havoni isitishga yordam beradi. Shunga o‘xshash bog‘bonchilikning sirlari bor.

Uzum navlarimiz ham har joydan keltirilgan, 60 xildan ortiq. Asosiy e’tibor berayotganimiz danagi yo‘q yoki kam bo‘lgan uzumlar, chunki eksportbop bo‘ladi bunday navlar. Bizning asosiy eksport bozorimiz — Rossiya, bundan tashqari, Qozog‘iston va Qirg‘izistonga ham chiqadi. Endi G‘arb davlatlariga ham chiqib borishimiz kerak, Yevropada asosan danaksiz uzumlar iste’mol qilinadi. Danaksiz bo‘lishdan tashqari chidamli bo‘lishi kerak uzoq mamlakatlarga yetkazish uchun, shuning uchun bunday navlarni ko‘paytirishimiz lozim. Hozir o‘zimizda o‘nlab Yevropa uzum navlari bor, bemalol ko‘chat bo‘yicha bizga murojaat qilishlari mumkin. Ko‘chatlarni barglaridan farqlayman men. Uzum payvandlashda qaysi uzumning tomiri baquvvat, tez suradigan bo‘lsa, o‘sha uzumga payvand qilaman.

Asosan uzum navlari Ukraina, Tojikistondan keladi. Bu yil 25 xil uzum olib keldik. Yaponiya uzumidan ham olib keldik, uning kattaligi yong‘oqdek keladi, eksportbop uzum. Eng yaxshi navlar avatar, helloven, red glob, rizamat, qora kishmish kabi uzumlar navlari. Biz faqat Rossiya bozorini o‘ylamasligimiz kerak, vaziyat ham har xil bo‘lyapti, endi Yevropaga chiqib borish kerak. Hukumatimiz ham shunga e’tibor beryapti.

Kishmish, toifi, Rizamat ota, husayni uzum navlari respublikamizning 90-95 foiz uzumchiligida bor. Bu navlar yo‘q bo‘lmaydi, chunki ichki bozor va qo‘shni mamlakatlar yaxshi tortadi bu navlarni. Lekin Yevropa uchun boshqacha navlarni ko‘paytirishimiz kerak.

Vaqtli pishadigan shaftolilarimiz bor, bu yil 45 mingdan sotildi o‘shalar. Ko‘chati bir yilda mevaga kiradi. Oluvchilar xursand bo‘ladi.

2013 yilda AQShga bordim. U yerda fermer, dehqonlar bilan tanishdik. Bodomzorlarni ko‘rdik, qarasam, zo‘r mevalagan bodomlar. Keyin qanday navligini so‘radim, Xudoyorxon davrida o‘zimizdan olib borilgan bodom ekan. O‘sha bodom navini izlab topdim, serhosil, juda shirin, archilishi oson bodom ekan. Hozir ko‘pchilik shuning ko‘chatdan olyapti.

Bulardan tashqari, shaftoli, o‘rik, tut, gilos kabi meva ko‘chatlar bor. Har xil nav, biri erta pishadi, biri kechpishar. Bo‘tasimon goji daraxtini ham olib kelganmiz, juda shifobaxsh bo‘ladi. Qondagi zararli moddalarni ketkazib, davolaydi. Ko‘chatini sotyapmiz hozir, har bir xonadonda bo‘lishi kerak bunday shifobaxsh daraxt”, – deydi Abdulvohid Mirzajonov

Sarvar Ziyoyev, Kun.uz
Montaj ustasi: Nuriddin Nursaidov

Mavzuga oid