BMT G‘azo sektoriga insonparvarlik yordamini kengaytirishga chaqirdi
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Yaqin Sharqdagi falastinlik qochqinlarga yordam berish agentligi rahbarining aytishicha, hozirgi yordam darajasi «misli ko‘rilmagan ehtiyojlarni» qondira olmaydi.
BMTning Yaqin Sharqdagi falastinlik qochqinlarga yordam ko‘rsatish agentligi (UNRWA) rahbari Filipp Lazarini 30 oktyabr, dushanba kuni «misli ko‘rilmagan insonparvarlik ehtiyojlarini»qondirish uchun G‘azo sektoriga insonparvarlik yordami oqimini oshirishga chaqirdi.
Lazarini BMT Xavfsizlik kengashining favqulodda yig‘ilishida: «Yordam oqimini mazmunli qilish va misli ko‘rilmagan insonparvarlik ehtiyojlarini qondirish uchun siyosiy iroda bo‘lmasa, G‘azoga yordam yetkazilishiga imkon beruvchi mavjud tizim barbod bo‘lishga mahkum» dedi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, G‘azo sektori aholisiga «boshqa tinch aholi vakillari kabi munosabatda bo‘lishmayapti». «Ular dunyo hammasini HAMAS bilan tenglashtirganini his qilmoqda. Bu xavfli. Biz buni avvalgi mojarolar va inqirozlardan ham yaxshi bilamiz. Butun aholi insoniylikdan mahrum bo‘lgan», - deya ta’kidladi UNRWA rahbari. U sektorda sodir bo‘layotgan voqealarni falastinliklarning «jamoaviy jazosi» deb atadi va halok bo‘lganlarning 70 foizi ayollar va bolalar ekanini aytdi.
Yonilg‘i yetishmasligi suv ta’minotiga ta’sir qiladi
BMT ma’lumotlariga ko‘ra, G‘azo sektoridagi jiddiy yonilg‘i tanqisligi allaqachon suv ta’minotiga ta’sir ko‘rsatmoqda. «Birgina tuzsizlantirish qurilmasining o‘zi atigi besh foiz quvvat bilan ishlamoqda, G‘azo sektoridagi barcha oltita suv tozalash inshooti yonilg‘i va elektr quvvati taqchilligi tufayli hozirda ishlamayapti», — dedi YUNISEF ijrochi direktori Ketrin Rassel.
YUNISEF rahbari yana Xavfsizlik kengashini tomonlarga o‘z majburiyatlarini eslatuvchi va humanitar yordamdan to‘siqsiz foydalanishga imkon beruvchi o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha rezolyutsiyani zudlik bilan qabul qilishga chaqirdi.
O‘tgan hafta The New York Times gazetasining yozishicha, g‘azoliklar oziq-ovqat va suv tanqisligiga duch kelgan bo‘lsa-da, HAMAS harakati uch-to‘rt oy davom etadigan janglar uchun yetarli oziq-ovqat va yuz minglab litr yonilg‘iga ega bo‘lishi mumkin.
Isroil-Falastin mojarosi
7 oktyabr kuni ertalab HAMASning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi.
HAMASning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan.
Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida HAMASga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi.
Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri 8 mingdan ortiq falastinlik va 1400 nafar isroillik halok bo‘ldi.
Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.
BMT Bosh assambleyasi zudlik bilan humanitar otashkesimga chaqirdi. Shu bilan birga, Iordaniya taklif qilgan rezolyutsiya uchun 120 davlat ovoz berdi. Biroq Isroil bu taklifni rad etdi.
Mavzuga oid
21:30 / 23.11.2024
COP29: Boy davlatlar iqlimni moliyalashtirishni oshirishga rozi bo‘ldi
17:39 / 23.11.2024
2024 yilda gumanitar yordam xodimlari o‘limi bo‘yicha rekord o‘rnatildi – BMT
07:50 / 22.11.2024
BMT RFning Dniproga ballistik raketa zarbasidan xavotirda
15:22 / 21.11.2024