O‘zbekiston | 16:07 / 31.10.2023
10984
2 daqiqa o‘qiladi

“Isroilda 10,5 mingdan ortiq o‘zbekistonlik bor, Falastin bo‘yicha ma’lumotimiz yo‘q” – O‘zbekiston TIV

Isroildagi 10 mingdan ziyod O‘zbekiston fuqarolarining aksariyati u yerda qariyalarga qarab, ishlaydi. Ularning ko‘pchiligi moddiy sharoiti tufayli qaytishni xohlamayapti, degan O‘zbekiston TIV rasmiysi. Falastinda qancha o‘zbekistonlik borligi haqida esa, aniq ma’lumot yo‘q. 

Foto: Reuters

30 oktabr kuni Oliy Majlis Senatining Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasining yig‘ilishida Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Bahromjon A’loyev vazirlikning 2023 yilning birinchi yarim yilligida amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha axborot berdi. TIV rasmiysi, shuningdek, Isroil-Hamas mojarosi hududidagi o‘zbekistonliklar haqida ham ma’lumot berdi.

“Bizdagi ma’lumotlarga ko‘ra, Isroilda 10,5 mingdan ziyod O‘zbekiston fuqarolari yashaydi. Ularning aksariyati, Samarqand viloyatidan. Fuqarolarimizning 95 foizdan ortig‘i Isroildagi qariyalarga xizmat ko‘rsatadi. Ushbu mojarolar boshlangach, Isroildagi O‘zbekiston elchixonasi fuqarolarimiz bilan yaqindan, doimiy aloqada bo‘lib turibdi.

Isroilda o‘qiyotgan 70 nafar talabalarimiz vatanga qaytarildi. Shundan SamDUdan borgan 6 nafar talabamiz qaytishni xohlamadi, hozir ular bilan ham ishlar olib borilyapti, imkon bo‘lsa qaytaramiz.

O‘zbekiston havo yo‘llari [Isroilga] haftasiga 3 ta reysni amalga oshiryapti. Xohlaydiganlar qaytyapti, lekin ko‘pchilik ishlagani borganlar qaytmoqchi emas. Ochig‘ini aytish kerak, chunki ular qarzlar olib ketishgan, ishlamasa bo‘lmaydi. Moddiy sharoit tufayli shu yerda ishlashga tayyor.

Biz diplomatlarimizning oilalarini ham O‘zbekistonga qaytardik. Hozir 5 nafar diplomatimiz o‘z faoliyatini olib boryapti.

Falastinda esa qancha o‘zbekistonlik borligi haqida bizda aniq ma’lumot yo‘q. Ba’zi bizdagi ma’lumotlarga tayanib aytishim mumkinki, u yerga turmushga chiqqan ba’zi ayollarimiz bo‘lishi mumkin”, — degan vazir o‘rinbosari Bahromjon A’loyev.

Mavzuga oid