Jahon | 21:20 / 01.11.2023
25415
13 daqiqa o‘qiladi

Ko‘cha janglari, tankli «pona»lar, lagerga aviazarba - G‘azodagi yerusti operatsiyasi haqida nimalar ma’lum?

Isroilning G‘azo sektoridagi quruqlikdan operatsiyasi sekin-asta faollashmoqda. Isroil armiyasi anklavga beshta yo‘nalishdan hujum qilmoqda, ekspertlar G‘azoga og‘ir texnikaga ega uchta zarbdor guruh kiritilganini aytishmoqda. Yopirilma raketa va aviatsiya zarbalari bilan yo‘g‘rilgan qaqshatkich janglar kechmoqda.

Isroil armiyasi askarlari G‘azo sektorida. Foto: TsAXAL

Reydlar davomida hujum qilayotgan tomonning yo‘qotishlari haqida dastlabki ma’lumotlar ham paydo bo‘la boshladi. Isroil esa G‘azo shimolidagi qochqinlar lageriga zarba bergan va natijada o‘nlab odamlar halok bo‘lgan. Republic shu soatga kelib Yaqin Sharqda vaziyat qay ahvolda ekanini tahlil qildi.

Havodan va yerdan hujum

Isroil armiyasi (TsAHAL)ning janubiy qo‘mondonligi rahbari general-mayor Yaron Finkelman 31 oktyabr kuni G‘azo sektorida harakat qilayotgan harbiylarga qarata qilgan murojaatida «qo‘shin hujumga o‘tgani, uning maqsadi HAMAS va G‘azodagi terrorchilik guruhlarini yo‘q qilish» ekanini aytgan. «Bizning maqsadimiz bitta — g‘alaba. Biz tor ko‘chalarda, tunnellarda, qayerda zarur bo‘lsa o‘sha yerda jang olib boramiz. Biz qarshimizdagi qo‘rqinchli dushmanga zarba beramiz», — degan Finkelman.

So‘nggi sutka ichida TsAHAL 300 dan ortiq nishon, jumladan, HAMASning operativ shtabi, turli yerosti infratuzilmalari, jumladan, ko‘plab tunnellarni vayron qilgan. Reuters’ning yozishicha, zarba berilgan nishonlar orasida HAMASning shaxta ostidagi tanklarga qarshi raketalar va raketa uchiruvchi qurilmalari postlari bo‘lgan. Isroil mudofaa armiyasi shuningdek, G‘azo ko‘chalaridagi janglarning videosini ham e’lon qilgan.

Axios portali baholashicha, Isroil quruqlikdan hujumning boshlang‘ich bosqichida anklavga 20 ming harbiy kiritgan. Hozir u yerda TsAHALning kamida ikkita zirhli tank va piyodalar diviziyasi bor. Qayd etilishicha, Isroil armiyasi uchta zarbdor guruh shakllantirgan, unga tanklar, boshqa zirhli texnikalar, shuningdek, artilleriya kiradi. Ular chegaradagi «Erez» nazorat-o‘tkazish punkti va anklav shimolidagi Dugit aholi punktidan, shuningdek, janubiy-sharqiy qismdagi Kfar-Darom turargohi tomonidan (G‘azo sektorining qoq belidan) bostirib kirishgan. Isroil armiyasi rahbariyati TsAHAL garchi jiddiy yo‘qotishlarga uchrayotgan bo‘lsa ham G‘azo sektorida «katta» muvaffaqiyatlar qozonganini aytishmoqda.

Isroil armiyasining G‘azoga bostirib kirishi. Ko‘k rang bilan TsAHALning asosiy zarba «pona»lari ajratib ko‘rsatilgan. Foto: OSINT-tahlilchilar

Jabaliya qochqinlar lageriga zarba

O‘tgan tunda juda ko‘p tinch aholi jon saqlayotgan, zich qurilgan Jabaliya lageriga berilgan aviazarba tafsilotlari oshkor bo‘ldi. Isroil avvaliga zarba natijasida hamaschilarning yerosti bunkerlari va tunellari qulagani, «ko‘p sonli terrorchilar halok bo‘lgani»ni aytib chiqdi. Biroq voqea joyida tushirilgan foto va videokadrlardan ko‘rinishicha, Jabaliyada ko‘plab binolar vayron qilingan, odamlar vayronalar ostidan o‘lganlar va tirik qolganlarni qidirish bilan ovora. Qurbonlarning aniq soni ma’lum emas, biroq g‘arb nashrlari hisoblashicha, voqea joyida kamida 47 kishining jasadi topilgan.

Isroil armiyasi spikeri Jonatan Konrikus zarba nishoni HAMAS brigadirlaridan biri, 7 oktyabr kuni Isroilga hujumni rejalashtirishda qatnashgan Ibrohim Biariy bo‘lganini ma’lum qildi. Press-attashening ta’kidlashicha, zarba yerosti tunnellariga berilgan, biroq ular qulaganidan so‘ng uning ustidagi binolar ham qulagan. Konrikus bundan qochib bo‘lmaganini aytib, Isroil mudofaa armiyasi hozir «yo‘ldosh ziyonlar», ya’ni qurbon bo‘lgan tinch aholi haqidagi axborotni tahlil qilayotganini qo‘shimcha qilgan. Isroil armiyasining yana bir vakili Richard Xext bu zarbani «urush fojiasi» deb atagan va tinch aholi ortida berkinib olgan HAMAS jangchilarini ayblagan.

Jabaliyadagi qochqinlar lageriga zarba oqibatlari
Anas al-Shareef / Reuters / Scanpix / LETA

Jabaliyaga berilgan zarbadan so‘ng AQSh va boshqa g‘arb davlatlarining vakillari yana tinch aholi o‘rtasida qurbonlar bo‘lmasligi choralarini ko‘rish haqida gapira boshlashdi. Tel-Avivning ittifoqchilari G‘azoda to‘liq aloqa uzilgani va gumanitar yordam yetkazish hajmini oshirish kerakligiga ishora qilishgan. So‘nggi sutka ichida Misrdan G‘azoga tinch aholi uchun yuklar ortilgan 66 ta yuk mashinasi kirib borgan, bu urush boshlanganidan buyon eng katta ko‘rsatkich. Biroq, g‘azoliklar o‘tkir ehtiyoj sezayotgan yonilg‘ini hozircha Isroil o‘tkazmayapti.

Jabaliya — G‘azodagi sakkizta qochqinlar lagerining eng yirigi, u 1,4 kilometr kvadrat maydonga ega. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yil iyulida u yerda 116 ming falastinlik qochqinlar ro‘yxatdan o‘tgan. Lagerda oltita maktab, oziq-ovqat tarqatish va tibbiyot punktlari bor.

Proksi urush elemenlari, qochqinlar va garovdagilar bo‘yicha muzokaralar

TsAHAL bir vaqtning o‘zida «Hizbulloh» guruhi harakat qilayotgan Livanning janubiy hududlariga ham zarbalar bermoqda. Yamanlik husiychilar ham Isroildagi obektlarga zarba berishni boshlagani va yadroviy reaktor joylashgan Dimon shahridagi yadroviy tadqiqot markaziga zarba berish bilan tahdid qilgani haqida xabarlar paydo bo‘ldi. Yamandagi husiychilar rasmiy hokimiyatda emas. Bu Eronning mamlakatdagi fuqarolar urushida ishtirok etayotgan proksi guruhi. Saudiya Arabistoni harbiy havo kuchlari ham husiychilar bilan to‘qnashuv ortidan to‘liq jangovar tayyorgarlik holatiga keltirib qo‘yildi.

O‘z navbatida Misr qochqinlarning nazoratdan chiqib ketishi mumkin bo‘lgan to‘lqinidan xavfsirab, G‘azo sektori chegarasidagi «Rafah» nazorat-o‘tkazish punkti yaqinida o‘nlab tanklar va zirhli mashinalarni joylashtirdi, deb xabar beradi The Times of Israel. «Rafah» — Misr va G‘azo o‘rtasidagi yagona chegara punkti bo‘lib, u bugundan anklavdagi yaralanganlar va og‘ir ahvoldagi bemorlar, shuningdek, xorijliklar hamda qo‘shfuqarolikka ega falastinliklar uchun ochildi.

Isroil milliy xavfsizlik kengashi rahbari Tsaxi Hanegbining ta’kidlashicha, qo‘shinni intensiv janglar va yo‘qotishlar kutib turibdi va yerusti operatsiyasi juda og‘ir bo‘ladi. U shuningdek, operatsiya natijasida HAMAS tomonidan garovga olinganlar ozod etilishiga umid bildirgan, biroq asirdagilarni tinch yo‘l bilan qaytarish istiqbollari yo‘qligini aytib o‘tgan.

Bloomberg agentligining yozishicha, AQSh va Isroil agar HAMAS anklavdan siqib chiqarilishiga muvaffaq bo‘linsa G‘azo sektorini boshqarishning bir necha variantini ko‘rib chiqmoqda. Takliflar orasida amerikalik harbiylar ishtirokida ko‘pmillatli kuchlar tashkil qilish, 1979 yilgi Misr-Isroil sulh shartnomasining bajarilishini nazorat qilayotgan tinchlikparvar kuchlar kabi qo‘shin shakllantirish yoki G‘azo sektori BMT tomonidan vaqtinchalik nazorat qilinishi.

Yaqin Sharqdagi mojaro eskalatsiyasi va uning ehtimolli oqibatlari

HAMAS 7 oktyabr kuni Isroilga hujum qildi. Shundan buyon Isroil tomoni ma’lumotlariga ko‘ra, 1400 nafar tinch aholi vakillari o‘ldirilgan, 200 dan ortig‘i garovga olingan. HAMASning ta’kidlashicha, uch haftadan ziyod vaqtdan buyon berilayotgan takroriy zarbalar oqibatida 8 mingdan ortiq falastinlik o‘ldirilgan. 27 oktyabr kuni Isroil mudofaa armiyasi G‘azo sektorida o‘tkazilayotgan operatsiyasini kengaytirishini e’lon qildi.

30 oktyabr kuni hukumat yig‘ilishida bosh vazir Binyamin Netanyahu urushning uchinchi bosqichi boshlanganini e’lon qildi. «Birinchi bosqich — HAMASni bloklash yakunlandi. Ikkinchi bosqich — ularga havodan turib zarba berish davom etaveradi. Uchinchi bosqich — Isroil mudofaa armiyasi o‘zining G‘azo sektoriga quruqlikdan bostirib kirishini kengaytirdi. Bu ishni qo‘shin o‘lchangan va juda katta qadamlar bilan amalga oshirmoqda va qadamma-qadam siljimoqda», — degan u.

Shaharga berilgan zarbadan jabrlangan g‘azoliklar. Foto: Naaman Omar/Keystone Press Agency/Global Look Press

Eron prezidenti Ibrohim Raisiy bunga javoban Isroil barchani «qarshi chora ko‘rish»ga majburlashi mumkin bo‘lgan «qizil chiziq»ni bosib o‘tganini aytdi: «Vashington bizdan aralashmaslikni so‘ramoqda, o‘zi esa Isroilga keng ko‘lamli yordam qo‘lini cho‘zmoqda. AQSh «Qarshilik o‘qi» davlatlariga signal jo‘natishdi, biroq jang maydonida aniq javobni olishdi». «Qarshilik o‘q»iga Eron, Suriya va Yaqin Sharqdagi HAMAS doxil mintaqadagi amerika-isroil ta’siriga qarshi turuvchi boshqa kuchlar kiradi. AQSh hukumati Eron va boshqalarni Isroilning HAMASga qarshi urushiga aralashmaslikka chaqirib kelmoqda.

Turkiyada Falastinni qo‘llab yirik miqyosli mitinglar bo‘lib o‘tdi va unda prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘an g‘arb davlatlarini Yaqin Sharqdagi vaziyatni keskinlashtirishda ayblab, Isroilni «harbiy jinoyatchi» deb e’lon qilishini va’da qildi. U Isroilni «bosqinchi», «tashkilot» deb atadi shuningdek g‘arb tomon savol bilan yuzlandi: «Sizlar xoch va yarimoy o‘rtasida urush bo‘lishini istaysizlarmi?» Bu gaplarga javoban Tel-Aviv Turkiyadan o‘z diplomatlarini chaqirib olishini e’lon qildi.

Qizil xoch G‘azodagi gumanitar vaziyatni «fojiali tanazzul» deb atadi va harbiy harakatlarni zudlik bilan to‘xtatib, insonparvarlik yordamlari yetkazishga chaqirdi. «Yopirilma bombalash sharoitida G‘azoning tinch aholisi harakatlanish uchun xavfsiz joy topa olmayotganiga toqat qilib bo‘lmaydi, harbiy qamal sharoitida adekvat gumanitar ta’sir ko‘rsatish imkonsiz. Bu fojiali tanazzul, bunga dunyo ahli aslo toqat qilib turmasligi kerak», — deyiladi Xalqaro qizil xoch qo‘mitasi vakili Miryana Spolyarichning bayonotida.

AQSh va Buyuk Britani doxil g‘arb davlatlari mintaqada bo‘lib turgan o‘z fuqarolari xavfsizligini o‘ylab, shuningdek, vaziyatning kelgusida yanada keskinlashishidan xavotirlangan holda Yaqin Sharqqa o‘z qo‘shinlarini jo‘nata boshlashdi. Xususan, Pentagon Iroq, Suriya, Kuvayt, Iordaniya, Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklaridagi qo‘shinlarini himoyalash uchun mintaqada 10 ta raketaga qarshi mudofaa tizimlarini yoymoqchi. AQSh mudofaa vazirligi spikeri Patrik Rayderning xabar berishicha, Yaqin Sharqqa Milliy gvardiyaning F-16 samolyotlariga ega 119-ekspeditsiyali qiruvchi aviaotryadi tashlangan. Avvalroq AQSh mudofaa vaziri Lloyd Ostin mintaqaga THAAD aksilraketa majmualari, Patriot zenit raketa majmualarining qo‘shimcha batalyonlari jo‘natilayotganini aytgan edi.

Bloomberg Economics tahlilchilari mintaqada avval bo‘lib o‘tgan mojarolarga tayanib, Yaqin Sharqdagi voqealar rivoji va iqtisodiy oqibatlarining uch ehtimolli ssenariysini tasvirlab o‘tishdi. Ekspertlar so‘zlariga ko‘ra, qaysi ssenariydan borishmasin, jahonni murakkab davrlar kutmoqda — neft qimmatlashishi, iqtisodiyotlar o‘sishi sekinlashuvi va yuqori inflatsiya. Farq faqat muammolar ko‘lamida bo‘ladi. Eng negativ prognoz — Isroil va HAMAS o‘rtasigi mojaro Eronga qarshi urushga aylanib ketishiga bog‘liq. Bu holatda neft narxi barreliga 150 dollargacha ko‘tariladi, jahon iqtisodiyoti retsessiya tomon sho‘ng‘iydi, global inflatsiya esa 7 foizgacha sakraydi. 

Mavzuga oid