Jahon | 09:05 / 02.11.2023
6623
3 daqiqa o‘qiladi

London sudi: Rossiya 60 mlrd dollar bo‘yicha bahsda daxlsizlikdan foydalana olmaydi

London sudining qaroriga ko‘ra, Rossiya YuKOS aksiyadorlariga tovon to‘lamaslik uchun daxlsizlik haqida shikoyat qilishga haqli emas. Ushbu qaror sobiq neft konserni aksiyadorlarining pul olish yo‘lidagi to‘siqlardan birini olib tashladi.

Foto: RIA Novosti

Londondagi Oliy sudning 1 noyabr, chorshanba kungi qaroriga ko‘ra, Rossiya sobiq YuKOS neft konserni aksiyadorlaridan Haaga arbitraj qarori asosida tovon puli undirilishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun davlat immunitetidan foydalana olmaydi.

Sud bu qarorni Rossiyaning o‘zi avvalroq ish Haagadagi xalqaro arbitrajda ko‘rib chiqilishiga rozi bo‘lgani bilan asosladi.

Qaror YuKOSning uchta sobiq aksiyadori - Yukos Universal, Hulley Enterprises va Veteran Petroleum’ning pul olishi bo‘yicha to‘siqlardan birini olib tashlaydi, ammo ularning arbitraj qarorini ijro etishga urinishlari hozircha muvaffaqiyatsiz va bu uzoq yillar davom etishi mumkin. Reuters agentligining ta’kidlashicha, ular pulni ko‘rishdan oldin sud jarayoni yillab cho‘zilishi ehtimoli bor.

Ko‘p milliard dollarlik kompensatsiya 

Yukos Universal, Hulley Enterprises va Veteran Petroleum kompaniyalariga 2014 yilda Haaga arbitraji qarori bilan 50 milliard dollardan ortiq pul o‘tkazilishi kerak bo‘lgan. Hakamlik sudining xulosasiga ko‘ra, Rossiya ushbu konsern sobiq egasi Mixail Xodorkovskiyni qamoqqa jo‘natgandan so‘ng, «hiylalar» yordamida YuKOSning «yomon ekspropriatsiyasi»ni amalga oshirgan. 

O‘shandan beri uchta kompaniya Buyuk Britaniya, AQSh va Niderlandiyada Rossiyadan ushbu summani majburan undirishga urinib ko‘rdi, hozir esa mablag‘ miqdori 60 milliard dollargacha ko‘tarildi. 

Oktyabr oyida bo‘lib o‘tgan sud majlisida Rossiya arbitraj yurisdiksiyasiga bo‘ysunishga rozi bo‘lmaganini bildirib, kompensatsiya to‘lashdan bosh tortdi, shuningdek, nizo, unga ko‘ra, hali Niderlandiya sudlari tomonidan yakuniy ko‘rib chiqilmagan. Moskva har qanday holatda ham pul to‘lash niyati yo‘qligini bildirmoqda. 2020 yil dekabr oyida Rossiya Federatsiyasi Konstitutsiyaviy sudi unga ushbu kompensatsiyani to‘lamaslikka ruxsat berdi. 

Mavzuga oid