O‘zbekiston | 17:59 / 03.11.2023
9208
13 daqiqa o‘qiladi

Farmatsevtika, alkogol va tamaki mahsulotlari bozorlarida yashirin iqtisodiyot: oqibatlar, sabablar va qisqartirish choralari

Iqtisodiy rivojlanishga ko‘maklashish markazi tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotga ko‘ra, so‘nggi yillarda alkogol va tamaki mahsulotlari yashirin aylanmasi oshgan.

Ekspert baholashlariga ko‘ra, farmatsevtika sektorida yashirin aylanma nisbatan arzimas bo‘lib, umumiy farmatsevtika mahsuloti aylanmasining 5-12% doirasida o‘zgarib turadi.

Alkogol mahsuloti bozorlarida yashirin aylanma etil spirti va kuchli spirtli ichimliklar ishlab chiqarish va sotish segmentida keng tarqalgan. Ekspert baholashlariga ko‘ra, bu segmentlarda yashirin aylanma 15 dan 35%gacha diapazonda o‘zgarib turadi. Bunda keyingi paytlarda yashirin aylanma ulushining o‘sishi kuzatilmoqda.

Sigaretlar bozorida esa, aksincha, reprezentativ miqdoriy tadqiqotlar muntazam o‘tkaziladi, 2021 yildan boshlab noqonuniy sigaret aylanmasi ulushi uzluksiz va jadal o‘sib bormoqda. Agar 2020 yil sentabr oyida u umumiy bozor hajmining 4,3% ni tashkil qilgan bo‘lsa, 2022 iyulda – 14,9%, 2023 yil iyul oyiga kelib esa, naq 24,8% ni tashkil qilgan. E’tiborlisi, yashirin aylanma amalda mutlaqo kontrabandadan iboratdir.

 O‘zbekistonda qonuniy va noqonuniy sigaret savdosining nisbati, tabiiy sotuvlar hajmidan foizlarda, %da, 2013-2023 yillar.

Yashirin aylanma tufayli yuzaga keladigan tahdidlar va yo‘qotishlar

Mazkur bozorlarda yashirin aylanmaning mavjudligi va kengayishi iste’molchilar, iqtisodiyot va davlat uchun salmoqli tahdidlar va yo‘qotishlarga ega:

  • Sifatsiz, ayrim hollarda salomatlik va hayot uchun xavfli mahsulotlarni ishlatishdan iste’molchilar salomatligiga va hayotiga tahdidlar. Birinchi navbatda bu farmatsevtik mahsulotlarga taalluqli, lekin alkogolli ichimliklar va tamaki mahsulotlari ham bundan xoli emas.
  • Kontrabanda bozordan mahalliy ishlab chiqaruvchilar mahsulotlarini siqib chiqaradi, bu tegishli va yondosh iqtisodiyot tarmoqlarida ishlab chiqarish va bandlik darajasiga; mahalliy ishlab chiqaruvchilar ishlab chiqarish quvvatlari to‘laqonli ishlashiga va mahsulot tannarxiga; noqonuniy import ulushi yuqori bo‘lgan tarmoqlarning investitsion jozibadorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
  • Kontrabanda va yashirin aylanma – jinoyatlar, jumladan korrupsiya kuchayishining eng muhim sababi va omilidir, chunki ko‘p hollarda ular jinoiy guruhlar tomonidan, davlat amaldorlarining yo homiyligida yoki indamay roziligi ostida amalga oshiriladi.
  • Davlat budjeti yashirin aylanmadan yaqqol yo‘qotishlarga uchraydi. Ma’ruza mualliflari baholashlariga ko‘ra, 2023 yilda birgina sigaret bozorida aksiz va QQS bo‘yicha budjet yo‘qotishlari 1 trln so‘m – rejalashtirilgan budjetning 0,43% ni tashkil qildi. Kuchli spirtli ichimliklarga belgilangan aksiz va QQS to‘liq olinmaganligidan bunday yo‘qotish (yashirin bozor hajmi yuzasidan eng konservativ baholashlarga ko‘ra) – 550 mlrd so‘m yoki budjetga rejalashtirilgan tushumning 0,24 foizi.

Uchta tadqiq qilinayotgan tarmoqda yashirin aylanma mavjudligi va kengayishining sabablarini sifatida bir nechta omillar tilga olinadi.

Soliq yuklamasi

Agar 2020 yil yanvarda mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun sigaretlarga aksiz 1000 donasi uchun 141 500 so‘m + zavod narxidan 9% bo‘lgan bo‘lsa, 2023 y. fevraldan boshlab 223 850 so‘m + zavod narxidan 10%ni tashkil qildi. Aksiz atigi uch yil ichida 60% dan ko‘proqqa o‘sganligini hisoblash qiyin emas. Bunday o‘sish, ma’lumki, inflatsiya sur’atlaridan ancha yuqori bo‘lib, pandemiya tufayli aholining xarid qobiliyati pasayishi sharoitida sodir bo‘lmoqda. Uning natijasi o‘laroq, qonuniy va noqonuniy (kontrabanda) mahsulot chakana narxlari o‘rtasida keskin tafovut va tegishlicha yashirin aylanmaning 4% dan 25%ga ko‘tarilib ketishi ro‘y berdi. Noqonuniy ish ko‘ruvchilar to‘lamaydigan egri soliqlar (aksiz va QQS) qonuniy sotilayotgan mahalliy sigaretlar narxlarining 45-50%ini tashkil qiladi.

Mahalliy filtrli sigaretlar va “Milano” kontrabanda sigareti misolida qonuniy va noqonuniy sigaretlar chakana narxlaridagi tafovut.

Keyingi yillarda etil spirti va kuchli alkogol ichimliklariga aksiz solig‘i stavkalari sezilarli oshdi.

Agar 2020 yilda 1 litr 40 darajali aroq uchun 9800 so‘m aksiz to‘lash kerak bo‘lgan bo‘lsa, 2023 yilda 15 200 so‘m to‘lanadigan bo‘ldi. Ikki yilda o‘sish 55,1% ni tashkil qildi. Solishtirish uchun – shu vaqt mobaynida pivo uchun aksiz 1170 dan 1550 so‘mga, ya’ni 32,5% ga o‘sdi.

 2023 yil 1 yanvardan oziq-ovqat etil spirtiga aksiz solig‘ining besh barobar o‘sishi kuzatildi: 1 litri uchun 1490 so‘mdan 7450 so‘mgacha. Bu spirtli mahsulotlar tannarxi oshishiga olib keldi va yashirin aylanmani rag‘batlantirmoqda.

Bu hisob-kitoblar egri soliqlar (aksiz va QQS)ning kuchli spirtli ichimliklarning yakuniy narxidagi taxminiy ulushini baholash imkonini beradi – 45% atrofida. Ushbu soliqlar to‘lanmaydigan yashirin sektor borligi hisobga olinganda, bu ancha yuqori ko‘rsatkichdir.

Bojxona to‘lovlari va bojlar bilan tartibga solish

Alkogol va sigaret kontrabandasiga yana importga yuqori bojxona to‘lovlari ham qo‘llovchi omil bo‘ladi. Keyingi yillarda ular sezilarli kamayganiga qaramay, bojxona-soliq yuklamasi hali ham qonuniy import alkogoli va sigaretini anchayin kuchli qimmatlashtiradi.

Hisob-kitoblar ko‘rsatishicha, sigaretlar bo‘yicha importga soliq-bojxona yuklamasi, o‘xshash mahalliy mahsulotga bo‘lgan 45%ga nisbatan 58,5%ni tashkil qiladi.

Alkogol mahsuloti importchilari mahalliy ishlab chiqaruvchilarga qaraganda sezilarli darajada katta aksiz to‘laydilar:

  • etil spirtiga: 1 litr uchun 7 450 so‘mga nisbatan 70%,
  • kuchli spirtli ichimliklarga – 1 litr etil spirti uchun 38 000 so‘mga nisbatan 106 800 so‘m,
  • natural mahsulotlarga – 1 litr uchun 1 (bir) so‘mga nisbatan 30 000 so‘m,
  • boshqa turdagi vinolarga – 1 litr uchun 2200 so‘mga nisbatan 42 750 so‘m,
  • pivoga – 1 litr uchun 1550 so‘mga nisbatan 50% lekin kamida 12 800 so‘m.

Bundan tashqari, alkogol importchilari bojxona qiymatining 30 foizi, lekin 1 litr uchun kamida 1 dollar miqdorida boj to‘laydilar.

Alkogol va ayniqsa, tamaki mahsulotlari kontrabandasi o‘sishiga xizmat qiluvchi muhim omil 2018 yildan boshlab O‘zbekiston hududi orqali tashib o‘tiladigan tranzit alkogol va tamaki mahsulotlari uchun depozit (aksiz summasi)ni kiritish qoidasining bekor qilinishi bo‘ldi. Ushbu talabning mavjud emasligi kontrabandachilarga bu tranzitni turli vajlar bilan uzib qo‘yish imkonini bermoqda. “Uzilgan tranzit” vaziyati qo‘shni mamlakatlar bojxona va chegara xizmatlari bilan yaqqol kontrabanda belgilariga ega sigaretlarni tranzit tashishni orqaga qaytarish, taqiqlash imkonini beradigan shartnomalar yo‘qligi bilan yanada chuqur tus oladi.

Narx-navoni tartibga solish va ma’muriy taqiqlar

Chegaraviy savdo ustamalari va referent narxlarni qo‘llash orqali davlat farmatsevtika mahsulotida bozor narxi shakllantirilishiga faol aralashadi. Oqibatda farmatsevtika mahsuloti tanqisligi yuzaga kelishi, kontrabanda va yashirin aylanma yuzaga kelishi uchun sharoit yaratiladi. Jumladan, chegaraviy savdo ustamalari ko‘p hollarda harakatlanish, omborda saqlash, tashish, soliqlarni to‘lash va boshqa savdo tadbirlariga qilinadigan hamma xarajatlarni qoplash uchun yetarli bo‘lmaydi.

Minimal ulgurji-chiqarish va chakana narxlarni belgilash orqali alkogol mahsulotlari aylanmasini tartibga solish amaliyoti ham yashirin tarmoq o‘sishiga ko‘maklashmoqda. Bu narxlar inflatsiya va aholining daromadlari oshishiga qaraganda anchayin jadal o‘smoqda va bu bilan iste’molchilarni nisbatan arzon bo‘lgan noqonuniy alkogolni sotib olishga undab, ishlab chiqaruvchilarni xarajatlar va narxni pasaytirish hisobiga raqobat qilish imkoniyatini cheklamoqda.

Mahalliy korxonalarning chet elda ishlab chiqarilgan oziq-ovqat etil spirtidan foydalanib alkogol mahsuloti ishlab chiqarishiga bo‘lgan amaldagi taqiq etil spirti bozoridagi raqobatni sun’iy chegaralaydi, bu ham tannarxga, ham yakuniy mahsulot sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi, shuningdek biznesni “yashirinish”ga undaydi.

Farmatsevtika mahsulotlarini ro‘yxatdan o‘tkazishdagi muammolar

2017 yilga qadar, asosan erkin konvertatsiya mavjud emasligi tufayli, farmatsevtika mahsuloti kontrabandasi nihoyatda katta bo‘lgan. Hozir u minimal darajada: konvertatsiya bilan muammolar yo‘q va bojxona to‘lovlaridan qochish ham ma’noga ega emas, chunki aksariyat farmatsevtika mahsulotlari uchun bojlar nolga teng, barcha tayyor dori vositalari, jumladan import QQSdan ozod qilingan. Shu sababli kontrabanda sezilarli pasaydi.

Nega baribir kontrabanda saqlanib qoldi? Farmatsevtika mahsulotining tanqisligi va kontrabandasining asosiy sababi – narxlar yuqoriligi va uni ro‘yxatdan o‘tkazishdagi sa’y-harakatlar va sarf-xarajatlar kattaligi. Ro‘yxatdan o‘tkazish (ayniqsa importchilar uchun) shunchalik serxarajatki, sotuvlar hajmi katta bo‘lmasa, ro‘yxatdan o‘tkazish va qonuniy olib kirishda umuman ma’no qolmaydi. Rasman, ro‘yxatdan o‘tkazish importchiga bir nom uchun 10-15 ming AQSh dollariga tushadi. Bu jahonga mashhur ishlab chiqaruvchilarning butun dunyoda tanilgan, turli instansiyalar tomonidan muntazam ravishda tekshirilib, qayta tekshirib turiladigan va sifat hamda xavfsizlik borasida barcha zaruriy hujjatlarga ega tovarlariga ham taalluqli.

Shu bilan birga, tasdiqlangan ro‘yxatdagi mamlakatlarda ro‘yxatdan o‘tilganlikni tan olishning mavjud mexanizmi ro‘yxatdan o‘tkazish taomilini sezilarli arzonlashtirish va jadallashtirish imkonini beradi. Ammo, ro‘yxatga oluvchi organning qadoq maketi kelib chiquvchi mamlakat tilida ro‘yxatga olinishi borasidagi talablari tufayli bu mexanizm juda sust ishlaydi. Chunki bunda ushbu preparatlar ishlab chiqaruvchi mamlakat tilidagi qadoqda sotiladi. Ishlab chiqaruvchilar bunday qadoqda ular ko‘p mahsulot sota olmasliklarini tushunadilar va ushbu mexanizmdan foydalanishni rad etadilar.

Haddan ortiq talablar, yuqori narx, tibbiy tovarlarni ro‘yxatdan o‘tkazishdagi qog‘ozbozlik nafaqat importchilar uchun, balki mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun ham biznes yuritishdagi to‘siq sanaladi. Jumladan, klinik amaliyotda uzoq davrdan buyon ma’lum dorilarni klinik sinovdan o‘tkazish talabini olsak, u tartibga solish amaliyoti rivojlangan mamlakatlarda mavjud emas.

Xo‘sh, buning oldini olish uchun qanday kurashish mumkin?

-         2024 va 2025 yillarda etil spirti, kuchli alkogol va sigaretga aksiz solig‘i stavkalarini oshirishga moratoriy belgilash. Keyingi yillarda stavkalarning inflatsiya darajasidan oshmaydigan indeksatsiyasini yuritish. Sigaretlarga aksizning advalor tarkibidan voz kechish.

-         Alkogol ichimliklari va tamaki mahsulotlariga bojxona to‘lovlarini pasaytirish borasida keyingi yillarda kuzatilayotgan trendni davom ettirish: muntazam ravishda mahalliy tovarlar va import uchun aksizlarni birxillashtirish, shuningdek bojxona bojlari stavkalarini kamaytirish.

-         Chegaraviy narxlar va chegaraviy savdo ustamalarini belgilash orqali farmatsevtika va alkogol mahsulotlari uchun narx shakllanishini ma’muriy tartibga solishdan voz kechish.

-         Farmatsevtika mahsulotlarini ro‘yxatdan o‘tkazish taomilini soddalashtirish, narxini pasaytirish, ortiqcha (xalqaro amaliyotda bo‘lmagan) talablardan voz kechish, muddatini qisqartirish.

-         O‘zbekiston hududidan tranzit olib o‘tiladigan alkogol va tamaki mahsulotlari uchun ta’minot to‘lovi (bojxona to‘lovlari summasiga teng) summasini O‘zbekiston Respublikasi bojxona organlari depozit hisobiga kiritish qoidasini qayta tiklash.

-         Qo‘shni mamlakatlar bilan chegaralarda nazoratni kuchaytirish, qo‘shni mamlakatlarning tegishli xizmatlari bilan hamkorlikni va oldini olish choralarini muvofiqlashtirishni yaxshilash, ulgurji savdo obektlari va omborlarda, uyushgan va uyushmagan chakana savdo joylarida nazorat tadbirlarini o‘tkazish, ko‘rilayotgan choralar va erishilgan natijalarni ommaviy axborot vositalarida keng yoritish bo‘yicha qo‘shimcha choralar qo‘llash ijobiy natijalarga sabab bo‘ladi.


Materialning to‘liq matni rus tilida ushbu havola orqali mavjud 👉 HAVOLA

Mavzuga oid