Jahon | 21:43 / 03.11.2023
41949
6 daqiqa o‘qiladi

«Hizbulloh» yetakchisi Isroil va HAMAS urushi boshlanganidan buyon ilk bor chiqish qildi

Hasan Nasrulloh HAMAS Isroilga hujumni oldindan hech kim bilan kelishmaganini aytdi. U «ikkinchi front» ochilishini e’lon qilishi taxmin qilingandi, ammo u «ikkinchi front» allaqachon ochilganini aytdi.

Ahmed Saad / Reuters / Scanpix / LETA

Livandagi «Hizbulloh» harakati yetakchisi Hasan Nasrulloh bayonot bilan chiqish qildi — bu uning Isroil va HAMAS o‘rtasida urush boshlangan 7 oktyabrdan buyon ilk bayonoti bo‘ldi. U «HAMASdagi birodarlar»ning harakatlarini olqishladi, shu bilan birga guruh Isroilga hujum qilishdan oldin o‘z rejalarini «Hizbulloh» bilan bo‘lishmagani va bu «100 foizga falastinlarning o‘zining operatsiyasi» bo‘lganini ta’kidladi.

Ayrim tahlilchilar Nasrulloh o‘zining oldindan shov-shuv bilan anons qilingan chiqishida Livan hududidan turib Isroilga qarshi keng ko‘lamli harbiy harakatlar boshlanishi haqida e’lon qilishini kutgandi, ammo u bunday qilmadi. U «Hizbulloh» HAMASning Isroilga qarshi urushiga 8 oktyabr kuni, urush boshlangan kunning ertasigayoq qo‘shilganini aytdi.

Hasan Nasrulloh yana nimalar dedi?

Livandagi radikal guruh rahbari HAMASni maqtagan va G‘azodagi urush uchun mas’uliyatni AQSh zimmasiga yuklab, Isroilni «shunchaki qatl quroli» deb atagan.

Qo‘shma Shtatlar «o‘t ochishni va tajovuzni to‘xtatish»ga qarshilik ko‘rsatmoqda, deya qo‘shimcha qilgan Nasrulloh.

«Ushbu shonli, keng ko‘lamli amaliyot xavfsizlik, harbiy ishlar, siyosat, diplomatiya va hatto psixologik jihatdan zilzila keltirib chiqardi, - degan Hasan Nasrulloh. - U chuqur strategik oqibatlarga ega bo‘ladi».

«Hizbulloh» yetakchisi «G‘azo sektoridagi shahidlarning oilalari»ga hamdardlik bildirgan va Yaman va Iroqdagi HAMASning Isroilga qarshi urushiga qo‘shilganini e’lon qilgan guruhlarning harakatlarini olqishlagan.

Nasrulloh «Hizbulloh» jangni 8 oktyabr kuni, HAMAS kutilmaganda Isroilga hujum qilganining ertasiga boshlaganini bildirgan.

U Livan chegarasi bo‘ylab isroillik kuchlar bilan har kungi otishmalarni «1948 yildan buyon misli ko‘rilmagan» deb atagan.

«Chegarada bo‘layotgan voqealar kamtarona ko‘rinishi mumkin, ammo u juda muhim ahamiyatga ega.

Biz har kuni isroillik askarlar, tanklar va dronlarga hujum qilmoqdamiz. Biz haqiqiy janglarga qo‘shilganmiz. Shahidlarimiz ham — 57 nafar — buni tasdiqlaydi, — degan Nasrulloh. — Bizning chegaradagi amaliyotimiz Isroil armiyasini G‘azo va G‘arbiy sohildan kuchlar va qurollarni Livan frontiga tashlashga majbur qiladi».

U shuningdek neft eksport qiluvchi arab mamlakatlarini Isroilga mahsulot yetkazib berishni to‘xtatishga chaqirgan. 

«Qoralash to‘g‘risidagi bayonotlar yetarli emas, dushman tuzilmasi bilan munosabatlarni uzish va ushbu tuzilmaga neft va boshqa mahsulotlar yetkazib berishni to‘xtatish kerak.

G‘azoning Isroilga qarshi urushdagi g‘alabasi Eron yoki „Musulmon birodarlar“ning g‘alabasi bo‘lmaydi. Bu birinchi navbatda falastinliklar uchun, shuningdek, Misr, Iordaniya, Suriya va Livan uchun ham vatanparvarlik g‘alabasi bo‘ladi», — degan Nasrulloh HAMASni qo‘llab-quvvatlash arab davlatlarining «burchi» ekanini ta’kidlab.

«Hizbulloh» – Livandagi yirik siyosiy harbiy kuch hisoblanadi. AQSh va G‘arbning boshqa davlatlari uni terrorchilik tashkiloti sifatida tan olgan.

Ayni vaqtda «Hizbulloh» jangarilari Livan-Isroil chegarasidagi isroillik harbiylarga hujumlar uyushtirmoqda va Isroil hududini o‘qqa tutmoqda. TsAHAL ham bunga javoban guruh pozitsiyalari bo‘ylab aviazarbalar yo‘lladi. Isroil mudofaa armiyasi Livan bilan chegaradagi qo‘shinlar sonini ko‘paytirgan.

To‘qnashuvlar shiddatli tus olib borayotgandi, ammo shu kunga qadar «Hizbulloh» rasman HAMAS tomonida turib Isroilga qarshi urushga qo‘shildi, deb hisoblanmasdi. Barchasi Hasan Nasrullohning ancha vaqtdan buyon kutilgan chiqishidan keyin o‘zgarishi mumkin edi, ammo Livandagi guruh mojarodagi ishtiroki darajasini oshirishga tayyor emasligi oydinlashdi.

Tutqich bermas Nasrulloh

Hasan Nasrullohning joylashuvi o‘ta maxfiy tutiladi. Isroil maxsus xizmatlari mavjud imkoniyatlariga qaramay uni kuzata olmaydi.

Livandagi shia ekstremistik guruhi yetakchisining juma kungi murojaati oldindan yozib olingandi va mamlakat televideniyesidagi barcha kanallar orqali namoyish etildi.

«Hizbulloh» o‘ziga xos bo‘lmagan tarzda Nasrulloh ishtirokidagi bir necha dramatik roliklarni namoyish qilish bilan birga efirdan bir necha kun oldin uning chiqishi haqida anons berdi.

Ekspertlar taxmin qilishicha, shu tariqa guruh Isroil bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri to‘qnashuv boshlanishi mumkinligidan xavotirga tushayotgan livanliklarni tinchlantirishni maqsad qilgan.

Ayrmi so‘rovlarga ko‘ra, aholining katta qismi «Hizbulloh» to‘liq iqtisodiy tanazzul chog‘ida hukmron siyosiy va harbiy kuch sifatida namoyon bo‘lishidan norozi va guruh Livanni navbatdagi mojaroga tortishini istamaydi.

Hasan Nasrulloh nozik chiziq bo‘ylab harakatlanishi talab etiladi: bir tomondan HAMASga har tomonlama yordam ko‘rsatish va boshqa tomondan mamlakat ichida qarama-qarshiliklarga yo‘l qo‘ymaslik.

Mavzuga oid