Jahon | 15:43 / 06.11.2023
16701
7 daqiqa o‘qiladi

Donbassdagi ukrain artilleriyachilari va Liman ostonasidagi rus tanklari. Urush suratlari

Ukrainadagi urushning 620-kuni o‘tdi. Asosiy ma’lumotlar:

  • Ukrainalik harbiylar Kerchdagi «Zaliv» zavodiga zarba yo‘llanishi oqibatida Rossiya harbiy kemasi shikastlangani haqida xabar berdi. RF mudofaa vazirligi kemasozlik zavodi qanotli raketalar bilan o‘qqa tutilganini tasdiqlagan. Sun’iy yo‘ldosh orqali olingan tasvirlarda zarba kelib tushgan joy va shikastlangan harbiy kema aks etgan.
  • Zaporijjya oblastida Rossiya qo‘shini 128-alohida tog‘-shturm brigadasining artilleriyachilarni taqdirlash marosimi uchun to‘planib turgan harbiylari ustiga raketa tashladi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, 19 harbiy halok bo‘lgan, yana o‘nlab harbiylar yaralangan.
  • The Times of Israel Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Isroilga borishni rejalashtirgani, ammo ma’lumot sizib chiqqani tufayli safar taqdiri savol ostida qolgani haqida xabar berdi.
  • Frontda odessalik Yuriy Glodan halok bo‘ldi. 2022 yil aprelida u rafiqasi va qizi Rossiyaning raketa zarbasidan halok bo‘lganidan keyin Ukraina qurolli kuchlari safiga qo‘shilgandi.
  • Volodimir Zelenskiy yana bir bor Rossiya bilan urush oldinroq Ukraina QK bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniy aytganidek «boshi berk ko‘chaga kirib qolmagani»ni ma’lum qildi.

Xerson oblastida Rossiya vayron qilgan Posad-Pokrovske qishlog‘i

Posad-Pokrovske — Xerson va Mikolayiv oblastlari chegarasida joylashgan qishloq, 2001 yilgi hisob-kitoblarga ko‘ra bu yerda ikki yarim ming atrofida kishi yashagan. Qishloq keng ko‘lamli bosqinning ilk kunlaridayoq rossiyalik harbiylar tomonidan okkupatsiya qilinadi, o‘shanda ularning mobil guruhlari Mikolayivning o‘ziga qadar yetib borgandi. 2022 yil 20 martida Rossiya qo‘shini yoppasiga olib ketilayotgan va Ukraina qurolli kuchlarining qarshi hujumi boshlangan mahalda Posad-Pokrovske ham ozod etiladi, ammo u okkupatsiya vaqtida jiddiy shikastlangan, aholining ko‘p qismi Mikolyiv tomonga ketgandi. CNN jurnalistlari 2022 yil martida qishloqni «yashash uchun yaroqsiz» deb ataydi: o‘shanda, nashr ma’lumotiga ko‘ra, Posad-Pokrovskeda faqat bitta butun bino qolgandi, bu yerda gaz quvuri ham portlatilgandi.

2023 yil martida qishloqqa Volodimir Zelenskiy keladi (DW ma’lumotiga ko‘ra, o‘shanda Ukraina prezidentini mahalliy aholi vakillari bo‘lgan 400 ga yaqin kishi qarshi oladi). 2023 yil aprelida Ukraina bosh vaziri Denis Shmigal Posad-Pokrovske tajribaviy loyiha doirasida tiklanadigan oltita aholi yashash manzili ro‘yxatiga kiritilganini e’lon qiladi — «kompleks va yangi prinsiplar bo‘yicha». Tajribaning mohiyati shundaki, vayron bo‘lgan mazkur olti aholi punktida har bir shikastlangan obekt alohida ta’mirlanmaydi — ular to‘liq qayta quriladi, infratuzilmalar va turar joylar modernizatsiya qilinadi. Ammo hali oldinda qiladigan ishlar ko‘p.

Posad-Pokrovskeda yashovchi kishi vaqtincha modul uy oldida. 2022 yil iyuliga kelib qishloqda 328 ta shunday uylar o‘rnatilgandi — ularni Ukrainaga Shvetsiya yetkazib bergan
Roman Pilipey / AFP / Scanpix / LETA
Vayron bo‘lgan madaniyat uyidagi bola. Binoning faqat fasad qismini qoldirish rejalashtirilmoqda — rejaga ko‘ra, u qishloq markazida Rossiya tajovuzini eslatib turishi uchun qoldiriladi. Posad-Pokrovskeda yangi madaniyat markazi quriladi.
Roman Pilipey / AFP / Scanpix / LETA
Mahalliy qabristonda snaryad hosil qilgan o‘ra
Roman Pilipey / AFP / Scanpix / LETA
Vayron qilingan madaniyat uyidagi konsert zali. 1985 yilda qurilgan binoda urushga qadar turli to‘garak va seksiyalar ishlagan. 2022 yil 23 fevral kuni bu yerda 8 mart kungi konsert repetitsiyasi o‘tkazilgandi.
Roman Pilipey / AFP / Scanpix / LETA
Posad-Pokrovskedagi qishloq ibodatxonasi
Roman Pilipey / AFP / Scanpix / LETA

Donetsk oblastidagi ukrain artilleriyachilari

 

Donetsk oblastida RF qurolli kuchlari Donetsk yaqinidagi Avdiyivka shahrini qurshab olishga yoki undan ukrainlarning 15 ming kishilik garnizonini siqib chiqarishga qaratilgan harakatlarini davom ettirdi.

Buyuk Britaniya mudofaa vazirligiga ko‘ra, yurish qilayotgan kuchlar ochiq hudud bo‘ylab harakatlanishga majbur bo‘lmoqda va bu katta yo‘qotishlarni keltirib chiqarmoqda. Britaniya razvedkasiga ko‘ra, so‘nggi uch haftada Rossiya Avdiyivka shturmida 200 ta zirhli texnika yo‘qotgan, shu tufayli yurishda asosan piyodalardan foydalanishga o‘tgan. Buyuk Britaniya mudofaa vazirligi hisobotiga ko‘ra, 2023 yil oktyabr oyi boshidan buyon RF qurolli kuchlari Avdiyivka atrofida bir necha ming jangchisidan ayrilgan.

Quyidagi suratlar Donetsk oblastida olingan — ukrain artilleriyachilarning aniq joylashuvi ko‘rsatilmagan.

Ukrain harbiylari 152-millimetr kalibrli 2A36 «Giatsint-B» to‘pidan otishga tayyorlanmoqda
Alina Smutko / Reuters / Scanpix / LETA
Ukraina QK artilleriyachilari rossiyaliklar pozitsiyalari bo‘ylab o‘t ochmoqda. Qurilma maskirovka to‘ri bilan pana qilingan
Alina Smutko / Reuters / Scanpix / LETA
Ukraina QK artilleriya qismining 45 yoshli komandiri Oleksandr mobil telefon yordamida zarbani nishonga to‘g‘rilamoqda
Alina Smutko / Reuters / Scanpix / LETA

RF qurolli kuchlarining Liman yaqinidagi tanklari

Liman — okkupatsiya ostidagi Donetsk shahridan taxminan yuz kilometr shimoldagi strategik muhim shahar hisoblanadi, bu yerda yirik temiryo‘l tuguni joylashgan, shuningdek, Shimoliy Don orqali o‘tadigan ko‘priklarga chiqish mumkin.

2022 yil 28 may kuni Rossiya Liman egallanganini e’lon qilgandi, 30 sentabr kuni esa shahar soxta referendumlardan keyin DXR tarkibida anneksiya qilindi. Ammo bir kun o‘tib Ukraina qurolli kuchlari uni ozod etadi. Liman Ukraina nazoratiga qaytarilgach, Rossiya qo‘shini shaharni o‘qqa tutib kelmoqda.

RF qurolli kuchlarining T-80 tanklari Liman yaqinida
Stanislav Krasilnikov / Sputnik / IMAGO / SNA / Scanpix / LETA
Rossiyalik harbiylar T-80 tankidan o‘t ochishmoqda
Stanislav Krasilnikov / Sputnik / IMAGO / SNA / Scanpix / LETA
Tank ichidagi rossiyalik harbiy xizmatchi
Stanislav Krasilnikov / Sputnik / IMAGO / SNA / Scanpix / LETA

Mavzuga oid