Frontdagi vaziyat umidsiz emas – Zelenskiy
Zelenskiy, shuningdek, G‘arb davlatlari o‘ziga bosim o‘tkazayotgani, Rossiya bilan muzokara boshlashga majbur qilayotganini rad etdi.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniyning Economist jurnalidagi frontdagi vaziyat boshi berk ko‘chaga kirib qolgani haqidagi maqolasiga munosabat bildirdi. Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, vaziyatni turg‘unlik deb ta’riflash noo‘rin.
«Bu umidsiz vaziyat emas, — degan prezident Kiyevda Yevrokomissiya rahbari Ursula fon del Lyayyen bilan matbuot anjumanida. — Rossiya osmonni nazorat qilmoqda. Biz o‘z harbiylarimiz hayotini asrayapmiz. Biz Rossiya kabi o‘z odamlarimizni «yem bo‘lish» uchun shunchaki oldinga tashlamoqchi emasmiz»
Zelenskiy vaziyatni, jumladan G‘arb davlatlari Ukrainaga berishga rozi bo‘lgan F-16 qiruvchi samolyotlari yordamida o‘zgartirish mumkinligini ta’kidlagan.
«Buni qanday yengish mumkin? F-16 samolyotlari bo‘yicha yechim bor. Endi yigitlarimiz uni boshqarishni o‘rganishini, keyin qaytib kelishini kutishimiz kerak. Frontda havo hujumidan mudofaa tizimi mavjud bo‘lganda, harbiylar oldinga o‘tadi va texnikadan foydalanadi. Bu uzoq jarayon, tezkor yechimlar ham bor, lekin ular qanaydir kosmik, texnologik emas», — dedi Ukraina prezidenti.
Zalujniy esa Economist uchun maqolasida F-16 samolyotlari ayni vaqtda frontda muvaffaqiyatni ta’minlay olmasligi, ukrain harbiylarining oldinga yurishiga minalangan maydonlar hamda texnikalar yetkazib berilishi sekin kechayotgani to‘sqinlik qilayotganini ta’kidlagandi.
Zalujniy yozdagi qarshi hujum davomida ukrain qo‘shini atigi 17 kilometrga yura olganini keltirgandi.
Zelenskiy esa o‘tgan yili ham Ukraina umidsiz vaziyatga tushib qolgani haqida gaplar bo‘lganini eslatgan. «Bir nechta harbiy hiyla va Xarkiv oblasti ozod qilindi, buni esga olishingiz mumkin», — degan prezident.
«Taslim bo‘lishga haqqimiz yo‘q. Muqobili nima? — deya savol qo‘yadi Zelenskiy. — Davlatimizning uchdan bir qismini berishimiz kerakmi? Axir bu faqat boshlanishi bo‘ladi-ku. Biz «muzlatilgan» mojaro nima ekanini bilamiz, allaqachon o‘zimiz uchun xulosalar chiqarganmiz».
U g‘arblik hamkorlar bilan «havo hujumidan mudofaa bo‘yicha ko‘proq ishlash, osmonni to‘sish», shuningdek «jangchilarga hujum operatsiyalarini amalga oshirish imkoniyatini berish»ga chaqirgan.
Avvalroq Zelenskiy Time jurnalida shov-shuvli maqola chiqargan jurnalist Saymon Shusterga bergan intervyusida Ukraina g‘alabasiga «u kabi ishonuvchi boshqa hech kim yo‘qligi»ni aytgandi. Xuddi o‘sha maqolada Ukraina harbiy strategiyasi o‘zgarishi, shuningdek, kamida bitta vazir hamda yuqori martabali general ishdan bo‘shatilishi prognoz qilingandi.
3 noyabr kuni Zelenskiy o‘z farmoni bilan Ukraina Qurolli kuchlari Maxsus operatsiyalar kuchlari qo‘mondoni Viktor Xorenkoni ishdan oldi va uning o‘rniga Sergey Lupanchukni tayinladi. Keyinroq ma’lum bo‘lishicha, bu qaror mudofaa vaziri Rustem Umerovning taklifi bilan, ammo Valeriy Zalujniyning tegishli hujjatisiz qabul qilingan.
«Yangi natijalarni kutamiz», — degan Zelenskiy Ukraina maxsus operatsiyalar kuchlariga yangi qo‘mondon tayinlangani haqida.
1 noyabr kuni The Economist jurnalida Ukraina Qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniyning intervyusi e’lon qilindi. Nashrning savollariga javob berar ekan, u Rossiya bilan urush «boshi berk ko‘chaga kirib qolgani» va Ukrainaning hujumi pozitsion urushga aylanib qolishi, u ko‘p yillar davom etishi mumkinligini aytgan edi.
Rossiya bilan muzokaralar? NBC News jurnalistlari nimalar yozgan
Ursula fon der Lyayyen bilan matbuot anjumani davomida Zelenskiy g‘arb matbuotining g‘arblik hamkorlar Rossiya bilan muzokaralar boshlash uchun unga bosim o‘tkazayotgani haqida tarqatgan xabarlar yuzasidan ham bilvosita izoh berdi.
4 noyabr kuni kuni Amerikaning NBC News telekanali amerikalik ikki yuqori martabali mulozimga (hozirgi va sobiq) tayangan holda, AQSh va YeI vakillari Ukraina bilan Rossiyaga qarshi harbiy harakatlarni to‘xtatishga qaratilgan tinchlik muzokaralari o‘tkazish imkoniyatini muhokama qila boshlaganini xabar qilgandi.
NBC News ma’lumotiga ko‘ra, shunday «nozik» muhokamalarning bir qismi oktyabr oyida, 50 dan ortiq davlat vakillarini o‘z ichiga olgan Ukraina mudofaasi bo‘yicha aloqa guruhi (shunday birinchi uchrashuv o‘tkazilgan Germaniyadagi harbiy baza sharafiga «Ramshtayn» formati deb nom olgan) yig‘ilishi doirasida bo‘lib o‘tgan.
Amerika telekanali suhbatdoshlariga ko‘ra, bu suhbatlarda Ukraina kelishuvga erishish uchun nimalardan voz kechishiga to‘g‘ri kelishi mumkinligi ham muhokama qilingan.
O‘z navbatida, mulozimlarning ta’kidlashicha, NATO Rossiyani takroriy bosqindan qaytaradigan ayrim xavfsizlik kafolatlarini taqdim etishga tayyor, deb xabar bergan NBC News.
Telekanal manbalariga ko‘ra, bunday muhokamalar AQSh va Yevropa davlatlarining urush boshi berk ko‘chaga kirib qolgani va Ukrainaga yordam berishda davom eta olmasliklaridan xavotirlanayotgani fonida boshlangan.
Maqolada aytilishicha, AQSh prezidenti Jo Baydenning ma’muriyatidagilar Ukrainaning kuch-quvvati tugab borayotgani, bu vaqtda esa Rossiyaning kuchi «tuganmasdek ko‘rinayotgani»dan xavotirda.
Isroil va HAMAS urushi dunyoning e’tiborini Ukrainadan chalg‘itmoqda
AQSh hukumati, shuningdek, HAMASning Isroilga hujumidan keyin Ukrainadagi urush e’tibordan chetda qolishi va bu Kiyev uchun qo‘shimcha yordam ma’qullanishini qiyinlashtirishi mumkinligidan ham tashvishlanmoqda, deb xabar bergan NBC News manbalari.
Shu bilan birga, Bayden ma’muriyati Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukraina bilan muzokaralarga tayyor ekanining hech qanday belgilarini ko‘rmayapti, deb davom etadi mualliflar.
Manbalarga ko‘ra, g‘arblik mulozimlar Putin g‘arb mamlakatlari Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatishni bas qilishigacha yoki bunday yordam ular uchun juda qimmatga tusha boshlaguncha urushni davom ettirib, payt poylamoqchi degan fikrda.
AQShdagilar Ukrainani muzokaralarga undaganini qat’iyan rad etib, bu kabi muhokamalarga umuman o‘rin yo‘qligini ta’kidlagan.
Zelenskiy ham shanba kuni bu mavzuda to‘xtalib o‘tdi.
«Mening munosabatimni hamma biladi, bu Ukraina jamiyatining munosabati bilan mos keladi. Bugun hech kim menga bosim o‘tkazmayapti. Bularning barchasi urush boshida va urushdan oldin sodir bo‘lgan. Bugun Yevropa Ittifoqi yoki AQSh rahbarlaridan hech kim bosim o‘tkazmayapti», — dedi Ukraina rahbari.
«Biz hozir Rossiya bilan o‘tirib, gaplashib, unga nimadir berishimiz – bu bo‘lmaydi», — deya qayd etgan u.
Shu bilan birga, Zelenskiy Isroilning HAMASga qarshi urushi xalqaro hamjamiyat e’tiborini o‘zgartirayotgani va Ukrainani biroz orqa planga surayotganini tan olgan.
«Yaqin Sharqdagi urush, bu mojaro fokusni o‘ziga qraatayotgani tushunarli. Men RFning maqsadlaridan biri shu edi deb o‘ylayman. Endi biz Ukrainaga e’tibor kamayishini tushunamiz. Va bu fakt. Va biz buni natijalarda ham ko‘ramiz», — degan Ukraina prezidenti.
Ammo u bu vaziyatni o‘zgartirish mumkinligiga ishonch bildirgan va «Ukrainaga umuman e’tibor berilmagan paytlar eng qiyin vaziyat bo‘lgani»ni eslagan.
Mavzuga oid
13:12
Kursk oblastida yashovchi 46 kishi Ukrainadan qaytib keldi
11:31
AFP: Ukraina Kursk oblastidan qo‘shinlarini olib chiqish niyatida emas
07:54
Ukraina Jahon bankidan deyarli 5 mlrd dollar oladi
20:12 / 22.11.2024